Jamiyat | 21:14 / 04.08.2021
12574
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda Oilaviy bolalar uyi ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va ma'naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazishga alohida e'tibor qaratilib, bu borada yangi tizim joriy qilinishi ta'kidlangandi.

Foto: Milliy gvardiya

Bugun Toshkent shahri Yunusobod tumanida ilk marotaba Umida va Polvon Turdaliyevlar oilasi 21-sonli Mehribonlik uyidan 5 nafar o‘g‘il-qizlarni o‘z tarbiyasiga olib, Oilaviy bolalar uyi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Oilaviy bolalar uyi ochilish marosimida Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Yunusobod tuman hokimligi va boshqa mas'ul vazirlik hamda tashkilotlar mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi.

Ular Umida Turdaliyeva boshlagan ushbu oliyjanob ishga muvaffaqiyat tilagan holda, doimo ko‘makdosh bo‘lishlariga hamda oila a'zosiga aylangan ushbu o‘g‘il-qizlarning ma'naviyatli va vatanparvar bo‘lib kamol topishlariga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va ma'naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazishga alohida e'tibor qaratilib, bu borada yangi tizim joriy qilinishi va bunga Milliy gvardiya mas'ul etib belgilanishi ta'kidlangan edi.

Yig‘ilishda Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayevga ikki hafta muddatda har bir Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga shaxsan o‘zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofitser va psixologlarini biriktirish, logoped va defektologlarni ishga olish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Mavzuga oid