Sport | 23:44 / 25.07.2021
5865
1 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada sovrindorlariga 30 soniyaga niqobni yechishga ruxsat berildi

Foto: Paul Kitagaki Jr. \ Zuma \ TASS

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Tokio Olimpiadasi sovrindorlariga ularni taqdirlash marosimida niqobsiz suratga tushishga ruxsat berdi. Bayonnomaga ko‘ra, sovrindorlarga shohsupada o‘z o‘rinlarida qolgan holda himoya niqobini 30 soniyaga yechgan holda suratga tushishga ruxsat beriladi.

Bunda sovrindorlar milliy madhiya yangragandan keyin maxsus imo-ishoraga ko‘ra niqoblarini yecha oladilar. Ular bunda o‘z o‘rinlarini tark etmasliklari va belgilangan soniyalar tugagandan keyin niqoblarini taqib olishlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, sovrindorlarga niqoblarini yechmagan holda shohsupaning bir zinasida birga suratga tushishga ruxsat beriladi.

Olimpiadada ishtirok etuvchi sportchilar talab qilingan joylarda niqob taqib yurishlari shart, aks holda ularga intizomiy choralar ko‘rilishi mumkin.

1 iyuldan boshlab Olimpiadaga aloqador xorijliklar va yaponiyaliklar, jumladan, sportchilar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va delegatsiyalar a'zolari orasida 127ta kasallanish holati qayd qilindi.

Mavzuga oid