O‘zbekiston | 21:59 / 13.04.2021
5766
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy xomashyoni qayta ishlash hisobiga 141 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqariladi

Joriy yilda respublikadagi keng maydonlarda moyli ekinlar yetishtirilishi natijasida 500 ming tonnadan ortiq xomashyo jamg‘ariladi va ularni qayta ishlash orqali importning qisqarishiga erishish ko‘zda tutilgan.

«O‘zyog‘moysanoat» korxonalari uyushmasining xabar berishicha, joriy yilda 56,6 ming gektar asosiy maydonda yetishtirilgan kungaboqar ekinidan olingan hosil hisobiga 31,2 ming tonna, 120,8 ming gektar takroriy ekin sifatida kungaboqar yetishtirilgan maydondan 59,8 ming tonna kungaboqar moyi ishlab chiqariladi. Umuman olganda, fermer xo‘jaliklari tomonidan 277,4 ming tonna kungaboqar xomashyosi tayyorlanadi va uni qayta ishlash hisobiga 91 ming tonna kungaboqar moyi olinishiga erishiladi.

Shuningdek, qariyb 140 ming gektarda yetishtirilgan soyadan 37,2 ming tonna soya moyi, salkam 30 ming gektarda yetishtirilgan kunjut va rapsdan 12 ming tonna o‘simlik moyi olinadi.

«Respublikada keng maydonlarda moyli ekinlar yetishtirilishi natijasida 500 ming tonnadan ortiq xomashyo jamg‘ariladi va uni qayta ishlash hisobiga 141 ming tonna o‘simlik moyi, 350 ming tonna shrot olinishiga erishiladi. Bu importdan kirib kelayotgan yuqori qiymatli tayyor o‘simlik moyi hajmining 80-85 foiz qisqarishiga va narxlar barqarorligiga zamin yaratadi», deyiladi xabarda.

Uyushma xabariga ko‘ra, yildan yilga o‘tadigan o‘simlik moyi zaxira miqdori ham bu yil 30,7 million tonnaga kamaydi. Bu holatlar dunyo bozorida o‘simlik moyi taqchilligiga va narxining keskin oshib ketishiga sabab bo‘lgan.

Kun.uz'da O‘zbekistonda o‘simlik moyi narxi oshib borayotganiga oid tahliliy maqola e'lon qilgandi. Unda so‘nggi oylarda dunyo bo‘yicha o‘simlik moyi narxi o‘rtacha 20-25 foizga, O‘zbekistonda esa 17 foizga oshgani, shuningdek, narx oshishi kungaboqar moyi narxi ko‘tarilishi fonida sezilgani ta'kidlangan edi. Mutaxassislar narx yana 30 foizga oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston zaytun yetishtirishni ko‘paytirmoqchi ekani, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektardan ortiqroq maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Toshkent bozorlarida o‘simlik moyi narxi sezilarli oshgani bois yarmarkadagi arzon yog‘ uchun navbatlar yuzaga kelgani haqida ham xabarlar tarqalgandi. 

Mavzuga oid