18:53 / 07.07.2021
9373

Markaziy Osiyo TIV rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

BMTning Preventiv diplomatiya markazi tashabbusi bilan 7 iyul kuni O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlarining virtual formatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, uchrashuvda afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash hamda siyosiy jarayonlarni rivojlantirishda afg‘on xalqining yetakchilik roli tamoyilini hurmat qilish bo‘yicha mintaqaviy sa'y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etilgan.

«Xalqaro terrorizm tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ushbu yo‘nalishda amaliy sa'y-harakatlarni ishlab chiqish muhimligiga e'tibor qaratildi.

Tomonlar Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish hamda kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu nuqtayi nazardan, Afg‘onistonning mintaqaviy integratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlikni qaror topishiga yordam beradi», deyiladi rasmiy axborotda.

Shuningdek, onlayn uchrashuvda Afg‘onistonga keng ko‘lamda ko‘maklashish, jumladan pandemiya davrida insonparvarlik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha ham atroflicha fikr almashilgan.

So‘nggi vaqtlarda AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi, toliblarning faollashuvi va Tojikiston hamda O‘zbekiston hududiga afg‘on askarlarining qochib o‘tishi ortidan Markaziy Osiyo davlatlari rasmiy idoralarida xavotirlar oshib bormoqda.

Xususan Tojikistonga qochib o‘tgan afg‘on askarlari soni 1,5 mingga yaqinlashib qoldi. Buning ortidan mamlakatda safarbarlik chaqiruvi e'lon qilindi.

Markaziy Osiyo rahbarlari bir necha marotaba o‘zaro va Rossiya prezidenti Putin bilan muloqot qildi.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuvi fonida O‘zbekiston va Tojikiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari AQShga borib keldi. Xususan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh Davlat kotibi, Pentagon rahbari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi «afg‘on mojarosini hal qilishning hozirgi holati istiqbollarini hamda mintaqada tez muddatlarda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashuvchi choralar» bo‘lib qolmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top