Pochettino qoladi
29 may kuni oqshomida Parijda nimalar bo‘lgani aniq emas, ammo mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, «PSJ» bosslaridan biri bir yil muqaddam fransuz superklubini tarixda ilk marta Chempionlar ligasi finaliga olib chiqqan Tomas Tuxel endi «Chelsi» formasida «quloqli» kubokni boshi uzra ko‘tarayotganiga alam bilan boqqan. Bu chempionlikni «Lill»ga boy berib qo‘ygan va ikkinchi darajali kuboklarnigina o‘ziniki qilgan Parij xo‘jayinlari uchun ikkinchi zarba edi.

Murabbiylik faoliyatida shu vaqtgacha sovrinsiz bo‘lgan Maurisio Pochettino esa Fransiya kubogi va Superkubokni ham natija sifatida qabul qildi. «PSJ» uchun bu — tubga cho‘kish hisoblanardi, ko‘p o‘tmay fransuzlar poytaxtida argentinalik mutaxassis o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagani uchun almashtirilishi haqida mish-mishlar bolaladi. Ammo, ayrim insayderlik ma'lumotlaridan boshqa xabarlar bo‘lmadi, klub esa barcha mish-mishlarni rad etib chiqdi. O‘z navbatida, «Tottenhem» va «Real»dan takliflari bor bo‘lgan murabbiyning o‘zi ketishni istayotgani haqidagi versiya ham tasdiqlanmadi.

«Pochettino haqidagi mish-mishlardan zerikib ketdik. Uning yana ikki yillik shartnomasi bor va biz uning ishidan qoniqish hosil qilmoqdamiz», — deya ishonch bildiradi sport direktori Leonardo. Ammo uning bu so‘zlari fransuz nashrlarini tinchlantira olmaydi. Ba'zi manbalar murabbiy klub menejmenti faoliyatidan noroziligiga urg‘u bersa, boshqalari Pochettino o‘ziga bildirilgan ishonchdan minnatdorligi va shu tufayli ham tomonlar hamkorlikni davom ettirishini aytishdi.

Faxriy futbolchilar tajribasi va yosh yulduzlarning chanqoqligi

Mish-mishlarga faqat «PSJ» prezidenti Nosir Al-Helayfining intervyusi nuqta qo‘ydi, u bosh murabbiy bilan ikki suhbati haqida gapirib berdi. Bu suhbatlarning har biri bir necha soatdan davom etgan va Pochettino klubda naqadar berilib ishlayotgani haqida xulosa hosil qilingan. Murabbiy Jorjino Veynaldumning transferida muhim rolni o‘ynagan, u niderlandiyalik futbolchini Parij varianti «Barselona»ga o‘tishdan ko‘ra yaxshiroq ekaniga ishontirgan. Albatta, tabiiyki «PSJ»ning moliyaviy imkoniyatlari ham hal qiluvchi bo‘lgan, Veynaldum yozgi transferlarda birinchilardan bo‘lib juda yog‘li shartnomani qo‘lga kiritdi.

O‘sha intervyuda Al-Helayfi koronavirus inqirozi barchaga ta'sir ko‘rsatgani, shu tufayli ko‘p vaqt davomida katta xaridlar bo‘lmaganini aytib o‘tgan. Fransiya grandi qishda hech kimni sotib olmagan, o‘tgan mavsum arafasida esa ijara asosida o‘ynab kelgan Mauro Ikardining transfer huquqini sotib olib, Alessandro Florensi, Moyze Kin va Danilu Pereyruni ijaraga olgandi.