O‘zbekiston | 22:50 / 25.08.2021
7419
3 daqiqa o‘qiladi

“Yuzdan ortiq ko‘priklar egasiz” - Qutbiddin Burhonov

Respublikadagi avtomobil yo‘llari va ko‘priklarning holati Senat tomonidan ekspertlarni jalb qilgan holda batafsil o‘rganilgan. Bu jarayonda yo‘llar qaysi standartlarga javob bermasligi, yuzdan ortiq ko‘priklar egasiz ekani, mabodo ularga biror tabiiy ofat natijasida ziyon yetsa, uni tuzatadigan mas'ul yo‘qligi aniqlangan.

Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qo‘mitaning 24 avgustdagi yig‘ilishida ma'lum qildi.

“Bu masala qo‘mitamiz tomonidan batafsil o‘rganildi. Respublikamizdagi barcha avtomobil yo‘llari holatlari, ayniqsa, ko‘priklarni batafsil o‘rgandik. Bu ishga kerakli mutaxassislarni, ekspertlarni va ko‘p vazirliklarning mutaxassislarini jalb qildik. Biz bu masalada hukumatga yo‘llar qaysi standartlar, qaysi qonun talablariga javob bermasligini aniq ko‘rsatganmiz, ekspertlarning xulosalarini to‘liq berganmiz.

O‘rganish davomida yuzdan ortiq ko‘priklarning egasiz ekani, mabodo ularga biror tabiiy ofat natijasida ziyon yetsa: “Bu seniki, bu meniki emas, ko‘prik menga qarashi haqidagi hujjatni topib ber”, deydigan juda ko‘p holatlar yuzaga chiqdi.

Shularning barchasiga aniqlik kiritib, aniq bir tashkilotlarga belgilash, ularga javobgarlik mas'uliyatini shu tashkilot olishi haqida hukumatga so‘rov yuborgandik.

Oliy Majlis Senatining shu yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan XV yalpi majlisida mamlakatimizdagi avtomobil yo‘llari hamda sun'iy inshootlar, ya'ni ko‘priklarning holati transport vositalari xavfsiz harakatlanishini ta'minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilgandi. Hukumat tomonidan Senat qarorida belgilangan muddatda javob kelib tushdi. Parlament so‘rovi natijalarini Senatning XIX yalpi majlisida muhokama qilish rejalashtirilmoqda”, – deya Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Senatning XV yalpi majlisida Qutbiddin Burhonov avtomobil yo‘llarini qurish, ta'mirlash va rekonstruksiya qilish borasida olib borilgan o‘rganishlarni ochiqlab, avtomobil yo‘llari sifati bo‘yicha nazorat va quruvchilar oldiga mas'uliyat qo‘yish ham ta'minlanmayotganini ta'kidlagan edi.

Mavzuga oid