Ispaniya Yevro-2020 uchun zayavkasini e'lon qilganida Piriney yarimorolidagi dangasa odamlargina «Qizil furiya» so‘nggi 15 yillikda ilk bor yirik turnirga Serxio Ramossiz yo‘l olayotganini muhokama qilmadi. Aytish mumkinki, hatto himoyachi bo‘lsa ham u shvedlarning avtobusini buzib o‘tish yo‘lini topgan bo‘lardi. Ammo, jarohat tufayli uyda qoldirilgan jahon chempioni, Yevropa chempionatining ikki karra g‘olibi muxlislar e'tiborini qit'a chempionatidan o‘ziga qarata oldi.

Ramos «Real» bilan xayrlashdi, u bilan «Qirollik klubi»dan butun bir davr ketmoqda. Bunaqa xayrlashuv oxirgi marta Madriddan Krishtianu Ronaldu ketganida ro‘y bergandi. Ammo hozir vaziyat biroz boshqacharoq — qaymoqranglilar aniq endi avvalgidek bo‘lishmaydi. Hatto Karim Benzema, Toni Kroos, Ispaniya poytaxtida baribir yana bir yilga qolgan Marselu hamda yangi shartnomaga ega bo‘lgan Luka Modrich bilan ham.

Zinedin Zidan bilan xayrlashuv ham xotirjamroq qabul qilingandi. Bu fransuz mutaxassisi avval «Real»dan ham futbolchi, ham murabbiy sifatida ketgani, oxirgi ketishi haqida ancha oldinroq ma'lum qilgani bilan bog‘liq. Qolaversa, birinchi marta jamoani boshqarganida Zizu YeChLda uch bor g‘olib bo‘lgan, ikkinchi urinishda esa ishonchni oqlay olmadi. La ligadagi triumf yetarli hisoblanmadi, ammo o‘sha titul — Ramosning so‘nggi g‘alaba qo‘shig‘i bo‘lib qoldi.

Uning soqolli yuzi va vikinglarniki kabi porlab turadigan ko‘zlari «Real»ning so‘nggi yillardagi ramziga aylangandi. «Santyago Bernabeu»ga qaytib, yangi jamoaga kirishgan Karlo Anchelottiga uning yo‘qligi bilinadi. Italiyalik mutaxassis ilk matbuot anjumanidayoq Ramosning kelajagi borasida gapirgandi: «Men «Real»ni usiz tasavvur eta olmayman».

Bu yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erisha olmay kelayotgan Serxioning o‘ziga ham, «Real» prezidenti Florentino Peresga ham aniq signal edi. Bu birinchi holat emas, olti yil oldin ham Ramos «MYu»ga ketib qolish bilan tahdid qilgan, yakunda o‘z maoshi miqdorini 10 million yevroga oshirib olgan, bu isyoni uning g‘olibligi bilan yakunlangan «Real» unga Manchesterdagilar va'da qilayotganidan ikki million ko‘proq taklif qilishga majbur bo‘lgandi. O‘shanda Serxio faoliyatini Madridda yakunlashni istashini tan olgandi, shu bilan birga buning sharti borligini qo‘shimcha qilgandi: agar bunga prezident qarshi bo‘lmasa.

Ramos Peres yulduzlar bilan qanday xayrlashganiga guvoh. O‘tgan safargi shartnoma muammosi yuzaga kelganida Iker Kasilyas jamoadan quvilganiga ko‘p bo‘lmagandi. Ehtimol, sardorning taqdiri jamoa 2019 yil martida Chempionlar ligasida «Ayaks»dan sharmandali mag‘lubiyatga uchrab (1:4), turnirni tark etganidan keyin kiyim almashtirish xonasida Peres bilan aytishib qolganida hal bo‘lgandir. O‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgan Ramos futbolchilarni tanqid qilgan prezidentga qarshi chiqqan va Peres uni jamoadan haydash bilan tahdid qilganida shunday degandi: «Pulimni ber, ketaman. Men bu emblema, klub va hatto sen uchun borimni berdim».