O‘zbekiston | 15:47 / 29.10.2021
9730
6 daqiqa o‘qiladi

1-5 noyabr kunlari O‘zbekistonda sinov tariqasida aholini onlayn ro‘yxatga olish o‘tkaziladi

Davlat statistika qo‘mitasi taklifi bilan O‘zbekiston aholisini keng ko‘lamli ro‘yxatga olish tadbirlari oldidan Internet tarmog‘i orqali aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Kun.uz bilan gaplashgan qo‘mita matbuot kotibi asosiy tadbir oldidan sinov va tayyorgarliklar BMT tavsiyalariga asoslanganini ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish joriy yilning 1-5 noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Onlayn tadbirda census.stat.uz havolasi orqali O‘zbekistondagi va xorijdagi barcha fuqarolar ixtiyoriy qatnashishi mumkin.

«Onlayn ro‘yxatga olish natijalari e'lon qilinmaydi. Ro‘yxatga olish davomida fuqarolar savollarga javob berib, ma'lumotlarini kiritishi bilan bir qatorda o‘z e'tiroz va takliflarini ham yozib qoldirishi mumkin. Shu asosda biz asosiy tadbirga tayyorgarlikni takomillashtirib boramiz», – dedi Kun.uz bilan gaplashgan Davlat Statistika qo‘mitasi rasmiysi.

O‘zbekistonda aholini keng ko‘lamli ro‘yxatga olish ishlari dastlab 2022 yilda o‘tkazilishi ma'lum qilingan edi. Lekin keyinroq pandemiya munosabati bilan bu muddat 2023 yilga qoldirildi.

Qo‘mita rasmiysiga ko‘ra, ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yil noyabr oyida bo‘lishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbir faqat aholi sonini bilish bilan cheklanmaydi, balki unda aholiga doir 80 dan ortiq turli ma'lumotlar yig‘ilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning respublika va hududlar darajasida yakuniy natijalarini olish muddati 2025 yil 1 dekabr etib belgilangan.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.

O‘zbekiston hududida birinchi umumiy aholini ro‘yxatga olish 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, aholi soni 3,9 mln kishini tashkil etgan. Keng ko‘lamli bunday oxirgi tadbir 1989 yilda amalga oshirilgan.

Shuningdek, qo‘mita 2021 yilning 1 oktabr holatiga O‘zbekiston doimiy aholisi soni 35 million 79,2 ming kishini tashkil etishini bildirgan edi.

Ma'lumot uchun, xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:

1.      Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning qat'iy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishning asosiy shartlaridan biridir.

2.      Aholini ro‘yxatga olishning muntazamligi. BMT tavsiyalariga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan.

3.      Aholini ro‘yxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi. Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun ko‘p miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.

4.      Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish.

5.      Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10-12 kun talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma'lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi. Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya'ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.

6.      Aholini ro‘yxatga olishning belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat'iy rioya qilgan holda o‘tkazish. Aholini ro‘yxatga olish dasturi – ro‘yxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar ro‘yxatini, ma'lumotlarni qayd etish, to‘plash, qayta ishlash, yakuniy ma'lumotlarni e'lon qilish tartiblarini o‘z ichiga oladi.

7.      Aholining to‘liq qamrab olinishi. Aholini ro‘yxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta ro‘yxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining ro‘yxatdan joy olinishini ta'minlash asosiy vazifa hisoblanadi.

8.      Ma'lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi. Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma'lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma'lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.

9.      Shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlar so‘ralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslar) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Mavzuga oid