Jahon | 20:44 / 01.07.2021
2358
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriya parlamenti Twitter’ni blokdan chiqarishga rozi bo‘lmadi

Mamlakatda 5 iyundan Twitter faoliyati to‘xtatilgandi.

Foto: REUTERS/Dado Ruvic

Nigeriya federal parlamenti quyi palatasi mamlakat hududida Twitter ijtimoiy tarmog‘ining taqiqlanishini bekor qilish to‘g‘risidagi taklifni rad etdi. Bu haqda Vanguard gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, palatadagi ozchilik vakili Tobi Okechukvu ijtimoiy tarmoqning bloklanishini bekor qilish taklifi bilan chiqqan. U mamlakatda Twitter faoliyatini tiklashni taklif qilgan. Ammo quyi palata deputatlari bu taklifni bir ovozdan rad etdi.

Avvalroq Nigeriya axborot va madaniyat vaziri Lay Muhammad mamlakatda 5 iyundan Twitter faoliyati to‘xtatilishini ma'lum qilgandi.

Nigeriya hukumati va ijtimoiy tarmoq o‘rtasidagi nizo 2 iyunda, mamlakat prezidenti Muhammadu Buxoriyning ayirmachilarni davlat binolariga hujum qilgani uchun jazolash to‘g‘risidagi tahdidi o‘chirib tashlanganidan so‘ng kuchaydi. Shuningdek, Twitter Buxoriyning akkauntini 12 soatga bloklab qo‘ydi.

Mamlakat axborot va madaniyat vaziri ijtimoiy tarmoqni ikkiyoqlama standart va ayirmachilarga yon bosishda aybladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid