Jahon | 15:35 / 15.08.2021
11473
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston TIV respublika afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilishi to‘g‘risidagi xabarni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi bilan respublikada 2 ming nafar afg‘on qochqinlarini joylashtirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar tarqalgan.

Foto: Bradley Secker/Global Look

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi respublika afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilishni rejalashtirgani to‘g‘risidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarni rad etdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ma'lum qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi bilan telefon orqali muloqotida respublikada 2 ming nafar afg‘on qochqinlarini joylashtirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar tarqalgandi.

«Bugungi kunda tarqalgan xabar haqiqatga mos kelmaydi. Afg‘onistondagi vaziyat har soatda o‘zgarmoqda, shu sababli aniq qaror haqida gapirishga hali erta», dedi Smadiyarov.

Yakshanba kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Afg‘onistondagi Qozog‘iston fuqarolari va diplomatlarining xavfsizligini ta'minlash choralarini ko‘rish topshirig‘ini bergan.

OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bir necha soat ichida hokimiyatni toliblarga topshiradi.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid