Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasidagi barcha bahsli hududlardagi muammolar hal qilingani haqida ma'lum qildi.

Qirg‘iziston hukumat delegatsiyasining rahbari Qamchibek Toshiyev 24-25 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumat delegatsiyalarining uchrashuvlari natijalarini ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar qirg‘iz-o‘zbek chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ijobiy natijaga erishgan.

«Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasidagi barcha bahsli hududlar 100 foiz hal qilindi. Endi bu borada muammolar bo‘lmaydi», - dedi Qamchibek Toshiyev.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2021 yil 1 apreldan boshlab So‘x tumaniga qatnash uchun odamlar tashishga mo‘ljallangan 20 o‘ringa qadar bo‘lgan, transport vositalari va mikroavtobuslar harakatlanishi uchun «Qaytmas» va «Otukchu» nazorat-o‘tkazish punktlarini ochishga kelishib olgan.

Tomonlar, shuningdek, «Qora-Suv», «Begabad», «Intimoq», «Kensoy», «Seydikum» nazorat-o‘tkazish punktlarini tartibga solish va tiklash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Qamchibek Toshiyevning so‘zlariga ko‘ra, ta'mirlash ishlari O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladi.

Toshiyevga ko‘ra, tomonlar Kampirobod (qirg‘iz-o‘zbek chegarasida joylashgan) suv omboridan umumiy foydalanish yuzasidan ham kelishuvga erishgan. Xususan:

  • Kampirobod suv omborining suv zaxiralarini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan darajada to‘ldirishni nazarda tutadigan, birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim tuzish;
  • O‘zbekiston tomonidan Qirg‘iziston fuqarolarining suvdan bepul va to‘siqsiz foydalanishini ta'minlash;
  • O‘zbekiston suv ombori havzasi atrofida muhandislik inshootlarini o‘rnatmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.

Shuningdek, demarkatsiya paytida O‘zbekiston Qirg‘izistonga tovon sifatida O‘sh viloyatining O‘zgan tumani va Jalolobod viloyatining Suzoq tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Andijon viloyati chegarasidagi 304 va 312-sonli chegara punktlari orasidagi 1000 gektar yer maydonini beradi.

Tomonlarning suv xo‘jaligi vazirliklariga Kampirobod suv omborining resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.