O‘zbekiston | 16:34 / 28.05.2021
3178
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida mashinasozlik va elektrotexnika habi tashkil etiladi

Maxsus sanoat habi (sanoat zonasi) Andijon viloyatining 105 gektar yerida tashkil etiladi, uning hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valuta tartibotlari amal qiladi. Faoliyat yuritish muddati esa 30 yil qilib belgilandi.

«Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus sanoat habi maxsus sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezidentning qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Andijon viloyatining 105 gektar yerida «mashinasozlik va elektrotexnika maxsus habi» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Sanoat habining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalari jalb etish;
  • viloyatning mashinasozlik va elektrotexnika sanoatidan ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta'minlash;
  • mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda maxsus sanoat zonasi ishtirokchilari o‘rtasida va respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
  • viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning eksport hajmini oshirish.

Sanoat habining faoliyat yuritish muddati – 30 yil. Muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin.

Sanoat habi faoliyati davomida uning hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valuta tartibotlari amal qiladi.

Avvalroq, «Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident qarori qabul qilingan edi.

Unda elektrotexnika sanoatida 136ta loyiha amalga oshirilishi hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 75 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid