O‘zbekiston | 20:02 / 15.11.2021
66362
10 daqiqa o‘qiladi

Pul to‘lab avtomobil ololmayotganlar soni 90 mingga yaqinlashdi. Bunday UzAuto Motors bizga kerakmi?

Bir necha yildan beri ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifatsizligi, qimmatligi, vaqti-vaqti bilan mashinalar narxi asossiz oshirilayotgani sababli UzAuto Motors kompaniyasi keskin tanqidlarga uchrab kelmoqda. Balki muqobil imkoniyatlardan foydalanish vaqti kelgandir?

Foto: Kun.uz

Turnaqator navbatlar

UzAvtoSavdo_bot ma'lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, ayni paytda pulini to‘lab, avtomashinasini kutayotgan fuqarolar soni 88 932 nafarni tashkil etmoqda. Shundan (2021 yil 15 noyabr holatiga):

  • Lacetti uchun 38 462 nafar;
  • Damas uchun 27250 nafar;
  • Cobalt uchun 16 841 nafar;
  • Spark uchun 2935 nafar;
  • Nexia-3 uchun 2455 nafar;
  • Tracker uchun 989 nafar muayyan to‘lovni amalga oshirib, o‘z navbati kelishini poylamoqda.

Sotuvda narxi aksariyat o‘zbekistonliklarning cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmaydigan Malibu-2, Trailblazer, Equinox kabi avtomashinalar bor, xolos. Kompaniya navbatlarni kamaytirishga va'da bergan bo‘lsa-da, ular soat sayin o‘sishda davom etmoqda.

Sog‘lom raqobat sharoitidagi bozorda taklif qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu ishlab chiqaruvchining manfaatlariga xizmat qiladi. Ammo bugun iste'molchilar oldida boshqa muqobil tanlov yo‘q. Shu sabab odamlar kompaniyaning haddan ortiq qoliplangan takliflarga ko‘nishga majbur.

Ishlab chiqarish hajmi

Statqo‘mga ko‘ra, O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi bir yil oldingiga qaraganda 31 foizga qisqargan: 2021 yil yanvar-sentabr oylarida 150 183 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.

Taqqoslash uchun, 9 oylikda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni 2020 yilda (! ayni pandemiya davri) 217 771 dona, 2019 yilda esa 186 432 donani tashkil etgandi.

Talab yuqori bo‘lgan ayrim turdagi avtomobil modellarini ishlab chiqarish hajmi esa keskin kamayib ketgan. Xususan, dastlabki 9 oy davomida Spark ishlab chiqarish qariyb 3 barobarga, Nexia-3 ishlab chiqarish 3,2 barobar, Cobalt ishlab chiqarish 27 foizga, Lacetti ishlab chiqarish esa 24,8 foizga kamaygan.

Kompaniya avtosanoatdagi keskin qisqarishni dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan mikrochiplar tanqisligi bilan yuzaga kelayotganini bot-bot takrorlashdan charchagani yo‘q. To‘g‘ri, haqiqatan ham jahon miqyosida mikrochiplar tanqisligi kuzatilayotgani bor gap. Ammo erkin bozor muhiti shakllangan mamlakatlarda bu xaridorlar uchun noqulayliklar yaratayotgani yo‘q, chunki ularda tanlov imkoniyati bor.

Oldindan pulini to‘lab, avtomobilini ololmayotgan o‘zbekistonliklar soni oshib borayotgan bir vaziyatda esa inqiroz tomon borayotgan UzAuto Motorsʼning Tojikiston va Turkmanistonda zavod ochish bo‘yicha tuzayotgan shartnomalarini tushunish uchun mantiq yetmayapti.

Ma'lumot uchun: UzAuto Motorsʼga 2021 yilning olti oyida 1,9 trillion so‘mlik (177,6 mln dollar) bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berilgan. Mazkur 1,9 trln so‘mlik imtiyozlarning asosiy qismi bojxona bojiga to‘g‘ri keladi – 1,64 trln so‘m, shuningdek QQS – 255,6 mlrd so‘m, aksiz solig‘idan – 356,7 mln so‘mlik imtiyoz berilgan. Ayni shu davrda esa UzAuto Motors 902 mlrd so‘m sof foyda olgan. Berilgan imtiyoz va preferensiyalar hamda kompaniya olgan foyda nisbati taqqoslanganda 1 trln so‘m zarar kelib chiqadi.

«Lafzsiz» monopolist

Bir necha oy oldin kompaniya tomonidan yangilangan Chevrolet Captiva taqdim qilinib, avtomobilni yetkazib berish 2022 yildan boshlanishi ko‘zda tutilgandi. Natijada ko‘plab insonlar aynan shu avtomashina uchun shartnoma tuzishgan. Ammo bugungi kunga kelib, yangi mashina «bizning mintaqamizga to‘g‘ri kelmasligi» vaji bilan xaridorlarga yangi Captiva yetkazib berilmasligi ma'lum qilinmoqda. O‘z-o‘zidan savollar paydo bo‘lishi tabiiy: bozorga yangi mashina taqdim qilinib, shartnoma tuzilishidan oldin, mintaqaga to‘g‘ri kelish yoki kelmasligi o‘rganib chiqilmaganmi? Qaysi jihatlari va nima sababdan mintaqaga to‘g‘ri kelmayapti?

Kompaniya paydo bo‘lgan vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat e'lon qilgani ham yo‘q.

Bundan avval esa, UzAuto Motors oktabr-noyabr oylarida Lacetti va Labo yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarini bajara olmasligini, shuningdek, Cobalt avtomobillarini o‘rindiqni isitish modulisiz sotishini ma'lum qilgandi.

«O‘zavtosanoat» monopoliyasidan eng ko‘p norozilik 2020 yil davomida yuz bergan. Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari kompaniya rahbariyati vakillari bilan uchrashuvda o‘z e'tirozlarini bildirishgandi.

Keyinroq, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi avtomashinalar narxi oshishini keskin qoraladi va UzAuto Motors’ni monopoliyada aybladi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham UzAuto Motors avtomobillari narxi oshirilishi yuzasidan keskin munosabat bildirib, iste'molchilar huquqlari kamsitib kelinayotganini ta'kidlagan edi.

Bizga UzAuto Motors kerakmi?

Bir necha yildan beri O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifatsizligi, qimmatligi, vaqti-vaqti bilan mashinalar narxi asossiz oshirilayotgani sababli kompaniya keskin tanqidlarga uchrab kelmoqda.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta'kidlashicha, UzAuto Motors bilan yuzaga kelayotgan muammolarning eng yaxshi va eng to‘g‘ri yechimini tashqi savdodan izlash lozim. Ya'ni aynan tashqi savdoda muammolar bo‘lgani bois ichki bozorda bu kabi holatlar sodir bo‘lmoqda.

«Keling, chegaralarni qisman ochish qanday natijalarga olib kelishi mumkinligi borasida fikr yuritib ko‘ramiz. Tasavvur qiling, hukumat avtomobil olib kirish uchun boshqa barcha to‘siqlarni olib tashlab, import qilingan avtomobil uchun 10 foizlik boj joriy qilsa hamda import qilinayotgan avtomobillar 15 foizga teng qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lasa, unda kelib chiqadiki chegaradagi umumiy to‘siqlar 25 foizni tashkil etadi (hozirgi holatdan taxminan 3-4 marta pastroq). To‘siqlar keskin pasayishi ortidan milliy zavodimiz chet ellik ishlab chiqaruvchilarga ichki bozorni butunlay boy bersa (ya'ni faoliyatini to‘xtatsa) hamda yengil avtomobillarning yillik iste'moli 350 mingtaga yetsa (albatta, iste'mol bu ko‘rsatkichdan biroz kamroq yoki ko‘proq shakllanishi ham mumkin), xo‘sh bu qanday natijalarga olib keladi?

Agar import qilinadigan yengil avtomobilning o‘rtacha narxi taxminan 10 ming dollarni tashkil etsa, unda yangi rejimda 10 foizlik bojlarning umumiy tushumi 350 mln dollar yoki taxminan 3,7 trln so‘mni tashkil etadi. 15 foizlik QQSning umumiy tushumi esa, 525 mln dollar yoki taxminan 5,6 trln so‘mni tashkil etadi.

Davlat soliq qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda zavod to‘lagan soliqlarning jami miqdori 2 trln so‘mni tashkil etgan. Agar e'tibor qiladigan bo‘lsak, QQSdan olinadigan tushumlar zavod to‘lagan soliqlardan 2,8 marta ko‘proq. Ya'ni agar hukumat yuqoridagi qarorni qabul qilsa, budjetga soliq tushumlari kamaymaydi, balki qo‘shimcha 3,6 trln so‘mga oshishi mumkin (bojlar bilan esa bu miqdor yanada ko‘proq bo‘ladi). O‘ylaymanki, 10 foizlik boj tushumlari ham hozir import qilinayotgan avtomobillardan tushadigan tushumdan ancha ko‘proq ko‘rsatkichni tashkil qiladi (chunki ba'zi manfaatdor guruhlar, xususan, UzAuto Motors, turli imtiyozlar evaziga avtomobillarni bojlarsiz import qilmoqda).

Boshqacha aytganda, chegaradagi bojlarning men taklif qilayotgan darajaga tushirilishidan davlat budjeti hech qanday yo‘qotishga uchramaydi, balki budjet daromadlari sezilarli miqdorga oshishi mumkin (kompaniyaga bog‘liq boshqa ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi zavodlardan keladigan soliq tushumlari yo‘qolishini hisobga olgan taqdirda ham katta ehtimol bilan budjet daromadlarida o‘sish kuzatiladi).

Xulosa shuki, avtomobil importi uchun chegaradagi bojlar darajasini qisman saqlab qolish(jami to‘siqlar taxminan 20-25 foiz atrofida), nafaqat iste'molchilarga katta yutuq beradi, balki bunday qarordan davlat budjeti daromadlarida ham sezilarli darajada o‘sish bo‘ladi. Tabiiyki, umumiy farovonlik ham oshadi. Faqatgina bunday qarorni qabul qilish uchun kuchli xohish va iroda bo‘lishining o‘zi kifoya», deydi iqtisodchi.

Importga asoslangan avtomobilsozlik

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish boshlanganiga (1996 yil) 25 yil bo‘ldi. Bu davr mobaynida kompaniyaga ko‘plab imtiyozlar taqdim qilindi, yengilliklar yaratib berildi va bu ayni paytda ham turli ko‘rinishlarda davom etyapti.

O‘zbekiston importi tarkibining so‘nggi 20 yildagi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, import tarkibida mashinasozlik uskunalari ulushi barqaror ravishda 40 foiz darajada saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, eksport tarkibida mashina va uskunalar ulushi 2-3 foizdan oshmaydi.

Mashinasozlik mahsulotlari importi keskin oshib borish xarakteriga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich yildan yilga ortib boradi, bunday holat esa iqtisodiyotning texnik va texnologik qayta jihozlanishiga olib kelmaydi. Natijada mahsulot o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, tannarxi evaziga ham yanada qimmatlashib ketaveradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ichki ishlab chiqaruvchimiz iste'molchilar talabini qondira olmayotgan bir sharoitda boshqa yaxshiroq imkoniyatlardan foydalanish vaqti kelgandir, balki…

Doston Ahrorov

Mavzuga oid