O‘zbekiston | 21:17 / 28.01.2021
12353
2 daqiqa o‘qiladi

Dilshod Rahimov: Amaldorlar boyligini deklaratsiyalash korrupsiyani sezilarli kamaytirishiga ishonaman

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimov mol-mulki va daromadlari bo‘yicha deklaratsiya topshirib borishga tayyorligini bildirdi.

«Oxirgi yillarda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Shu bilan birga qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham talaygina. Aynan davlat idoralari mansabdor shaxslarining mol-mulki, daromadi bo‘yicha deklaratsiya topshirish mexanizmining joriy etilishi – korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi ijobiy katta qadam bo‘ladi, deb hisoblayman.

Har bir mansabdor shaxsning daromadi va mol-mulki to‘g‘risidagi ma'lumotlar shaffof bo‘lishi va xalqimiz bundan xabardor bo‘lishi lozim. Bevosita mansabdor shaxs ham korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organning rahbari sifatida daromadlarni deklaratsiyalash mexanizmi joriy etilishini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

Ishonamanki, mazkur qonunning amaliyotga tatbiq etilishi jamiyatda korrupsiya darajasi sezilarli kamayishiga, xalqimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi oshishiga, davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatishga olib keladi hamda davlat organlariga noqonuniy daromad topish uchun ishlamoqchi bo‘lgan shaxslarning kirib kelishiga chek qo‘yadi», – deya Dilshod Rahimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab chiqqan qonun loyihasida, prezidentdan boshlab barcha bo‘g‘inlardagi davlat amaldorlari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilishi belgilangan.

Yangi tartib qachon qabul qilinishi aniq emas. Shunisi ma'lumki, deklaratsiyalash talabi bu yil kuchga kirishi kutilmayapti: 2021 yilgi davlat dasturi loyihasida bu haqda band yo‘q.

Mavzuga oid