O‘zbekiston | 19:15 / 13.07.2020
12034
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun OTB va OIIBdan 200 mln dollar qarz olmoqda

13 iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov videokonferensaloqa orqali Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsugu Asakava bilan muzokara o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Vazirlik xabaridan ma'lum bo‘lishicha, hukumat sog‘liqni sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish va jihozlash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 100 mln dollar miqdorida kredit oladi.

OTB prezidenti ushbu qarz joriy yilning avgust oyi boshida ma'qullanishi kutilayotganini aytgan.

Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish uchun birgalikda moliyalashtirish asosida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 100 mln dollarlik mablag‘lari jalb etiladi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Eslatib o‘tamiz, 7 iyul kuni joriy inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun OTB tomonidan O‘zbekistonga 500 mln dollar imtiyozli kredit ajratilishi bo‘yicha tegishli bitimlar imzolandi. O‘zbekiston tomonidan bitimga Moliya vaziri Timur Ishmetov imzo chekdi.

11 iyul kuni esa qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun Jahon bankidan 500 mln dollar qarz olish bo‘yicha bitimlar imzolandi. O‘zbekiston tomonidan hujjatlarga Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov imzo chekdi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning dastlabki 4 oyi davomida O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 692 mln dollarga oshib, 25,1 milliard dollarga yetgan edi.

Mavzuga oid