Jahon | 02:18 / 14.07.2020
4769
2 daqiqa o‘qiladi

Tokioda o‘z ixtiyori bilan ishini to‘xtatgan tungi klub va barlarga hukumat pul to‘laydi

Foto: iStock

Faoliyatini to‘xtatgan muassasalarga 500 ming iyen (4670 dollar) pul beriladi.

O‘tgan hafta oxirida Tokioda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 224ta holat qayd etildi. Bu pandemiya boshlanganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, ushbu holatlarning 80 foizi 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida aniqlangan.

Tokioda 12 iyul holatiga kasallikka chalinganlar soni 7721 nafarni tashkil etmoqda. Bu butun mamlakatdagi holatlarning uchdan bir qismidan ko‘proqni tashkil etadi. Ammo hukumat muassasalarni yoppasiga yopishni rejalashtirmayapti.

The Guardian nashrining yozishicha, shahar rahbariyatida muassasalarni majburan yopishga vakolat yo‘q. Shu bois shahar hokimiyati o‘z ixtiyori bilan faoliyatini to‘xtatib turgan muassasalarga subsidiya to‘lashga va'da berdi. O‘n kun yoki undan ortiq vaqt davomida ishini to‘xtatgan tungi klublar 500 ming iyen olishi mumkin.

Tokioda pandemiya sababli joriy etilgan favqulodda holat 7 apreldan 25 maygacha amal qildi. So‘ngra Yaponiya hukumati cheklovlarni yumshatishga qaror qildi.

Mavzuga oid