Bayonotda yangi qonun natijasida ayniqsa teleradiokanallar milliardlab so‘m yo‘qotishi mumkinligi alohida ta'kidlangan.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi o‘tgan oy oxirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida konseptual jihatdan ma'qullangan edi.

«Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun OAV erkinligi va biznes rivojiga yana bir to‘siq bo‘lishi mumkin

Qonun loyihasida tovarlarning takroriy reklamasini bir blokda joylashtirishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Biroq, Mass-media fondining bildirishicha, bir mahsulot uchun reklamalarni bitta reklama blokida joylashtirish amaliyoti butun dunyoda qo‘llaniladi va ko‘pincha bu amaliyotga yirik xalqaro reklama beruvchilar (investorlar) murojaat qilishadi.

«Masalan, aksariyat kompaniyalar butun dunyo bo‘ylab imidj reklamasini o‘takazish bilan bir vaqtning o‘zida alohida bozor aksiyalarini faollashtirish uchun ham reklama targ‘ib qiladi. Shu o‘rinda, reklama roliklari, ularning mohiyati va maqsadi har xil bo‘lishi mumkin, ammo mahsulot bir va marketing strategiyasiga ko‘ra, ularni bitta reklama blokiga joylash mumkin», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Qonun loyihasida reklamaning umumiy hajmi bir soatlik efir vaqtining 15 foizidan va kunlik efir vaqtining 10 foizidan oshmasligi kerakligini belgilash taklif qilingan. Biroq, Mass-media fondining qayd etishicha, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi ko‘plab mamlakatlar teleradiokanallarida reklama vaqti cheklanmagan. Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo, Indoneziya, Ozarboyjon, Belarus kabi bir qator boshqa mamlakatlarda esa reklama teleradiokanallar kunlik efir vaqtining 20-25 foizidan oshmasligi belgilangan.

«Qonunda uning ta'sir doiralarini aniqlash muhim. Masalan, OAV saylov oldidan nomzodlarning targ‘ibot va boshqa turdagi reklama materiallarini efirga uzatishga va o‘z sahifalarida joylashga majbur bo‘ladi. Bunday holda, ushbu roliklarning hajmi reklama uchun ajratilgan umumiy efir vaqtidan hisoblanmasligi kerak.

Fond 30 daqiqa davom etadigan teleradiodasturlarda OAV tahririyatlariga loyihada ko‘rsatilgan 3 daqiqa o‘rniga 5 daqiqalik reklama blokini joylashtirishga ruxsat berilishi kerak, deb hisoblaydi. Ishonchimiz komilki, hech bir OAV tahririyati tomoshabinlar sonini yo‘qotib, ularning qiziqishlariga zarar keltiradigan reklama bloklarini shakllantirishga yo‘l qo‘ymaydi», – deya qayd etilgan fond bayonotida.