O‘zbekiston | 20:00 / 29.07.2021
45784
4 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors nega odamlarning mulkdor bo‘lish huquqini cheklamoqchi?

UzAuto Motors o‘z savdo ma'lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirishi – jamiyatdagi xususiy mulkdor huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanadi.

Avtokompaniya bayonotida bunday chora ko‘rilishiga sabab bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20, hattoki 200ta kelishuv shartnomalari tuzilganlik holatlari aniqlangani sabab bo‘lgani aytiladi.

Kompaniya bunga chek qo‘yish uchun o‘z savdo ma'lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirishni taklif etmoqda. Ikki axborot tizimi o‘rtasida ma'lumotlar almashuvi dastlab tajriba tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik respublika miqyosida joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Bu holat yangi avtomobil tanqisligi sharoitida mashina uchun to‘lov qilib, o‘z navbatini sotayotgan fuqarolar paydo bo‘lgani va ularga qarshi kurash chorasi sifatida baholangan.

Qaysidir ma'noda bu qarorni «shapka» deya ataluvchi holatlarning oldini olishga nisbatan ijobiy chora-tadbir sifatida baholash mumkindir. Ammo tanganing boshqa tomoniga e'tibor qaratilsa, bu jamiyatdagi xususiy mulkdor huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasida xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmasligi belgilangan.

Fuqarolik kodeksining 207- moddasida davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta'minlash va uning ko‘paytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi ta'kidlangan.

Mazkur kodeksning 354-moddasida esa fuqarolar va yuridik shaxslarning shartnoma tuzishda erkinligi qayd etilgan.

Lekin bizda doim shunday: nimadir qilishmoqchi bo‘lsa, bunga erishish uchun darrov turli cheklov va taqiqlar o‘ylab topiladi va darhol amalga tatbiq etiladi.

O‘ylab topilib, joriy qilinayotgan taqiqlar va cheklovlar davlatning qonunlari va bozor qonuniyatlariga muvofiq keladimi-yo‘qmi, qanday oqibatlar keltirib chiqarishini o‘ylab ko‘rish esa hech kimning xayoliga kelmaydi. Kelsa ham, bunga amal qilishni istashmaydi. Sababi ma'lum — ko‘pgina cheklovlar monopoliyalar manfaatlarini ko‘zlab amaliyotga tatbiq etiladi.

O‘zingiz o‘ylang: bir necha yildan beri O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifatsizligi, qimmatligi, vaqti-vaqti bilan mashinalar narxi asossiz oshirilayotgani sababli kompaniya keskin tanqidlarga uchrab kelmoqda.

Sog‘lom raqobat sharoitidagi bozorda taklif qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu ishlab chiqaruvchining manfaatlariga xizmat qiladi. Ammo bugun iste'molchilar oldida boshqa muqobil tanlov yo‘q. Shu sabab odamlar kompaniya tomonidan ilgari surilayotgan takliflarga ko‘nishga majbur.

Vaziyat shunchalikki, ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtomototransport vositalarini notarial tarzda rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ham haddan ziyod qimmat davlat bojlari o‘rnatilgan.

Monopolist kompaniya esa o‘zi ishlab chiqargan eski mashinalarni ham o‘ziga raqobatchi deb biladi.

Aslida, bu yerda gap aholi o‘rtasida haddan ziyod talab borligida ham emas, balki paydo bo‘layotgan talabga nisbatan yetarlicha taklif berilmayotganidadir.

Ishlab chiqarish qisqarishi yoki talabning qondirilmasligi jamiyatdagi xususiy mulk daxlsizligiga aslo raxna solmasligi kerak. UzAuto Motors esa mahsulotini o‘tkazish uchun bunday sun'iy usullardan foydalanmasdan, mahsulot ishlab chiqarish sifati, hajmi va xilma-xilligini oshirsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shuhrat Shokirjonov,
Doston Ahrorov

Mavzuga oid