12:06 / 07.01.2022
16122

KXShT kuchlari Qozog‘istonda «qisqa muddat» bo‘lishi ma’lum qilindi

Foto: Sputnik

Bu haqda tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas ma’lumot bergan.

«Biz muddat qisqa bo‘lishini kutmoqdamiz. Kollektiv Xavfsizlik Kengashining qarorida “qisqa muddatga” harbiylar kiritilishi ko‘zda tutilgandi. Bu qisqa muddatning esa bir necha kun yoki bir necha hafta bo‘lishi Qozog‘istonda yuzaga keladigan vaziyatga va, albatta, mamlakat rahbariyatining pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar respublika rahbariyati vaziyat barqarorlashgani va KXShT kuchlari yordamisiz ham nazorat o‘rnatish mumkinligini bildirsa, u holda, albatta, operatsiya yakunlanadi va barcha qo‘shinlar olib chiqib ketiladi», degan Zas.

Ma’lumot uchun, 5 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan namoyishchilarni «terrorchilar»ga tenglashtirdi va ularning hujumini tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish kerakligini aytib, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘radi.

Maslahatlashuvlardan so‘ng KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi «mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadi»da tinchlikparvar kuchlarni Qozog‘istonga cheklangan muddatga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Mavzuga oid
Top