Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Dilshod Odilov Kun.uz bilan suhbatda turizm sohasini qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortish borasida takliflarini bildirdi.
“Qo‘shilgan qiymat solig‘i egri soliq bo‘lib, amalda xaridor (iste’molchi) tomonidan to‘lanadi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 258-moddasiga asosan barcha turdagi tovarlar va xizmatlar uchun (ayrim imtiyozlarni hisobga olmaganda) qo‘shilgan qiymat solig‘ining (keyingi o‘rinlarda QQS) stavkasi 15 foiz qilib belgilangan bo‘lib, tabaqalashtirilgan soliq stavkasi mavjud emas. Lekin jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlar, jumladan turizm xizmatlari uchun QQSning tabaqalashtirilgan stavkasi qo‘llanilishini quyidagi jadvalda ko‘rishimiz mumkin”, – deydi u.

Dilshod Odilov turizm sohasi eng taraqqiy etgan va bu borada ortda qolayotgan davlatlar tajribasi haqida gapirdi.
“Jadvaldan ham ko‘rinib turibdiki, soha yetakchilari bo‘lgan Ispaniya, Fransiya, Gretsiya, Italiya va Turkiyada QQSning tabaqalashtirilgan stavkasi qo‘llanilmoqda. Turizm rivojlanmagan va iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga aylanmagan mamlakatlardagina QQS stavkasi yuqoriligini ko‘rish mumkin”, – deydi u.
Dilshod Odilov avvalroq O‘zbekistonda mehmonxonalar qimmatligining sababi sohaga soliq yukining oshib ketgani va QQS tabaqalashtirilmagani ekanini ta’kidlagandi.
Shundan so‘ng moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tabaqalashtirilgan QQS stavkalaridan foydalanish samarasiz chora ekanini bildirgan.
“Soliqdan tejash kamdan kam hollarda xaridorlarga o‘tadi, odatda u chakana savdogarlarda qoladi. Hattoki, naf iste’molchilarga o‘tgan taqdirda ham, pasaytirilgan stavkalar eng boy uy xo‘jaliklariga ko‘proq foyda keltiradi”, – degandi vazir o‘rinbosari.
Dilshod Odilov moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlarini keltirar ekan, pasaytirilgan stavkalar soha uchun foydali bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

















