O‘zbekiston | 19:31 / 23.03.2021
6510
5 daqiqa o‘qiladi

«Avtomaktablarda o‘qitish sifati past, ko‘p hollarda «prava»lar sotiladi» - Komil Allamjonov YTHlar ko‘pligining sabablari haqida

Qoidabuzarlikni suratga olib yuborish – yo‘l harakati bilan bog‘liq eng asosiy masala emas. Asl muammo – yo‘llarda halok bo‘layotgan odamlarning ko‘pligi va bunga eltayotgan sabablar. Aynan shular muhokama markazida bo‘lishi kerak.

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.

Ma'lumot uchun, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda ro‘y bergan yo‘l-transport hodisalarida 10 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.

«Mana, yaqinda ma'lumot chiqdi, o‘tgan yili ikki mingga yaqin odam YTH qurboni bo‘lgan. Shuncha o‘likni bir joyga to‘plab yoyib qo‘yishni tasavvur qilsangiz tushunasiz buning vahimasini. Biz yo‘llarda vafot etayotganlar sonini shunaqangi oddiy qabul qilamiz, ana muammo qayerda. Aslida shu narsalarni, ularning sabablarini muhokama qilishimiz kerak.

Yo‘llardagi infrastruktura va boshqa ko‘plab masalalar bor deyishadi. Ha, bular ham to‘g‘ri, lekin men Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan olgan rasmiy ma'lumotlarimga ko‘ra, aksariyat avariyalar bilimsizlik va yo‘l qoidalarini yaxshi bilmaslikdan kelib chiqadi. Mana asl masala qayerda.

Mening shaxsiy fikrim – har qanday qoidabuzarlik jazoga tortilishi kerak. Har qanday qoidabuzarlikka jamoatchilik befarq bo‘lishi kerak emas. Jamoatchilik faol bo‘lishi tarafdoriman. Jamoatchilik nazorati har doim yuqori bo‘lishi kerak, shundagina biz taraqqiy etishimiz mumkin.

Qoidabuzarliklarni rasmga olib yuborayotganlar har xil nomlar bilan atalishiga men mutlaqo qarshiman. Men qonunlar hukmron bo‘lgan, huquqiy davlatda yashash tarafdoriman. Biz shunday davlat qurishga harakat qilishimiz va shunga chaqirishimiz kerak.

Qabul qilingan qonun bo‘yicha odamlarga yoqish uchun ularning dilidagi gaplarni gapirishimiz kerak emas, to‘g‘ri narsani gapirishimiz kerak. Qonun yoki qaror noto‘g‘ri bo‘lsa, uni chiqargan odamni tanqid qilib, unga murojaat qilish kerak. Butun jamoatchilikni bir-biriga qayrab, bir-biriga qarshi qilishga mutlaqo qarshiman.

Yo‘ldagi ahvol esa rosmana rasvo. Yo‘llardagi 90 foiz haydovchilarimizning bilimi yo‘q. 90 foiz haydovchilar avtomaktabni bitirganda yo darslarga bormagan, yo pul bergan, yo haydovchilik guvohnomasini sotib olgan yoki imtihonlarni qo‘ng‘iroq yo pul orqali hal qilgan.

Yo‘l qoidalari nimaga o‘qitiladi? Agarda avariyalar ko‘proq infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lsa, unda o‘qish nega kerak?

O‘zbekistonda har yili avtohalokatlar oqibatida minglab odamlar o‘lishi va minglab odamlar jarohat olishi bu – katastrofa. Biz bu boradagi statistik holat eng ayanchli davlatlardan birimiz. Jamoatchilik shuni muhokama qilishi kerak.

Sotilayotgan «prava»lar, o‘quvchi darsga bormay haydovchilik guvohnomasi olayotgani, yo‘l harakati ishtirokchilarining bilimsizligi va madaniyatsizligi – mana shular muhokama markazida bo‘lishi kerak.

Yo‘l harakati qoidalarini buzayotgan odamlarni rasmga olib, qoidani buzmaslikka da'vat qilayotganlarni turli-tuman xunuk so‘zlar bilan haqorat qilgandan ko‘ra...

Men agar o‘zim bir marta bo‘lsa ham yo‘ldagi qoidabuzarlik haqida xabar bergan bo‘lganimda, borib ana shu deputatlarimizni sudga bergan bo‘lardim. Qonun ijodkorlari qonun-qoidalar ustidan bunaqa munosabat bildirishi – mutlaqo madaniyatsizlik», – ta'kidladi Komil Allamjonov.

Avvalroq, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev birovning qoidabuzarligini rasmga olib, pul ishlayotganlar bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun vatanini ham sotishini aytib, buni «kozyollar jamiyati»ga o‘xshatgan edi.

Qonun ishlab chiquvchi deputatning qonunlarga itoatsizlik haqida xabar berganlarni «kozyollar» deb atashi bir necha oydan buyon davom etayotgan muhokamalarni qayta jonlantirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid