Jahon | 21:17 / 12.07.2021
10737
4 daqiqa o‘qiladi

«Lukashenko effekti»: Polsha Belarus bilan chegarada noqonuniy migratsiya o‘sganini ma'lum qildi. Litvada ham shu muammo

Iyul boshlarida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko respublika Yevroittifoqqa yo‘l olgan migrantlarni to‘xtatmasligini aytgandi.

Polsha-Belarus chegarasida ushlangan noqonuniy migrantlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravarga oshib ketdi. Bu haqda mamlakat chegara xizmatiga tayanib TASS xabar berdi.

«Yil boshidan buyon Podlyaska chegara xizmati tomonidan qo‘riqlanadigan Polsha-Belarus chegarasida chegarani noqonuniy kesib o‘tgan 238 nafar migrant ushlandi. O‘tgan yili mazkur uchastkada 122 nafar noqonuniy migrant ushlangandi», — deyiladi chegara xizmati xabarida.

Ta'kidlanishicha, «1 iyuldan beri chegara xizmati 91 nafar noqonuniy migrantni, jumladan, 40 va 49 kishidan iborat ikkita guruhni ushlagan».

Litva devor qurmoqchi

Avvalroq Litva noqonuniy migratsiya muammosi o‘sishiga duch kelgandi. Xabar qilinishicha, yil boshidan beri Belarusdan Litvaga asosan Afrika va Yaqin Sharqdan bo‘lgan 1676 nafar migrant o‘tgan, bu o‘tgan yildagiga nisbatan qariyb 20 baravarga ko‘p.

Litvaga o‘tgan migrantlar qo‘lga olinganidan so‘ng boshpana so‘rashmoqda. Mamlakat vazirlar mahkamasi 2 iyul kuni migratsion inqiroz sababli favqulodda vaziyat rejimi e'lon qildi.

Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite respublika migrantlar oqimini to‘xtatish uchun Belarus bilan chegarada devor qurishni mo‘ljallayotganini aytdi.

Yevrokomissiya Litvaga 10 mln yevro ajratadi

Ichki ishlar bo‘yicha yevrokomissar Ilva Yohansonning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya Litvaga noqonuniy migratsiya muammosini hal qilishi uchun 10 mln yevro ajratadi. 

«Komissiya Litvani ushbu murakkab, og‘ir vaziyatni hal qilishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Avgustda turli fondlardan 10 mln yevro ajratiladi», — dedi u.

«Fronteks» Litva-Belarus chegarasiga o‘z chegarachilarini jo‘natadi

12 iyul kuni Yevropa ittifoqining tashqi chegaralar xavfsizligi agentligi («Fronteks») migratsion inqiroz kuchayishi sababli Litva va Belarus chegarasiga o‘z chegarachilarini jo‘natishini xabar qildi.

Qayd etilishicha, agentlik 1 iyul kuni Litva-Belarus chegarasiga ofitserlar va qurilmalarini jo‘natgan.

«Yordamni kuchaytiramiz va qo‘shimcha chegarachilar, patrul mashinalari hamda jinoiy tarmoqlar to‘g‘risida ma'lumot to‘plash maqsadida migrantlar orasida so‘rov o‘tkazish uchun ixtisoslashgan ofitserlarni jo‘natamiz», — dedi agentlik rahbari Fabris Lejyeri.

«Fronteks» Litva chegarasiga o‘z chegarachilarini yaqin kunlarda jo‘natishi kutilmoqda. Agentlikning ma'lumot berishicha, iyulning birinchi yarmida Litva hukumati 800dan ortiq migrantlarning chegaradan noqonuniy o‘tish holatlarini qayd etgan. Migrantlarning aksariyati Kongo, Gambiya, Gvineya, Mali va Senegal fuqarolari hisoblanadi.

«Lukashenko effekti»

Iyul boshlarida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko respublika Yevroittifoqqa yo‘l olgan migrantlarni to‘xtatmasligini aytgandi.

«Agar kimdir Polsha, Litva, Latviya va Ukraina bilan chegarani yopishimizni va Afg‘oniston, Eron, Iroq, Liviya, Suriya, Tunisdan keladigan qochoqlar makoniga aylanishimizni o‘ylayotgan bo‘lsa, u kamida adashayotgan bo‘ladi. Biz hech kimni hech qachon to‘xtatmaymiz: ular bizgamas, yorqin, iliq, shinam Yevropaga borishmoqda», — degandi u.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid