O‘zbekiston | 22:48 / 01.04.2021
9194
3 daqiqa o‘qiladi

«Hududlarda 10 ming nafar tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi» – Kelgusi o‘quv yilidan klinik ordinaturaning qabul kvotasi oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 aprel kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Prezident sohada kadrlar yetishmovchiligi jiddiy ekanligiga e'tibor qaratdi.

«Sohani, ayniqsa, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash zarur. Bu borada, olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, «Qishloq shifokori» dasturi qabul qilindi.

Ushbu hududlarda ishlamoqchi bo‘lgan shifokorlarga 30 million so‘m pul mablag‘lari ajratilishi belgilanib, ushbu maqsadlarga joriy yil budjetdan 20 milliard so‘m ajratildi.

Lekin, oradan 4 oy vaqt o‘tgani bo‘lsa-da, na viloyat, tuman va shahar hokimi, na sog‘liqni saqlash boshliqlari birorta talabgor bilan shartnoma imzolamagan.

Vaholanki, bugungi kunda olis va chekka hududlar uchun 220 nafar shifokor zarur. Hududlarda 10 ming nafar tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi.

Masalan, Surxondaryoda 130 nafar tez tibbiy yordam, 60 nafar terapevt shifokori, Toshkent viloyatida 113 nafar laborant, Farg‘onada 100 nafar bolalar shifokori, Namanganda 25 nafar akusher yetishmaydi.

Amaldagi tizim bo‘yicha yiliga 3 ming nafar tor mutaxassis tayyorlansa-da, har yili yana 2 ming nafar mutaxassis pensiyaga chiqib ketadi», degan prezident.

Shu sababli, prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Laziz To‘ychiyev hamda Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojibayevga klinik ordinaturada o‘qitishning yangi tizimini joriy etib, kelgusi o‘quv yilidan qabul kvotasini ikki baravarga oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ushbu yangi tizimda ordinatorlar o‘quv jarayonining yarmini oliygohlar va ixtisoslashgan markazlarda, qolgan yarmini esa, ish joyida davom ettiradi.

«Viloyat hokimlari o‘z hududiga zarur bo‘lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun mahalliy budjetdan grant ajratishi kerak.

Masalan, ushbu grant asosida o‘qigan shifokor, grant ajratgan viloyatga borib kamida uch yil ishlab berish majburiyatini olishi zarur», – dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid