O‘zbekiston | 18:48 / 10.11.2020
11989
3 daqiqa o‘qiladi

Endi quruvchini tanlashda uning reytingiga qaraladi. Tegishli nizom tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ /Muhammadjon G‘aniyev

Hukumatning 9 noyabrdagi qarori bilan «Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Qurilish vazirligidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini tuzishda ularning salohiyati 6ta guruhdan iborat mezonlar bilan o‘lchanadi va 71 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi.

Salohiyatni aniqlashda quruvchi tashkilotning malakali mutaxassislari, moliyaviy ko‘rsatkichlari, bajargan ishlarining sifati, ish tajribasi, texnik bazasi, raqobatdoshligi kabilar inobatga olinadi.

Qurilish vazirligi mazkur reytinglarni tegishli davlat organlari bergan ma'lumotlar asosida tuzadi. Buning uchun Soliq, Statistika qo‘mitalari va Mehnat vazirligi ish tajribasi, xodimlar, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, to‘langan soliqlar va ish haqi fondi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Qurilish vazirligiga taqdim etadi.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi esa qurilishi tugallangan obektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Qurilish vazirligiga beradi.

«Ahamiyatlisi, ushbu dastyriy ta'minotlar «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirildi va bu ma'lumotlar barcha uchun ochiq», – deyiladi vazirlik axborotida.

Quyidagilar reytinglarning asosiy vazifalari etib belgilangan:

  • loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirgan holda ular reytingini yuritish;
  • loyiha va qurilish ishlarida markazlashtirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish bo‘yicha takomillashgan tizimni joriy etish;
  • loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga to‘liq rioya etilishiga erishish;
  • loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida halol raqobat muhitini shakllantirish orqali pudrat hamda loyiha ishlari bozorini rivojlantirish;
  • loyihalash va qurilish sohasida mahoratli ishchi va xizmatchilarni (kadrlarni) tayyorlash, ular malakasini muntazam ravishda oshirib borish orqali loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari salohiyati oshirilishiga erishish;
  • loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari soha bo‘yicha dunyodagi nufuzli tashkilotlar reytingida yuqori pog‘onalardan joy olishini ta'minlash.

Mavzuga oid