O‘zbekiston | 21:17 / 22.03.2021
79103
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda sinfxonada hojatini chiqargan o‘quvchining ota-onasiga chora ko‘rildi. Ota – prokuratura mansabdori

Qarshi shahridagi 1-maktab o‘quvchisi sinfxonada suv solingan chelakka hojatini chiqargan. Holat aks etgan video internetda tarqalgach, o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortildi. Ma'lum bo‘lishicha, ota viloyat prokuraturasida mas'ul lavozimda ishlaydi.

Videodan kadr

Qarshi shahar 1-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta'lim maktabining yuqori sinf o‘quvchisi maktabda belgilangan ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarini buzgan va sinfxonada nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgan.

Qashqadaryo viloyat IIB matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, bu holatni uning sinfdoshi videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB tomonidan voyaga yetmagan o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli ma'muriy bayonnoma tuzilib, to‘plangan hujjatlar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qarshi shahar idoralararo komissiyaga taqdim etilgan.

Komissiya o‘quvchilarning ota-onalarini MJtKning 47-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topib, ularga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llagan.

Daryo xabariga ko‘ra, o‘quvchining otasi Qashqadaryo viloyati prokuraturasida mas'ul lavozimda ishlaydi. Bu ma'lumotni tasdiqlagan viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javohir Rustamov prokuraturada faoliyat yurituvchi otaning qancha miqdorda jarimaga tortilganidan bexabarligini bildirgan.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) 1-qismiga ko‘ra:

ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi –

bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid