O‘zbekiston | 13:36 / 04.12.2020
1125
8 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyat hokimligi Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga raddiya berdi  

Jizzax viloyati hokimligi yagona buyurtmachi xizmati «Injiniring kompaniyasi» Jizzax shahrida prezident maktabi qurilishi uchun «Diamond» ko‘p tarmoqli xususiy firmasi bilan tendersiz shartnoma imzolagani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Mazkur maqola yuzasidan Jizzax viloyat hokimligi raddiya berdi.

Kuni kecha “KunUz” sayti “Jizzaxda 168 o‘rinli maktab qurilishi uchun tendersiz shartnoma tuzildi. Loyihaga 65 milliard so‘m ajratilgan Jizzax viloyati hokimligi yagona buyurtmachi xizmati “Injiniring kompaniyasi” Jizzax shahrida prezident maktabi qurilishi uchun “Diamond” ko‘p tarmoqli xususiy firmasi bilan tendersiz shartnoma imzolagan. Qurilish loyihasining yakuniy qiymati 65 milliard 580 million so‘mni tashkil etdi” degan ma'lumotni chiqardi.

Xabarda "Mazkur obekt bo‘yicha O‘zbekiston bosh vazirining 2020 yil 10 fevraldagi 4-sonli yig‘ilish bayoniga asosan “Diamond” ko‘p tarmoqli xususiy firmasi bosh pudratchi etib belgilangan", — deya ma'lumot berilgan 25 noyabr kuni tasdiqlangan kelishuv bitimida” deb aytib o‘tilgan.

Yuqorida keltirib o‘tilgan ma'lumotlarga quyidagilarni ma'lum qilamiz.O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining 1-moddasi ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasida; "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq davlat xaridlari strategik sub'yektlari amalga oshiradigan davlat xaridlariga, rivojlantirish davlat dasturlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarishda amalga oshiriladigan davlat xaridlari bundan mustasno”  deb keltirib o‘tilgan.

Endi masalaning asosiy qismiga o‘tsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning 6-bandi bilan Prezident maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, Respublika komissiyaga istisno tariqasida, tanlov (tender) savdolarini tashkillashtirmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha tashkilotlarini, prezident maktablarini qurish uchun pudrat tashkilotlarini belgilash huquqi berilgan.

Qaror ijrosiga muvofiq, Prezident maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Komissiyasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov raisligida 2020 yil 12 fevraldagi 01-14/1-635-(4)-sonli majlis bayoni bilan 2020 yilda 5 viloyatda, jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida Prezident maktablari qurish belgilangan.

Mazkur yig‘ilish bayonining 2-bandi bilan qurilish obektlariga viloyat hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injirining kompaniyalari buyurtmachi etib belgilangan bo‘lsa, 3-bandiga muvofiq istisno tariqasida Jizzax shahrida quriladigan Prezident maktabiga “Diamond” KTXF bosh pudratchi etib belgilangan.

Shuningdek, 3-bandining 3-xat boshi bilan obektlarni qurish, jihozlash va faoliyatini tashkil etish bo‘yicha moliyalashtirish manbai etib - homiylik, mahalliy hamda respublika davlat budjeti mablag‘lari belgilangan.

Shunga asosan, 2020 yil Investitsiya dasturi doirasida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 25,0 mlrd.so‘m, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 20,0 mlrd.so‘m ajratilgan.

Viloyat hokimining 2020 yil 7 oktyabrdagi 173-f-sonli Farmoyishi bilan viloyat hokimligining jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 8,3 mlrd.so‘m, 2020 yil 24 noyabrdagi 216-f-sonli Farmoyishi bilan viloyat mahalliy budjeti daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 10,0 mlrd.so‘m mablag‘lar ajratilgan.

Har bir ajratilgan limit uchun alohida-alohida kelishuv bitimi tuziladi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 22 dekabrda 2850-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2016 yil 22 noyabrdagi 88-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining g‘azna ijrosi” Qoidalariga muvofiq “UzASBO” dasturiga kiritilib, elektron hujjat shaklida g‘aznachilik bo‘linmasiga yuborilgan.

Ko‘rinib turibdiki, Jizzax shahrida Prezident maktabi qurilishi uchun tendersiz eng yaxshi deb tanlab olingan "Diamond" ko‘p tarmoqli xususiy firmasi bosh pudratchi etib belgilanishi, qonunga zid bo‘lmagan.

Bu borada biz "KunUz" saytni chiqarayotgan ma'lumotlarini qonuniy taraflarini yaxshiroq o‘rganib chiqishini maslahat bergan bo‘lardik.

Shuningdek, mazkur xabarda “Bundan tashqari, "Diamond" Jizzax viloyati hokimligining katta zali, oshxona va mehmonxona majmuasini mukammal ta'mirlash va jihozlash bilan shug‘ullanadi. Viloyat hokimining 25 noyabrdagi 30-sonli qarori bilan tasdiqlangan tender komissiyasi qarori bilan qariyb 31 milliard so‘mlik ish "Diamond" ko‘p tarmoqli xususiy firmasiga nasib etgan” degan ma'lumot ham keltirib o‘tilgan.

Mazkur xabar yuzasidan shuni ma'lum qilamizki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 30-31 mart kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 34-bandida Jizzax viloyati hokimligining katta majlislar zali, oshxona binolarini qayta ta'mirlash va to‘liq jihozlash hamda viloyat hokimligiga qarashli “Mehmonxona” majmuasini qayta ta'mirlash va to‘liq jihozlashni 2019 yil budjet parametrlari hisobidan amalga oshirilishini ta'minlash vazifasi topshirilgan.

Shunga asosan, obektning ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga binoan boshlang‘ich qiymati 28,4 mlrd so‘mni tashkil qilib, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida” Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda DXARID.UZ elektron portaliga 2020 yil 9 iyun kuni e'lon joylashtirilgan (LOT №7022345),  deyiladi viloyat hokimligi raddiyasida.

Tahririyatdan

Ta'kidlash lozimki, Viloyat hokimligi raddiyasida saytda e'lon qilingan maqoladagi birorta fakt rad etilmagan va Kun.uz aynan qurilish firmasining faoliyatiga qay tarzda to‘sqinlik qilayotgani keltirilmagan. Maqolada Jizzax shahrida Prezident maktabini qurayotgan “Diamond” KTXF biror noqonuniy xatti-harakatda ayblanmagan. Maqoladagi ma'lumotlar ochiq manbalardan olinib, fakt sifatida keltirilgan, xolos.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati Kun.uz maqolasida keltirilgan faktlarga tushuntirish bergan. Shu bois o‘z materialini raddiya emas, munosabat deb atasa to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Raddiyaning “Kun.uz” sayti Jizzaxda qonuniy tartibda faoliyat yuritayotgan qurilish firmasi faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda” nomli sarlavhasi esa mustaqil ommaviy axborot vositasiga nisbatan tuhmatdir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid