O‘zbekiston | 11:53 / 06.01.2021
4403
5 daqiqa o‘qiladi

«Respublikada bu narsaga mutlaqo o‘rin qolishi kerak emas» – Tanzila Norboyeva qiynoqlar haqida

6 yanvar kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva prezidentning parlamentga murojaatida qiynoqlar masalasiga e'tibor qaratilganini ta'kidlab, respublikada bu narsaga mutlaqo o‘rin qolishi kerak emasligi, Bosh prokuratura, IIV, Ombudsmanning faoliyati tahlil qilinganda mazkur masalaga alohida e'tibor qaratilib, tegishli baho berilishini aytib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati

«Keyingi masala qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga taalluqli. Murojaatnomada Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz mazkur masala yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqishi zarurligi qayd etilgan. 

Jumladan, prezidentimiz Ombudsman tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Ya'ni har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga «monitoring tashriflari» tizimi yo‘lga qo‘yilishi, parlamentda Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ma'ruzasi eshitilib, bu illatga butunlay barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilash muhimligi ta'kidlandi.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalaridan bu borada ayrim muhim jihatlarga e'tibor qaratishlarini so‘rayman. Mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash va qiynoqlarga barham berish bo‘yicha so‘nggi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Buni butun dunyo hamjamiyati tan olmoqda. Lekin bunday holatlar respublikamizda butkul bartaraf etildi deyishimizga hali erta», — deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi o‘tgan yili huquq-tartibot organlari tizimida aniqlangan qiynoqlarni qo‘llashga oid jinoyatlarga ham to‘xtalib, bu masala jamoatchilik orasida katta muhokamalarga va e'tirozlarga sabab bo‘lgani, mazkur holatlar aniqlanishida OAV va blogerlarlarning xizmati katta bo‘layotganini ta'kidladi.

«Huquq-tartibot organlarining ayrim vakillari tomonidan qiynoqlarni qo‘llashga oid jinoyatlar sodir etilgani o‘tgan yili ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik orasida katta muhokamalarga va e'tirozlarga sabab bo‘lgani sir emas. E'tiborli tomoni, mazkur holatlarni OAV, jumladan, blogerlarimiz ko‘tarib chiqishdi. Aynan jamoatchilik ta'siri tufayli ushbu holatlar aniqlanmoqda va huquqbuzarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Qiynoqlarning oldini olishda eng samarali mexanizm, shubhasiz, ochiqlik va shaffoflik, ta'sirchan jamoatchilik nazoratidir. Shunday ekan, biz – deputat va senatorlar ushbu masalada jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirishimiz talab etiladi. Ya'ni bu holat bilan o‘zi shug‘ullanishi kerak bo‘lgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Ombudsman faoliyati doimiy ravishda endi mana Oliy Majlis palatalarining e'tiborida bo‘ladi va ular mana shu masala bo‘yicha qilingan monitoring tashriflari natijalari, har bir holat bo‘yicha o‘zlarining huquqiy baholarini palatalarga kiritishadi. Ikkala palata ham bu masalani tanqidiy ko‘rib chiqadi.

Respublikada bu narsaga mutlaqo o‘rin qolishi kerak emas. Hozir insonga bo‘lgan e'tibor shu darajada kuchliki, qiynoq degan masala umuman O‘zbekistonda kun tartibidan chiqib ketishi kerak. Bosh prokuratura, IIV, Ombudsmanning faoliyati tahlil qilinganda mazkur masalaga alohida e'tibor qaratiladi va tegishli baho beriladi. Mas'ul qo‘mitalardan bu boradagi o‘rganishlar tahlillarini yanada kuchaytirish talab etiladi», deb aytgan Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida tezkor qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligi, ushbu holatlar hali ham uchrab turgani, fuqarolarda jiddiy e'tirozlarni keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini ta'kidlab, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga o‘z takliflarini ishlab chiqishi uchun ikki oy muddat bergan.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid