Yevropa istiqbollari va xavfsizligi instituti (IPSE) prezidenti Emmanuel Dyupyuining so‘zlariga ko‘ra, Makron O‘rta yer dengizida «yangi Yevropa hikoyasini yaratish»ga urinmoqda. Uning Bayrutdagi portlashdan so‘ng Livanga qilgan tashrifi ham O‘rta yer dengizi kun tartibiga burilish nuqtasi – yangi «Fransiya hikoyasi» sifatida kirmoqda.

Xo‘sh, NATO alyansida AQSh va Britaniyadan keyingi uchinchi yadro kuchiga ega bo‘lgan va Yevropa Ittifoqida Germaniyadan keyin ikkinchi yirik iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan Fransiya G‘arb mudofaasida «flagman» rolini o‘ynay oladimi?

Istanbuldagi Yeditepe universiteti professori, huquq fanlari doktori Mesut Haqqi Jasin «Anado‘lu» agentligida e'lon qilingan maqolasida O‘rta yer dengizida Turkiya va Fransiya o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat tafsilotlari haqida yozdi.

Fransiya iqtisodiyotidagi pandemik halokat
Fransiyada iqtisodiyot 2020 yilning birinchi choragida 5,3 foizga qisqardi. Epidemiya tufayli ishdan bo‘shatish holatlari ortdi. Milliardlab yevrolik yordam ko‘rsatilishiga qaramay, ayniqsa, aviatsiya va avtomobilsozlik sohasida o‘n minglab xizmatchilar ishdan bo‘shatilishi e'lon qilindi. Birgina Airbus kompaniyasining o‘zi koronavirus epidemiyasi oqibatida 2021 yilning yoziga qadar jami 15 ming, kompaniyaning Fransiyadagi faoliyatidan esa 5 ming xodim ishdan bo‘shatilishini ma'lum qildi. Air France-KLM ham ulkan miqyosli qisqartirishlarga tayyorlanmoqda. Kompaniya 2022 yil oxiriga qadar 7 ming 500 nafar ishchisidan voz kechishi haqida xabar berdi. Sub-sanoatda e'lon qilingan ish o‘rinlarini qisqartirish esa Air France va Airbus’dagidan ham ancha ko‘p.

Harbiy kuch parametrlari nuqtayi nazaridan tahlil qilinsa, 2019 yildagi NATO ittifoqdosh armiyalarining kuch salohiyatiga ko‘ra, AQShning mudofaa budjeti 686,1 milliard dollar va 1 million 281 ming 900 faol xodimdan iborat. Parij mudofaasi budjeti esa 50,1 milliard dollarni tashkil qiladi, faol harbiy xizmatchilar soni 203 ming 750 nafar.

Makron: «NATOda miya falaji sodir bo‘ldi»
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron NATOning vazifasi va ahamiyatini shubha ostiga qo‘yuvchi bayonotlar berdi va unga ittifoq a'zolari tomonidan munosabat bildirildi. AQShning epidemiyaga qarshi kurashi va prezidentlik saylovlarini noto‘g‘ri o‘qigan Makronning «NATOda miya o‘limi sodir bo‘ldi» degan bayonotiga Donald Tramp «hurmatsizlarcha» javob qaytardi. Makronning «AQSh, Xitoy va Rossiyadan himoyalanish uchun Yevropa o‘z armiyasini tuzishi kerakligi» haqidagi taklifini ham Tramp «juda sharmandali» deb ta'rifladi.