Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yutqazib berishimiz uchun rad qilib bo‘lmas darajadagi katta pul taklif qilishgandi». Sadriddin Abdullayev bilan eksklyuziv intervyu
O‘z vaqtida «Paxtakor»da porlagan, joriy mavsum Toshkentning «Lokomotiv» klubida to‘p surgan Sadriddin Abdullayev Tribuna.uz sayti muxbiri bilan ochiq va samimiy suhbatda avval hech qachon aytmagan haqiqatlarini ro‘y-rost so‘zladi. Aytish lozimki, uning achchiq haqiqatlari uncha-muncha davrada ochiq aytilmaydigan gaplardir.

U zo‘r futbolchi bo‘lishi mumkin edi. Albatta, hozirgi holatidan zo‘rroq. Faoliyati butkul boshqacha o‘tishi mumkin edi. O‘zining ta’biricha, uni katta futbolga tayyorlagan murabbiyining eng iqtidorli va sevimli shogirdlaridan edi. 1985-1987 yillar avlodining yorqin vakillaridan edi. Ammo uning karerasi o‘zi orzu qilganidek bo‘lmadi.
U tengi ayrim futbolchilar u erishgandan ko‘prog‘iga erishdilar. Mahalliy va Osiyo darajasidagi yulduzga aylandilar, mablag‘ borasida ham undan omadliroqlar talaygina. Biroq u barchasidan rozi. O‘zining ko‘ngli to‘lib-to‘lmagan karerasida faqat o‘zini ayblaydi. Va hammasi taqdiri azal ekaniga ishonadi.
U olimpiya jamoasi safida Olimpiadaga yo‘l ololmagan – o‘sha paytdagi beboshligi ortidan hal qiluvchi o‘yinlardan biriga jamoa bilan birga uchib ketolmagan. O‘sha noxush holatdan so‘ng ayni kuchga to‘lgan Abdullayevning karerasi pastga qarab keta boshladi. Futbolda ham, hayotda ham ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi. Rejimga rioya qilmas, yaxshi pul topardi-yu, ammo ko‘chaga sochar, tungi betartib hayot uni asta-sekin izdan chiqarar, maydonda topganini havoga sovurar edi. Sportchiga xos bo‘lmagan hayoti tufayli jarohatlari ham ko‘payib ketdi. Va aynan mana shu sabablar tufayli juda ko‘p narsadan mahrum bo‘ldi.

Suhbat davomida u O‘zbekiston chempionatini, O‘FA va PFLni qattiq tanqid qildi. Ayni paytda futbolimizga mas’ul bo‘lganlarga uning e’tirozlari anchayin yig‘ilib qolgan. Kelishilgan o‘yinlar, totalizatorlar, bajarilmayotgan va’dalar haqida kuyinib gapirdi. Jamoasi O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan mavsum chempionlik uchun kurashgan raqib jamoa tomonidan futbolchilarga katta pullar taklif qilishgani haqida so‘zlab berdi. Nega jahon chempionatiga yo‘l ololmayotganimiz haqidagi savolga ham u ro‘y-rost o‘z fikrini aytdi. Aytish lozimki, uning achchiq haqiqatlari uncha-muncha davrada ochiq aytilmaydigan gaplardir. Ayniqsa, nima uchun maydonga chiqmayotgani sababini eshitsangiz, hayron qolasiz.
Bu daf’a biz suhbatlashgan inson Sadriddin Abdullayev. Faoliyati davomida deyarli intervyu bermagan Sadriddin Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu uchun rozi bo‘ldi va aytish lozimki, juda ko‘p gaplarni gapirdi – intervyu ancha ochiq va samimiy bo‘ldi. Ishonchimiz komilki, Abdullayev aytgan gaplarning ayrimlari sizni hayratlantiradi, ehtimol asabiylashtirib, tushkunlikka ham tushirar, pozitiv jihatlarni ham topa olasiz. Qisqasi, «Lokomotiv» klubi va O‘zbekistonning turli yoshdagi jamoalarida to‘p tepgan futbolchi bilan intervyu sizni befarq qoldirmasligiga kafolat beramiz.

«Yolg‘on gapirishni yoqtirmayman»
- Intervyu bermasligim sababi – yolg‘on gapirishni yoqtirmayman. Dangal gapirishni yaxshi ko‘raman. Ammo dangal gapirsam, muammo bo‘ladi. Jurnalistlarni ham har xili bor. Hozir tanqidiy chiqishlar ko‘p, oldin bunaqa emasdi. Oldin hamma narsa «xo‘ja ko‘rsin»ga edi.
Hayotda futboldagidan boshqachaman. Maydonda tajavvuzkor ko‘rinishim mumkin, ammo hayotda bunaqa emas. Agressiv futbol o‘ynamagan o‘yinchi, fikrimcha yaxshi o‘yinchi bo‘la olmaydi. Futbolchi maydonga chiqdimi, yonishi kerak. Ha, yoshligimda jizzakiroq edim, hozir esa maydonda uncha-munchaga jahlim chiqmaydi.
«Futbolchi aybni har doim o‘zidan qidirishi kerak»
- O‘zimni o‘zgartirdim, deya olaman. Hayotga to‘g‘riroq qaray boshladim. Hayotimda musibatlar bo‘ldi. O‘sha voqealar men uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Musibatlar, hayotimdagi voqealar, maydondagi jarohatlar o‘zimni bosib olishga, aybni o‘zimdan qidirishga sabab bo‘lgan. Hozirda ko‘p futbolchilar aybni o‘zidan qidirmaydi. Ammo o‘yinchi aybni o‘zidan qidirmasa, o‘sishi qiyin bo‘ladi.
Professional futbol o‘ynashni 16 yoshimdan boshlaganim uchun, pul ishlab noto‘g‘ri yo‘llarda ko‘p yurganman. Ammo kareramni yanada yaxshiroq qilishim mumkin edi. Nimadir menga armon bo‘ldi, degan gaplarni yoqtirmayman. Taqdirni bergani shu.
Hozirgi yoshlar bizni avlod vakillaridan yaxshiroq, aqlliroq deb o‘ylayman. Ularning tarbiyasi, o‘zini tutishi ham. Jamoalarda to‘g‘ri yo‘ldan yuradigan, ibodatni kanda qilmaydigan yigitlar hozir ko‘p. Menimcha, hammasi oiladagi yaxshi tarbiyadan. Klublar ham tajribali o‘yinchilarni nega jamoaga olib qoladi? Tarkibdagi yosh o‘yinchilarga yaxshi o‘rnak bo‘lishi uchun.
«O‘sha vaqtlarni eslagim ham kelmaydi»
- Xatolar? Ha, hayotda ko‘p xatolar bo‘lgan. Yoshlikda tungi klublarda yurib, ko‘p xato ishlar bo‘lgan. Chunki atrofimizda har xil do‘stlar bor edi. Hozirga kelib ularni ajrata oldim. Beayb Parvardigor. Xudoga shukurki, hozir to‘g‘ri yo‘ldaman. Rahmatli dadam, u kishidan keyin katta akam doim nazoratlarida ushlaganlar. Shukurki hozir hammasi yaxshi. O‘sha vaqtlarni eslagim ham kelmaydi, ochig‘i.
Yoshligimdan zo‘r o‘yinchi bo‘lganman. Buni bemalol ayta olaman. Buni birinchi murabbiylarimdan Dilshod Nuraliyevdan so‘rashingiz ham mumkin. O‘zimizni tengqurlardan birinchi bo‘lib aynan men katta futbolda o‘ynab ketganman. Keyin esa Marat Bikmayev o‘ynagan. Dilshod aka Nuraliyev haligacha «Sendek iqtidorli o‘yinchi ko‘rmadim» deb aytadilar. Umuman olganda, faoliyatim davomida hech bir murabbiydan yomonlik ko‘rmaganman. Hammasi yaxshi munosabatda bo‘lgan.
«Legioner futbolchilarmas, legioner murabbiylar kerak»
- O‘zbekistonga legioner o‘yinchilar olib kelishi tarafdori emasman. Chunki o‘zimizda yaxshi o‘yinchilar juda ko‘p. Taklif qilinadigan bo‘lsa, zo‘r legionerlar chaqirilishi kerak. Aytaylik, Dragan Cheran, Boyan Miladinovich, Artur Gevorkyan, Gochkuli Gochkuliyev singari legionerlar bo‘lsa, katta yordami tegadi, barqaror o‘yin ko‘rsatishadi. Qolgan legionerlar unchamas. Ular o‘rniga xorijlik murabbiylarni ko‘proq chaqirish kerak. Ularning yoniga esa yosh mahalliy murabbiylar ishlashi, o‘rganishi lozim.
Legioner futbolchilarning hammasi ham «otkat» uchun chaqirilmaydi. Masalan, o‘ziga ishongan, yaxshi saviyadagi legionerlar hech qachon «otkat»larga aralashmaydi.
«Yoshimni kichraytirmaganman»
- Bizning avlodda yoshini o‘zgartirgan yigitlar yo‘q edi. Aziz Haydarov, Farhod Tojiyev, Marat Bikmayev ham «toza», hammamiz – 1986 yilda tug‘ilganmiz. Anzur Ismoilov ham yoshini o‘zgartirmagan – 1985 yil u. Sanjar Tursunov, Vitaliy Denisov – 1987 yilda tug‘ilgan, ya’ni o‘zgartirmagan. Ammo o‘shanda shunaqa bolalar bo‘lardi – 4-5 yillab «yoshargan» bo‘lardi. O‘sha paytda bundaylar juda ko‘p bo‘lardi. Hozir esa juda kamaydi, deyish mumkin.
«Gvardiolada Jamshiddek o‘yinchi bo‘lganida, u Messiga aylanardi»
- O‘zbekistonda men ko‘rgan eng yaxshi o‘yinchi – Jamshid Iskanderov. Juda aqqli futbolchi. Bunaqa o‘yinchi ko‘rmaganman. Agar, Gvardiolada Jamshiddek o‘yinchi bo‘lganida, u Messiga aylanardi. Uni hozirgacha O‘zbekistondagi eng aqlli o‘yinchi, deb bilaman. Jarohat olib ko‘p vaqt o‘ynay olmadi, «Paxtakor»da Arveladze imkon bermadi, hozir Janubiy Koreyada o‘ynayapti. Uni «oltin bosh» degan bo‘lardim. Juda aqlli o‘yinchi.
«O‘zbekistonning 12 klubi OFK litsenziyasini olibdi. Qanday qilib?»
- Bu yil juda ko‘p narsaga amin bo‘ldim. Uzun soqol qo‘ygan futbolchi o‘ynamasin, deyishdi. Qanaqasiga? Bu aqlga sig‘adigan narsamas. Soqolini olsin deyishdi. Futbolchi sifatida yoshlarga noto‘g‘ri o‘rnak bo‘larkanmiz... Bunga aralashish kulguli-da! Chempionatda 2-3ta o‘yin o‘ynamay qo‘ydim, keyin sekin so‘rasam, shu narsa chiqib keldi. Mayli, o‘ynatmay qo‘ya qol, yosh bolamiman senga... Futbol o‘ynashga soqolni nima daxli bor, hayronman.
O‘zbekistonning 12 klubi OFK litsenziyasini olibdi. Qanday qilib? Mayli, 4tasi tortar, ammo buncha klub tortmaydi. Lisenziya olish uchun har tomonlama tayyor bo‘lishi kerak-ku klublar.
PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev ham ishga kelgan paytlarida, «maydonlarini to‘g‘rilamasa, klublar o‘ynamaydi» kabi gaplarni gapirgandi. Ammo bu gaplarni oxirigacha qilmadi. Maydonlarga qarasangiz – dabdala. Mazza qilib futbol o‘ynay olmaysiz. «Nasaf», «Paxtakor», «Lokomotiv», «Navbahor» maydoniga borsangiz, futbol o‘ynaysiz. Boshqalar ham qilishi kerak. «Turon» bekor chiqib ketdi Superligadan, zo‘r ishlayotgandi. Shu klubni qoldirish kerak edi. Baribir kimgadir «simpatiya» bo‘lsa, qoldirishardi-yu, avval.
O‘zim ham «simpatiya» bilan chempion bo‘lganmanmi? Ha, bo‘lgan. Lekin 2018 yil «Lokomotiv» bilan «Paxtakor»dan tortib olgan chempionligimiz haqqoniy bo‘lgan. Kelishilgan o‘yinlarimiz umuman bo‘lmagan. O‘sha paytda chempionat formatini o‘zgartirishgandi va biz kutilmaganda 1-o‘ringa chiqib ketgandik. O‘zim mazza qilgan chempionlik o‘sha mavsum bo‘lgan.
«Eng ko‘p pulni oxirgi marta «Paxtakor»da olganman»
- Oxirgi eng katta maoshim «Paxtakor»da bo‘lgan. 2018-19 yillar edi. Eng katta yillik maoshim 150-200 ming AQSh dollari edi. Bungacha hech qachon buncha katta maosh olmaganman. 16-17 yoshimda ham katta maosh olgandim. 2015 yilda jarohatdan keyin kamroq pulga o‘ynab, jismoniy holatimni tiklab olgandim. Shunga yarasha oylik maoshim ham oshgan.
«Eng yaxshi murabbiy bo‘laman»
- Futbolchilik faoliyatimdan keyin yaxshi murabbiy bo‘la olaman. Kamida O‘zbekistonda eng yaxshi murabbiylardan biriga aylanishimga ishonaman. Murabbiylik kurslarida ham o‘qidim, tez orada «A» litsenziyaga o‘qishim kerak. Murabbiylik ishimni o‘rinbosarlar jamoasidan boshlayman.
Eng yaxshi murabbiy? Hozir Temur Kapadze. Uning ish uslubi yangi va zamonaviy. Futbolga nisbatan qarashlari ham yangicha. Qolgan ko‘p murabbiylar eski ish uslubida ishlamoqda.
Vadim Abramov milliy jamoada nega ishlay olmadi? Chunki eskicha qarashlari bilan qolib ketgan. Mashg‘ulotlarni o‘tkazish uslubi ham eski edi. Eski murabbiylar futbolchilarni texnikasi, mahoratiga qarasa, yangi murabbiylar boshqa jihatlarga ko‘proq e’tibor beradi. Hozir atlet bo‘lmasang, futbol o‘ynay olmaysan. Shu bois, hozir eng yaxshi uslubda ishlayotgan, natija qilayotgan murabbiy Temur Kapadze.

«Chempionlikni berish uchun katta pullar taklif qilishgan»
- Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganmanmi? Bo‘lgan. Bir marta. Yoshligimda bo‘lgandi, o‘shanda Samarqandda o‘ynardim, o‘yinni berishimiz kerak bo‘lgan (2007 yil). Undan keyingi klublarimda balki boshqa o‘yinlarni sotib olgandirmiz, ammo buni bilmaganman. Ochiq gapiraman, chempionlikni berish uchun katta pullar taklif qilishgan. Ammo butun jamoa buni rad etganmiz. Bu qaysi yil edi? 2018 yil edi, «Loko»da o‘ynardim. Rad etib bo‘lmas mablag‘ edi. O‘sha o‘yinda legionerimiz Kaxa Maxaradze va boshqa o‘yinchilarimizga hurmatim oshgan, - deydi Sadriddin Abdullayev suhbat davomida.
So‘nggi yangiliklar
-
Qozog‘iston ko‘chmas mulk bozori. Narxlar qanday?
Ko‘chmas mulk | 15:35
-
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33
-
Rossiya universitetlarining o‘zbekistonlik talabalar uchun kvotalari oshishi mumkin
O‘zbekiston | 15:25
-
Ukrainada korrupsiyaga qarshi xizmatlar mustaqilligi bekor qilinishi mumkin
Jahon | 15:09
Mavzuga oid

23:58 / 06.07.2025
Superliga. «Paxtakor» «Navbahor»ni mag‘lub etdi, «Dinamo»-«Nasaf» o‘yini durang bilan yakunlandi

14:08 / 14.04.2025
«Paxtakor» yana yutqazdi, peshqadam yana o‘zgardi

13:44 / 30.03.2025
«Paxtakor» Toshkentda «Dinamo»ga yutqazdi, OKMK yaqqol peshqadam

03:09 / 12.03.2025