O‘zbekiston | 20:50 / 25.01.2021
25608
4 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga o‘zgartish kiritiladi. Nimalar o‘zgaradi?

Saylovlar va referendumlar oktyabrga ko‘chiriladi. Saylov komissiyasi qarori ustidan shikoyat berish muddati ikki baravarga qisqaradi. Xorijdagi fuqarolar konsullik ro‘yxatida turmasa ham ovoz bera oladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylov qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini e'lon qildi.

Loyiha quyi palataning 25 yanvar kungi yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.

O‘zgarishlarga asosan, saylovlar va referendumlar dekabrdan oktabr oyiga ko‘chirilishi kutilmoqda.

Rasmiy relizda izohlanishicha, hozirda prezidentlik va deputatlikka saylovlar ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda, dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

«Bu esa saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlarning kechiktirilishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, qonun loyihasiga ko‘ra, saylovlarni oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish taklif etilmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.

Ta'kidlanishicha, saylovlar oktyabrda o‘tkazilsa, jarayondan keyin «oliy davlat organlarini o‘z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun zamin yaraladi».

Bundan tashqari, qonun loyihasida quyidagilar ham taklif etilmoqda:

  • saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddatini 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirish (rasmiy izohga ko‘ra, bundan maqsad – saylov natijalarini e'lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish);
  • deputatlikka saylovlar bilan teng ravishda prezidentlik saylovlarini ham davlat tomonidan moliyalashtirish;
  • saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslari (mansab vakolati, davlatga qarashli binolar)dan foydalanishni cheklash;
  • saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanadigan shaxslar toifalarini belgilash;
  • xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish;
  • chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslarini belgilash;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari institutini tugatish va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash;
  • viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari a'zolari sonini 7–15 nafardan 11–21 nafarga ko‘paytirish;
  • saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasini bekor qilish;
  • siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e'lon qilish tartibini joriy etish.

Umuman, qonun loyihasi quyidagi to‘rtta hujjatga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritadi: Konstitutsiya, Saylov kodeksi, «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun, «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonun.

Bu loyiha ham regulation.gov.uz portaliga joylanmadi

Quyi palata qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yganini ma'lum qildi.

Loyiha, Konstitutsiyani o‘zgartishga oid bundan oldingi qonun loyihasi bilan bo‘lgani kabi, NHH loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga joylanmagan.

Fuqarolardan qonun bo‘yicha taklif va mulohazalarini demokratkom@parliament.gov.uz pochtasiga yuborish so‘ralmoqda. Bu esa bir fuqaro qoldirgan taklifni boshqa fuqarolar o‘qishiga yo‘l bermaydi.

Rasmiy izohda qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 2020 yilning may–iyun oylarida tashkil etilgani aytilgan.

Mavzuga oid