Amalga oshmagan va'da
O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Serxio Agueroning 2014 yilgi intervyusidan iqtibos tarqaldi. O‘shanda argentinalik hujumchi o‘z avtobiografiyasi taqdimotida va klub bilan yangi shartnoma imzolaganidan keyin Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lmaguncha «Manchester Siti»ni tark etmasligini aytgandi.

Aguero — ingliz klubining uyg‘onish davri ramzidir. To‘g‘ri, millionlab investitsiyalarsiz «Siti» maqsadlariga erisha olmasdi. Ammo argentinalik futbolchi «shaharliklar» yangi davrda Angliyadagi birinchi chempionligini nishonlashidan avval o‘ynay boshlagandi. 

Birgina gol uni «Manchester Siti» afsonasiga aylantirgandi. 2012 yilda KPR bilan kechgan dahshatli so‘nggi tur o‘yinining so‘nggi soniyalarida aynan Kun g‘alaba golini urib (3:2), jamoaga 44 yil ichidagi ilk chempionlikni keltirgandi. O‘sha mavsumda oxirgi turning oxirgi lahzalarigacha intriga saqlanib qolgan, parallel kechgan o‘yinda «MYu» ham g‘alaba qozonib, chempionlikni nishonlashga tayyor turgandi.

Aguero bu bilan to‘xtab qolmadi. U faoliyatining o‘n yilini «shaharliklar»ga bag‘ishladi va ushbu klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi - barcha turnirlar doirasida 390 o‘yinda 260 gol. Kun APL tarixidagi eng yaxshi to‘rtinchi snayper (184 gol) - undan oldinda faqat Alan Shirer (260), Ueyn Runi (208) va Endi Koul (187). Shu bilan birga, xorijlik futbolchilar orasida eng yaxshi to‘purar. Bundan tashqari, u APL tarixidagi eng samarali forvard - uning bir goli uchun o‘rtacha 100 daqiqa atrofida vaqt ketgan, bu esa Terri Anri, Harri Keyn, Mo Saloh va Rudd van Nistelroy kabi futbolchilarnikidan ham yaxshiroq.