17:02 / 03.03.2021
5287

Elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga bir qancha imtiyozlar taqdim qilindi

Elektrotexnika sanoatida 136ta loyiha amalga oshiriladi. Shuningdek, Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 75 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

«Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorda belgilanishicha, 2021 yil 1 martdan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga MB asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan miqdorda milliy valutada beriladigan kreditlarning 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismining oshirilgan foizi MB tomonidan uch yilgacha kompensatsiya qilinadi (5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda).

Hujjat, shuningdek, eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan elektrotexnika sanoatidagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi:

  • 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni barcha mamlakatlarga eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 15 foizidan, temir yo‘l transportida 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etiladi;
  • xorijiy valutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kafolat muddatlarini ta'minlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov ta'minoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSh dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar berish;
  • 2021 yil 1 apreldan 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumning 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.

Qarorga ko‘ra, Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 2021 yilning birinchi, ikkinchi va uchinchi choraklarida teng ulushlarda 75 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 oktyabrga qadar elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarning texnik reglamentlar va xalqaro talablarga muvofiqligini baholash bo‘yicha zamonaviy sinov laboratoriyasi va sertifikatlashtirish markazini tashkil etish ishlarini yakunlash belgilandi.

Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklar tashkil qilinadi.

Top