Rustam Jo‘rayevga mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bilan ishlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi. Prezident sohada ishlar qoniqarsiz ekanligini bildirib, yangi tizim joriy qilinishini bildirdi.
«16ta Mehribonlik uylari va 4ta Bolalar shaharchalari Xalq ta'limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Rustam Jo‘rayev boshliq Milliy gvardiyaga o‘tkaziladi. Buning uchun Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, boshqarma tashkil etiladi. Milliy gvardiya bu bolalarimizning ta'lim tizimi, xususan, oliy ta'lim olishlarigacha tizimni ishlab chiqadi. Bunda qizlarga alohida, o‘g‘il bolalarga alohida yondashuv bo‘ladi. Oliy o‘quv yurtlarini bitirganlar Milliy gvardiyaga ishga olinishi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Bilasizlarmi, u bolalar, ayniqsa qizlar o‘zi shundoq ham o‘ksinishda. Men ularning ko‘zlariga qaradim. Katta ishonch bor u ko‘zlarda. Har bir bolaga mehr beruvchi, ota-onalar mehrini beruvchi insonlarni topib berishimiz kerak», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Milliy gvardiya rahbari Jo‘rayevga ikki hafta muddatda har bir Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga shaxsan o‘zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofitser va psixologlarini biriktirish, logoped va defektologlarni ishga olish bo‘yicha topshiriq berildi.
«Jo‘rayev bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida ularni Milliy gvardiyaning harbiy qismlari, poligonlari, chavandozlar maktablariga olib chiqib, harbiy texnikadan foydalanish, ot sportiga o‘rgatishni tashkil etadi.
Ikki oy muddatda biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlarini bolalar bilan ishlashga o‘qitadi. Shuningdek, Mehribonlik uylaridagi bolalarga tarbiya berish, ularni fan, IT-texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, sportning nufuzli turlari bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi metodikalar ishlab chiqiladi.
Bittadan mehribonlik uylarini namunaviy qilamiz. Lekin baribir asosiy mas'uliyat Rustam Jo‘rayev boshliq Milliy gvardiyaga yuklanadi.
Bu tizim orqali, kelgusida ushbu o‘g‘il-qizlar orasidan “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari va Jamoat xavfsizligi universiteti tinglovchilari, vatanimizning chinakam posbonlari yetishib chiqishiga ishonchim komil», dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
00:30
Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgga bordi
20:19 / 24.12.2024
2025 yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshi oshiriladi
18:47 / 24.12.2024
Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etiladi, 162 ta bog‘cha quriladi
18:11 / 12.12.2024