O‘zbekiston | 20:48 / 14.12.2020
13543
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdavkarantin» «Rosselxoznadzor» kiritgan taqiqqa munosabat bildirdi. O‘zbekistonda ToBRFV virusi aniqlanmagan

Farg‘onada yetishtirilgan pomidor va qalampir Rossiyada taqiqqa uchragach, «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi maxsus ishchi guruh tuzib, joylarda o‘rganishlar olib bordi.

Foto: O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi

Inspeksiya axborotiga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida O‘zbekiston hududida pomidorning jigarrang burishish (ToBRFV) virusi aniqlanmagan.

Hozirgi kunda respublika hududiga pomidor va kalampir mahsulotlarining urug‘lari olib kirilishi to‘liq cheklangan. Mazkur urug‘liklarni eksport qiluvchi davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

26 noyabr kuni Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati («Rosselxoznadzor») ToBRFV virusnii vaj sifatida keltirib, Farg‘onadan Rossiyaga pomidor va qalampir mahsulotlari keltirishni taqiqlagan edi.

7 dekabrga kelib, «Rosselxoznadzor» Farg‘ona viloyatidan import qilinadigan barcha o‘simlik mahsulotlariga taqiq kiritdi. Bunga 1 tonna quritilgan o‘rikda lichinka shaklidagi 2ta kapr qo‘ng‘izi topilgani sababligi aytildi.

«O‘zdavkarantin»ning 13 dekabrdagi axborotida, kapr ko‘ng‘izi profilaktikasi maqsadida fitosanitar nazorat kuchaytirilgani, barcha omborlarni zararsizlantirish ishlari o‘tkazilayotgani ma'lum qilingan.

Inspeksiya rossiyalik rasmiylar bilan muzokara o‘tkazish orqali cheklovlarni bekor qilish choralari ko‘rilayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, «Rosselxoznadzor» pomidorning jigarrang burishish virusini sabab sifatida ko‘rsatgan holda Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridan ham qalampir va pomidor importini to‘xtatib qo‘ygan.

Oliy Majlis deputati, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodovning fikricha, bunday harakatlar Jahon savdo tashkilotiga a'zolikni tezlashtirish lozimligini yana bir bor eslatmoqda.

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi o‘z bayonotida «Rosselxoznadzor» kiritgan vaqtinchalik taqiqlar «asoslanmagan xavotirlar»ni keltirib chiqarayotgani qayd etilgan.

«Bugungi kunda «O‘zdavkarantin» va «Rosselxoznadzor» karantin xizmatlari o‘rtasida munosabatlarida keng qamrovli xamkorlik barcha yo‘nalishlari bo‘yicha faol o‘zaro rivojlanib kelmoqda. Bunga misol – joriy yildagi koronavirus pandemiyasiga karamay, «O‘zdavkarantin» murojaatiga ko‘ra «Rosselxoznadzor» ko‘shimcha ravishda 3 omborni vaqtinchalik saqlash omborlar ro‘yhatiga ko‘shdi hamda ikki davlatning fitosanitariya sohasidagi axborot tizimlari muvaffaqiyatli integratsiyalashtirildi», – deyiladi inspeksiya bayonotida.

Pomidorning jigarrang bujmayish virusi – yangi va juda kam o‘rganilgan virus bo‘lib, 2020 yil sentyabr oyiga kelibgina Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklar karantini va himoyasi tashkilotining A2 ro‘yxatiga ko‘shilgan.

Ushbu kasallik urug‘lar, virus tekkan asboblar, kiyimlar, mexanik vositalar orqali va ekinlarning changlanishi vaqtida tarqalishi mumkin. Hozircha bu virusga chidamli pomidor navlari ishlab chiqilmagan.

Farg‘ona viloyatida mavjud issiqxonalarning 99,11 gektar maydonini pomidor ekinlari tashkil etib, ularning barchasi sanoat issiqxonalari hisoblanadi. Shundan 36,46 gektarni tashkil etgan 18 ta issiqxonada pomidor yetishtirish davom etmoqda.

Mavzuga oid