Sport | 14:44 / 15.07.2021
17278
14 daqiqa o‘qiladi

Yozning asosiy transferlari: «PSJ» drim-tim yig‘di, Sancho «MYu»da, Depay «Barselona»da

Yevropa chempionati arafasida, turnir vaqtida va turnirdan keyin bir qator katta transferlar amalga oshirildi.

Janluiji Donnarumma
Qayerdan:
 «Milan»
Qayerga: «PSJ»
Transfer qiymati: erkin agent

Yevro-2020ning bosh qahramoni «Milan» bilan shartnomasini uzaytirishni istamadi. Bu haqda turnirdan avvalroq ma'lum bo‘lib ulgurgandi, shu tufayli klub «Lill»da ajoyib mavsum o‘tkazgan fransiyalik darvozabon Mik Menyanni 15 mln yevro evaziga safiga qo‘shib olib, u bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Yevrodagi g‘alabadan keyin Donnarumma o‘zining so‘nggi olti yilini o‘tkazgan «Milan» klubi muxlislari bilan iliq xayrlashdi. «Barselona», «Yuventus», «Roma», «Chelsi» va «Tottenhem» kabi klublardan ham qiziqishlar bo‘lgan darvozabon Parijni tanladi. 14 iyul kuni Donnarumma «PSJ» futbolchisi sifatida tanishtirildi. Parij klubi bilan 2026 yilgacha shartnoma tuzgan 22 yoshli darvozabon 50-raqamli futbolkada harakat qilib, yiliga 12 million yevro miqdorida maosh oladi.

Ashraf Hakimi
Qayerdan: «Inter»
Qayerga: «PSJ»
Transfer qiymati: 60 million yevro (+11 million yevro bonuslar ko‘rinishida)

«PSJ» — transfer bozorida yana faol ishtirokchi. Klub 6 iyulkuni Hakimi transferini e'lon qilgandi. «Inter» bilan Italiya chempioni bo‘lgan marokashlik himoyachi Milanda uzoq vaqt qolmadi — bir mavsum o‘tib u o‘z kuchini yana bir yangi chempionatda sinab ko‘radi. Ushbu o‘ng qanot himoyachisi «neradzurri» uchun barcha turnirlar doirasida 45 o‘yin o‘tkazib, 7 gol urdi va 11 golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning bu o‘yinlaridan keyin Parijdan taklifnoma uzoq kuttirmadi — «Inter»da esa moliyaviy jihatdan qiyin davrlar boshlangan va klub rahbariyati ham bu taklifni jon deb qabul qildi. Futbolchi Parijda yiliga 10 million yevro miqdorida maosh bilan ta'minlanadi.

Serxio Ramos
Qayerdan: «Real»
Qayerga: «PSJ»
Transfer qiymati: erkin agent

Bu yozda parijliklar erkin agentlar bozorida juda unumli harakat qilishdi. 21 asrning eng yaxshi to‘purar himoyachisi Serxio Ramos ham klubga tekinga tushdi. Ispaniyalik faxriy himoyachi «Real» bilan kelishuvni uzaytirmadi. Madrid klubida u 16 yil o‘tkazdi va 22 sovrin, jumladan to‘rt bor Chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. 35 yoshli futbolchining «PSJ» bilan shartnomasi ikki yilga mo‘ljallangan.

David Alaba
Qayerdan: «Bavariya»
Qayerga: «Real»
Transfer qiymati: erkin agent

Madridga Ramos uchun munosib o‘rinbosar tashrif buyurdi. 29 yoshli David Alaba faoliyatining katta qismini chap qanot himoyachisi sifatida o‘tkazgan, ba'zida sal yuqoriroq joylashib, hujumlarga faol qo‘shilgan. «Bavariya»da so‘nggi ikki mavsumda ushbu avstriyalik himoya markazida o‘ynadi va uning o‘yini sifat jihatdan o‘zgarmadi. U myunxenliklar safida 12 yil o‘tkazib, 28 sovrin yutib oldi, shundan 2tasi YeChL g‘olibligi. «Real»ga o‘tish — Alaba uchun yangi chaqiriq. Shartnoma besh yilga mo‘ljallangan.

«Men bir katta klubni boshqa bir katta klub uchun tark etmoqdaman. «Real»ga qo‘shilayotganimdan katta faxr tuyaman. Myunxendagi shuncha yildan keyin men yangi chorlovni qabul qildim va Madrid klubining ajoyib tarixi davom etishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», deya yozdi «Qirollik klubi»ning yangi a'zosi tvitterida.

Jurnalist Fabritsio Romanoning ma'lumotiga ko‘ra, Alabaning yillik maoshi miqdori 12 mln yevroga teng bo‘ladi. Transfermarkt portali uning «Real»ga o‘tishini tarixdagi eng qimmatbaho bepul transfer deb tan olgan. Hozirda avstriyalikning transfer qiymati 55 mln yevroga baholanmoqda.

Ibrahima Konate
Qayerdan: «Leypsig»
Qayerga: «Liverpul»
Transfer qiymati: 40 million yevro

Mersisaydliklar nihoyat van Deyk bilan himoyada tandem hosil qila oladigan sifatli futbolchiga ega bo‘ldi. «Liverpul» 22 yoshli futbolchi uchun «Leypsig»ga 40 million yevro to‘ladi. Konate Bundesliganing so‘nggi ikki mavsumida turli jarohatlar tufayli barqaror o‘ynay olmagan bo‘lsa-da (jami 22 o‘yin), «Red Bull»da murabbiy bo‘lgan Ralf Rangnik Konate aql bilan o‘ynashi va maydonda kerakli vaqtda to‘g‘ri pozitsiya tanlay olishini e'tirof etgandi. Katta ehtimol bilan Yurgen Klopp uning aynan shu jihatlariga e'tibor qaratgan.

Jorjino Veynaldum
Qayerdan: «Liverpul»
Qayerga: «PSJ»
Transfer qiymati: erkin agent

Top darajadagi erkin agentlar Parijga kelishi davom etadi. «Liverpul» va Niderlandiya termasi yetakchisi Jorjino Veynaldum mavsum davomida klubni tark etishini bildirgandi. Lekin uning rejalarida Parij giganti yo‘q edi. Veynaldum «Barselona»da o‘ynashni istagan, yozgacha u katalonlar klubida paydo bo‘lishiga hech kim shubha qilmayotgandi, ammo so‘nggi lahzalarda «PSJ» varianti paydo bo‘ldi. Parijliklar unga ikki barobar ko‘p maosh taklif etishdi. Niderlandiya termasi sardori poytaxt klubida 2024 yilga qadar to‘p suradi, uning yillik maoshi miqdori 10 million yevroga teng.

Rodrigo De Paul
Qayerdan: «Udineze»
Qayerga: «Atletiko»
Transfer qiymati: 35 million yevro

Bu yozning eng yangi transferlaridan biri — Rodrigo De Paulning «Atletiko»ga o‘tishi bo‘ldi. Argentinalik ushbu futbolchi ancha vaqtdan buyon «Udineze» darajasidan o‘tib ketgandi, ammo ushbu kamtargina italyan klubida ko‘p vaqt qolib ketdi. So‘nggi vaqtlarda «Yuventus»ga o‘tishi aytilgan ushbu futbolchi Amerika Kubogidagi yorqin o‘yinlaridan keyin boshqa bir top-klubda paydo bo‘ldi. De Paul Amerika Kubogi finalida Braziliyaga qarshi o‘yinda g‘alaba golini urgan Anxel Di Mariyaga golli uzatma berdi va millat qahramonlaridan biriga aylandi. 27 yoshli futbolchi Ispaniyaning amaldagi chempionlari bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi.

Hoqon Chalxono‘g‘li
Qayerdan: «Milan»
Qayerga: «Inter»
Transfer qiymati: erkin agent

2021 yil yozi Hoqon Chalxono‘g‘li uchun murakkab kechdi. Avvaliga Turkiya termasi bilan Yevro-2020da muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Keyin faoliyatini davom ettirish bo‘yicha qiyin qaror qabul qilindi. Chalxono‘g‘li to‘rt yil «Milan»da to‘p surdi, ammo shartnomasini yangilashni istamadi. Yakunda ushbu turk futbolchisi «rossoneri»ning azaliy raqibi «Inter» safiga o‘tishga qaror qildi va bu klub bilan uch yillik shartnoma tuzdi. Keyingi derbi vaqtida Chalxono‘g‘li o‘zini juda noqulay his qilishi ta'minlanadi.

Emiliano Buendia
Qayerdan: «Norvich»
Qayerga: «Aston Villa»
Transfer qiymati: 38 million yevro

Iyun oyi boshida Angliyadagi eng shov-shuvli transferlardan biri amalga oshdi. Ko‘p yillardan buyon Chempionshipda ham, APLda ham «Norvich»ning asosiy yetakchisi bo‘lib kelgan, allaqachon top-klublar uchun tayyor futbolchiga aylangan Emiliano Buendia «Aston Villa»ga o‘tdi. 24 yoshli argentinalik yakunlangan mavsumda «Norvich» safida 15 gol urgan (5ta golini jarima maydoni tashqarisidan urgan) va 16 golli uzatmaga mualliflik qilib, jamoasi bilan Chempionshipda chempion bo‘lgan. Bir yildan buyon «Arsenal» nishonida bo‘lib kelgan futbolchi birmenhemliklarni tanladi. O‘ng qanotga yaqin harakatlanadigan Buendia yangi klubida Jyek Grilish bilan raqobatchi bo‘lmaydi, lekin agar u boshqa klubga transfer qilinsa, uning o‘rniga jamoa yetakchisi bo‘lishi mumkin.

Jyeydon Sancho
Qayerdan: «Borussiya» D
Qayerga: «Manchester Yunayted»
Transfer qiymati: 85 million yevro

Bu ro‘y berdi. Jyeydon Sancho Dortmundning «Borussiya» klubidan «Manchester Yunayted»ga o‘tishi haqida xabarlar ancha vaqtdan beri yurardi, «qizil iblislar» shu yozga kelib ushbu ingliz vingeri transferini e'lon qildi. Ushbu kelishuvdan manchesterliklarning qo‘shnisi ham ulush oladi. «Borussiya»ga ketishdan oldin Sancho ikki yilni «Manchester Siti» tizimida o‘tkazgan, shu tufayli «shaharliklar» ushbu transferdan 13 million yevro atrofida foyda ko‘radi.

Memfis Depay
Qayerdan: «Lion»
Qayerga: «Barselona»
Transfer qiymati: erkin agent

Depayning «Barselona»ga o‘tishini Sanchoning «Manchester Yunayted»ga o‘tishidan kam kutishgani yo‘q. Kataloniyaliklar, xuddi «PSJ» kabi bu yozda ko‘proq erkin agentlarni safga qo‘shib olishga e'tibor qaratishmoqda. Yevrodan oldin ular Serxio Aguero va Erika Garsiyaning transferini e'lon qilishgandi, turnir vaqtida esa Depay bilan kelishuvga erishilgani rasman ma'lum qilindi.

Yakunlangan mavsumda ushbu niderlandiyalik futbolchi «Lion» uchun barcha turnirlar doirasida 40 o‘yinda ishtirok etib, 22 gol urdi va 12 golga uzatma berdi. Yevro-2020da ushbu hujumchi ikki gol va ikki golli uzatmasi bilan terma jamoasi pley-offga chiqishiga yordam berdi, ammo 1/8 finalda chexlarga qarshi o‘yinda hech narsa qila olmadi (0:2). Katalonlar klubida Depay ikki mavsum o‘tkazadi.

Andre Silva
Qayerdan: «Ayntraxt»
Qayerga: «Leypsig»
Transfer qiymati: 23 million yevro

Andre Silva «Leypsig»da o‘ynab keta olishi haqida aniq aytish qiyin, ammo nemis klubi yaxshi transfer amalga oshirdi. Ushbu portugaliyalik o‘tgan mavsumda Bundesligada 28 gol urib Levandovskidan keyingi ikkinchi to‘purar bo‘lgan, bu borada Erling Holandni (27 gol) ortda qoldirgan, «Leypsig» esa uni hozirgi o‘lchovlar bo‘yicha ancha arzon narxda - 23 million yevro evaziga qo‘lga kiritdi. 25 yoshli hujumchi bilan 5 yillik shartnoma imzolangan.

Petson Daka
Qayerdan: «Zalsburg»
Qayerga: «Lester»
Transfer qiymati: 30 million yevro

Dakuga bahordayoq top-klublar e'tibor qaratishni boshlagandi. Yakunlangan mavsumda u Avstriya Bundesligasini titratdi: 28 o‘yinda 27 gol urib, katta farq bilan liganing eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Aprelda u 8 daqiqa ichida het-trik qayd etganidan keyin uning shuhrati Yevropa bo‘ylab yoyildi. Zambiyalik futbolchi Avstriya chempionati uchun rekord qiymatdagi transfer bo‘ldi, u ingliz klubi bilan besh yillik shartnomaga imzo chekkan.

Serxio Aguero
Qayerdan: «Manchester Siti»
Qayerga: «Barselona»
Transfer qiymati: erkin agent

Argentinalik hujumchi 10 yilini «Manchester Siti»ga bag‘ishladi, klub tarixidagi eng sovrindor futbolchi bo‘ldi. Endi u «shaharliklar» safini erkin agent maqomida tark etdi va o‘z do‘sti Messi bilan «Barselona»da o‘ynaydigan bo‘ldi. Mundo Deportivo nashri ma'lumotiga ko‘ra, Agueroning Kataloniyadagi yillik maoshi miqdori 6 mln yevro bo‘ladi, bu «Siti»dagidan bir necha barobar kamroq (uning ingliz klubidagi maoshi 23 mln yevro edi). Uning shartnomasida 100 mln yevro miqdorida badal puli belgilab qo‘yilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid