Yozuvchi, tadbirkor va prezident

Atamboyev 1956 yil 17 sentyabrda Frunze oblasti Voroshilov rayoni Arashon ovulida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Moskvadagi Sergo Orjonikidze nomidagi Boshqaruv universitetiga o‘qishga kirib, uni muhandis-iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. Qirg‘izistonga qaytgan Atamboyev aloqa vazirligida ish boshlaydi.

1983 yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilinadi va Qirg‘iziston Oliy Sovetida muharrir va referant sifatida ish boshlaydi. 1987 yil Frunze (hozirgi Bishkek) shahridagi Birinchi may rayoni rayispolkomiga o‘rinbosar etib tayinlanadi. 1989 yilda o‘z vazifasidan ketadi va tadbirkorlikni boshlaydi. Shu tariqa, 2004 yilgacha turli kompaniyalarda muvaffaqiyat bilan ishlagan Atamboyev Qirg‘izistonning eng boy 100 odami safiga kiradi.

Atamboyev siyosatga 1995 yilda yilda Qirg‘iziston parlamenti Jo‘qorg‘u Keneshiga deputat etib saylanib, kirib keladi. 2000 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘yib, 3-o‘rinni egallaydi.

2005 yilda «Lola inqilobi» amalga oshirilgach, Qirg‘izistonda mamlakat rahbari almashadi va Atamboyev avvaliga sanoat vaziri, so‘ng savdo va sayyohlik vaziri bo‘lib ishlaydi. Bu orada 2007 yil 30 martdan 2007 yil 28 noyabrgacha mamlakat bosh vaziri sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. 2010 yilda ro‘y bergan namoyishlardan keyin qisqa muddat muvaqqat hukumatda iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari vazifasida ishlaydi.

2010 yilda u yana mamlakat bosh vaziri bo‘lish uchun o‘z nomzodini qo‘yadi, ammo parlament tasdig‘idan o‘ta olmaydi. O‘sha yili dekabr oyiga kelib bosh vazir o‘rinbosari bo‘ladi. 2011 yilda Atamboyev Qirg‘iziston prezidenti saylovida uchinchi marta o‘z nomzodini qo‘yadi va saylovning birinchi turidayoq mutlaq ko‘pchilikning ovozini olib, Qirg‘iziston prezidenti etib saylanadi. U vaqtda Qirg‘izistonda prezidentik muddati 6 yil etib belgilangan va bir kishi mamlakatni faqat bir muddat boshqarishi haqida qonun qabul qilingan edi. Shunga ko‘ra, Atamboyev ham Qirg‘izistonni rosa 6 yil boshqardi va 2017 yilda yangi saylangan prezident Sooronbay Jeenbekovga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi. Shu tariqa, Atamboyev Markaziy Osiyo prezidentlari orasida o‘z lavozimini belgilangan muddatgacha boshqarib tark etgan ilk rahbarga aylanadi.

Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston qahramoni va yana ko‘plab orden va medallariga sazovor bo‘lgan. Cud undan unvon va medallarini olib qo‘ydi.

U prezidentlikdan ketgach yangi prezidentni ayrim masalalarda tanqid qila boshlaydi. Shundan so‘ng Atamboyev va unga yaqin odamlar birin-ketin mahkamaga jalb qilinadi. Jumladan, sobiq bosh vazirlar Sapar Isakov va Jantoro Satibaldiyev (ikkisi ham hibsda), sobiq bosh prokuror Aida Salyanova (salomatligi va farzandining yagona boquvchisi bo‘lgani uchun uy qamog‘iga hukm qilingan), sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Dinara Saginbayeva, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Shamil Ataxanov va boshqalarga nisbatan jinoiy ishlar ochiladi.