Tramp Baydenga qarshi: Prezidentlik kampaniyasi fakt va raqamlarda
AQShda prezidentlik kampaniyasi yakuniga yetishiga bir hafta vaqt qoldi. 3 noyabr kuni saylovchilar o‘zlari tanlagan nomzod uchun ovoz berishadi. Saylov kampaniyasiga kim qancha mablag‘ sarfladi, kimning imkoniyati yuqori?
AQSh prezidentligi va vitse-prezidentligiga nomzodlar
Respublikachilar
Donald Tramp – prezidentlikka nomzod, 74 yoshda
Maykl Pens - vitse-prezidentlikka nomzod, 61 yoshda
Demokratlar
Jo Bayden – prezidentlikka nomzod, 77 yoshda
Kamala Xarris - vitse-prezidentlikka nomzod, 56 yoshda
Bu yilgi saylovning o‘ziga xos xususiyatlari
Koronavirus epidemiyasi bois amerikaliklarning aksariyat qismi pochta orqali ovoz berishi kutilmoqda. Ovoz berishga bir hafta qolganida 50 milliondan ortiq saylovchi ana shunday yo‘l tutdi. Ayrim shtatlarda ariza bilan pochta orqali ovoz berish mumkin, ayrimlarida esa byulleten joylangan xatjildlar barcha saylovchilarga jo‘natilmoqda, qanday tarzda ovoz berishni esa saylovchilarning o‘zlari hal qiladi.
Pochta orqali ovoz berish sababli saylovning yakuniy natijalari kechikishi mumkin. Bunday tarzda berilgan ovozlarni sanash qiyinchilik tug‘diradi. Birinchidan, ayrim shtatlarda qisqa muddat ichida barcha xatjildlarni ochib ko‘rish uchun infratuzilma yo‘q yoki xodimlar yetarli emas. Bundan tashqari, ba'zi shtatlar qonunchiligiga ko‘ra, pochta orqali berilgan ovozlarni ovoz berish kunidan oldin hisoblash mumkin emas.
Nomzodlarning saylovoldi va'dalari
Iqtisodiyot
Tramp
- Kompaniyalar daromadiga solinadigan soliqlar miqdorini pasaytirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish
- AQShning xorijdagi ishlab chiqarishlarini mamlakatga qaytarish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlarini kiritish
- Biznes, xususan, energetika sohasida muvofiqlashtirish choralarini liberallashtirish
- Yangi prezidentlik muddatining dastlabki 10 oyi ichida 10 mln ish o‘rni yaratish
Bayden
- Yillik daromadi 400 ming dollardan oshadigan uy xo‘jaliklari va korporatsiyalar uchun soliq miqdorini oshirish
- Minimal ish haqi miqdorini soatiga 15 dollargacha ko‘tarish
- Infratuzilmani yangilash uchun o‘n yil davomida 1,5 trln dollar ajratish
- Ish o‘rinlarini AQShga qaytarish uchun choralar ko‘rish
- Kasaba uyushmalari ta'sirini kuchaytirish va ishchilarni kasaba uyushmalariga jalb etishni kuchaytirish
Koronavirusga qarshi kurash
Tramp
- Iqtisodiyot to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik
- 2020 yil oxirigacha vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish
- Xitoyni virus tarqatganligi uchun javobgarlikka tortish
Bayden
- Korxonalarni sanitariya talablariga rioya qilgan holda ochish
- Koronavirus testlari o‘tkazish va kasallikni davolash uchun davlat xarajatlarini ko‘paytirish
- Kasalliklarni monitoring qilish xizmatini tashkil etish
Tashqi siyosat
Tramp
- Xitoyga nisbatan kiritilgan bojlarni o‘z kuchida qoldirish va Xitoy bilan savdo bo‘yicha foydali kelishuvga erishish
- Yaqin Sharq va Yevropada AQSh harbiylari sonini qisqartirish
Bayden
- Tramp Xitoyga qarshi kiritgan import bojlarining samaraliligini tahlil qilish
- Transtinchokeani hamkorligi bo‘yicha isloh qilingan kelishuvga qo‘shilish imkoniyatini o‘rganib chiqish
- AQShni Eron bilan kelishuvga qaytarish
- Yevropa va NATOdagi ittifoqchilar bilan munosabatlarni yaxshilash
Rossiya bilan munosabatlar
Tramp
- Qurollanish ustidan nazorat bo‘yicha Rossiya va Xitoy bilan yangi shartnoma tuzish
- Yevropa mamlakatlarining Rossiya energetikasiga qaramligini kamaytirish choralarini ko‘rish
- Nord Stream-2 gaz quvuri qurilishi loyihasining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish
Bayden
- Rossiya bilan raketalar sonini qisqartirish bo‘yicha shartnomani uzaytirish
- Rossiyani muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha javobgarlikka chaqirish
Kimlar Trampga ovoz beradi?
- 50–65+ yosh
- Erkaklar
- Oq tanli protestant-yevangeliyachilar
- O‘rta ma'lumotga ega, ayrimlari kollejni tamomlagan
- Uylanganlar
- Qishloq aholisi
2016 yilda Donald Trampga ovoz bergan
Kimlar Baydenga ovoz beradi?
- 18–49 yosh
- Ayollar
- Ateistlar
- Kollejni tamomlagan va darajaga ega
- Bo‘ydoqlar
- Yirik shaharlar aholisi
2016 yilda Xillari Klintonga ovoz bergan
Nomzodlarning saylovoldi kampaniyasidagi xarajatlari
Tramp
1,57 mlrd dollar yig‘ilgan, 1,49 mlrd dollar sarflangan
221 mln dollar – OAVdagi materiallar uchun, 219 mln dollar – internetdagi reklama uchun
Bayden
1,51 mlrd dollar yig‘ilgan, 1,29 mlrd dollar sarflangan
237 mln dollar – OAVdagi materiallar uchun, 143 mln dollar – internetdagi reklama uchun
AQShda prezident saylovi qanday o‘tadi?
AQSh saylov tizimining o‘ziga xosligi shundaki, g‘olib saylovchilar tomonidan emas, tanlovchilar hay'ati tomonidan aniqlanadi. Ya'ni ikki bosqichli tizim amal qiladi: saylovchilar saylov uchastkasida partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni tanlashadi, ammo oxirgi so‘zni 14 dekabrda shtatlardan bo‘lgan tanlovchilar aytadi.
Tanlovchilar 538 nafar bo‘lib, g‘olib bo‘lish uchun 270ta ovoz to‘plash lozim. Tanlovchilar soni har bir shtatning aholisi sonidan kelib chiqib taqsimlanadi – aholisi eng ko‘p shtat hisoblanuvchi Kaliforniya 55 nafar tanlovchiga ega. Ikkinchi yirik shtat – Texasda 38 nafar, Nyu-York va Floridada esa 29 nafardan tanlovchi bor. Nomzod umumiy saylovda kam ovoz olishi, lekin ma'lum bir shtatlardagi g‘alabasi evaziga saylovda g‘olib chiqishi mumkin.
Shtatlar tanlovchilarining ovozlari qaysi nomzodga berilishi «g‘olib barchasini oladi» tamoyili asosida aniqlanadi. Agar Tramp Texasda ko‘p ovoz to‘plasa, ushbu shtatning barcha tanlovchilari (38 nafar) unga ovoz berishlari lozim.
XX asr boshidan beri shtat aholisi qo‘llab-quvvatlagan nrmzodga ovoz berishni bor-yo‘g‘i 15 tanlovchi rad etgan. 2016 yilda bunday tanlovchilar yetti nafar bo‘lgan. Ular o‘z ovozlarini saylovda qatnashmagan davlat departamentining sobiq rahbari Kolin Pauell, senator Berni Sanders va boshqalarga berishgan.
Faqat ikkita shtat – Men va Nebraskada «g‘olib barchasini oladi» qoidasi amal qilmaydi. Men shtatida tanlovchilarning ikkita ovozi shtat bo‘yicha eng ko‘p ovoz yiqqan nomzodga o‘tadi, yana ikkita ovoz esa alohida okruglarning har birida g‘olib bo‘lgan nomzodga o‘tadi. Nebraskada ham shunga o‘xshash tizim bo‘lib, faqat u yerda alohida okruglar soni uchta va natijada ushbu shtatdan tanlovchilarning umumiy soni beshtaga teng. Yana bir istisno — shtat hisoblanmaydigan Kolumbiya federal okrugi, ammo u tanlovchilar hay'atida uchta ovozga ega.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024