SSSR qulaganiga 30 yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mintaqasida chegaraviy muammolar hal etilmay kelyapti. So‘nggi yillarda davlat chegaralarini huquqiy rasmiylashtirish hamda chegaradagi bahsli hududlar muammosini uzil-kesil hal etish borasida bir qancha amaliy harakatlar o‘tkazildi. Xususan, Samarqand shahrida 2017 yil 10-11 noyabr kunlari BMT shafe'ligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi bahsli nuqtalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9 martida Tojikistonga tashrifi vaqtida chegaralardagi muammolarni hal qilish borasidagi asosiy natijalar bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Shuningdek, mart oyida Toshkentga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan muzokaralardan so‘ng ikki davlat rahbarlari chegara masalalari bo‘yicha 3 oyda bir to‘xtamga kelinishini aytgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston tomoni 26 martda bahsli hududlar bo‘yicha 100 foiz kelishuvga erishilganini ma'lum qildi. Ammo Qirg‘izistonning Qorasuv tumanidagi Savay qishloq okrugi aholisining namoyishlaridan so‘ng Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev namoyishchilar bilan uchrashuvda o‘zbek tomoni bilan kelishuv shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida va'da berdi.
Bundan tashqari, aprel oyi oxirida Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyat yana keskinlashdi va ikki tomondan jami 50ga yaqin odamlar nobud bo‘ldi.
Bir necha yildan beri mintaqa davlatlari chegaradagi nizoli masalalarni hal qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, bu holat og‘riqli nuqtaligicha qolmoqda.







