Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina inqirozi: Kreml Londonni «biznesga hujum»da aybladi, G‘arb tonnalab qurol yubormoqda
AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaga nisbatan agressiyasi sabab Rossiyaga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda. Amerikaning ba’zi cheklovlari hatto Rossiya Ukrainaga kirmagan taqdirda ham joriy etilishi mumkin. Kreml Londonning bayonotini rus biznesiga qarshi urush deb atadi. G‘arb o‘z navbatida siyosiy inqirozdan chiqish uchun diplomatik yo‘llarni ham izlashda davom etyapti.
AQShning sanksiyalari nimadan iborat?
Amerikalik senatorlar Rossiyaga qarshi Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda qo‘llanadigan sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasini deyarli kelishib bo‘lganini ma’lum qilgandi. Sanksiyalardan ba’zilari Rossiya Ukrainaga bostirib kirmagan taqdirda ham kuchga kirishi mumkin.
«Hammamiz deyarli bir chiziqqa tizildik, desam ham bo‘ladi», dedi demokratlar vakili Robert Menendes CNN efirida. U amerikancha futbol tilida gapirdi. Ya’ni, hamma bir chiziqda tizildi iborasi «raqib darvozasiga yaqin keldik», degan ma’noda ishlatilgan.
Reuters agentligi yozishicha, Rossiyadagi yirik banklar, davlat suveren qarziga qarshi sanksiyalar kiritish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanksiyalar doirasida Ukrainaga qo‘shimcha harbiy ko‘mak yuborilishi ham mumkin. Agentlik xabariga ko‘ra, demokratlar va respublikachilar Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» gaz o‘tkazgichiga qarshi sanksiya qo‘llash borasida bir fikrga kela olmayapti.
Respublikachi Robert Menendesning aytishicha, Rossiyaga qarshi ba’zi sanksiyalar ehtimoliy bosqinni kutib o‘tirmay kuchga kirishi mumkin. Uning aytishicha, Rossiya allaqachon Ukrainaga qarshi kiberhujumlar uyushtirib, «o‘zga bayroq ostida operatsiya o‘tkazib» va Ukraina hukumatini nazoratga olishga urinish orqali «sanksiyaga munosib bo‘lish»ga ulgurdi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, yanada qat’iy sanksiyalar kuchga kiradi.
Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Makarovaning CBS efirida aytishicha, Ukraina sanksiyalar hoziroq kiritilishini xohlaydi. Elchi Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgani haqidagi xabarlarni bo‘rttirish deb atadi: «Hech qanday sovuqlik yo‘q. Ko‘p muzokara o‘tkazamiz va ba’zida fikrlar bir joydan chiqmasligi oddiy holat. AQSh bizning nafaqat strategik hamkorimiz, balki strategik do‘stimiz», dedi elchi.
CNN Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy munosabatlari Ukraina prezidentining o‘tgan haftadagi chiqishidan keyin sovuqlashib qolganini yozgandi. O‘shanda Zelenskiy mamlakatdagi holat G‘arb vahima qilayotgandek yomon emasligini aytgandi. Zelenskiy AQSh o‘z diplomatlarini Ukrainadan olib chiqishga qaror qilganini xato qaror deb topgandi.
Elchi Ukraina Rossiya tomondan xavfni kamaytirib ko‘rsatishga urinmayotganini ta’kidladi. «Xavfni kamaytirib ko‘rsatmayapmiz. Shunchaki vaziyatni boricha aytmoqdamiz. Axir Rossiyaning nimalarga qodir ekanini yaxshi bilamiz», dedi Makarova.
Payshanba kuni Bayden administratsiyasining yuqori mansabli vakillari senatorlar uchun yopiq brifing o‘tkazadi. Unda nimalar haqida so‘z borishi noma’lum. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nulandning aytishicha, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar borasida fikrlar yakdil emasligi vaziyatini saqlab qolmoqchi. Uning aytishicha, shu tariqa Rossiyaga ta’sir o‘tkazish imkoni yuqori.
Financial Times o‘z manbalariga asoslanib yozishicha, AQSh Putinning atrofidagi, mamlakat siyosatida muhim qarorlar chiqaruvchi odamlarga qarshi ham sanksiyalar tayyorlamoqda. Xabarda yozilishicha, bu cheklovlar iqtisodiy sanksiyalarga «bonus o‘laroq» belgilanishi mumkin.
Britaniya qanday sanksiyalar tayyorlamoqda?
Dushanba kuni Britaniya parlamenti Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda Kremlga aloqador shaxslar va aktivlarga qarshi sanksiyalarni ko‘paytirishga imkon beradigan qonun loyihasini taqdim etgan. Bu haqda yakshanba kuni Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass aytib o‘tgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi moliya muassasalari, energiya kompaniyalari va Putin rejimini qo‘llab-quvvatlaydigan har qanday firma Britaniya sanksiyalariga duchor bo‘lishi mumkin.
Times'ning yozishicha, Britaniyada investitsiyasi bo‘lgan Kremlga aloqador oligarxlar ham sanksiyaga uchrashi mumkin. «Biz sanksiyalar qamrovini kengaytirmoqchimiz. Toki Kremlni qo‘llovchi har qanday kompaniya va putinchi oligarxlar yashirinadigan joy topa olmasin», degan Britaniya tashqi ishlar vaziri.
Nashrga ko‘ra, yangi sanksiyalar paketi rossiyalik oligarxlarning ular pullarini saqlashga odatlangan Britaniya haqida tasavvurlarini o‘zgartirib yuboradi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson bilan birga Ukrainaga kelishi kutilgandi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba uning tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi: «Britaniyalik hamkasbim Liz Trassga qat’iyligi uchun minnatdorlik bildiraman. Britaniyadagi Rossiyaga aloqador moliyaviy manfaatlarga qarshi sanksiyalar Rossiyaning nozik joyiga zarba bo‘ladi», deb yozdi u tvitterdagi sahifasida. Ammo Trass xonimda koronavirus aniqlanib, Ukrainaga kela olmadi.
Moskvaning reaksiyasi
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiya qo‘llasa, javob harakatlari ham bo‘ladi. Peskov Britaniyaning harakatlarini «rus biznesiga hujum» deb atadi.
«Alohida bir davlatning rus biznesiga hujumiga qarshi, albatta, javob choralari ko‘riladi. Javob bizning manfaatlardan kelib chiqqan holda tuziladi.
Londondan kelayotgan xabarlar xavotirli. Nafaqat biz uchun, balki kompaniyalarimiz uchun ham xatarli. Bu Londonning tuslanishiga yana bir isbot. Bu harakatlar xalqaro biznes uchun ham xavotirli», degan Peskov.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Londonning chiqishlariga zaharxanda bilan javob berdi.
«Asosiysi bir qadam ham orqaga tashlamang, missis Trass. Biz sizga ishonamiz. Britaniyaning lahzalik moliyaviy manfaatlari demokratiya va erkinlikdan ustun bo‘la olmaydi», deb yozgan Zaxarova o‘z sahifasida. TIV rasmiysi Rossiya Londonga ba’zi korrupsionerlarni topshirishni so‘rab ro‘yxat yuborganini eslatgan.
Yevropa Ittifoqi ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda. Financial Times'ning yozishicha, ittifoq sanksiyalari Rossiya energetika sektoriga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Gap katta ehtimol bilan «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri haqida ketmoqda.
Diplomatiyani kutib
Britaniya tashqi ishlar vaziri hamda mudofaa vaziri yaqin vaqtlar ichida muzokara uchun Moskvaga borishi kutilmoqda. Boris Jonson esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin Vladimir Putin bilan telefonda gaplashmoqchi. Jonson Yaponiyaga safarini bekor qilib, Kiyevga keldi va Britaniya Ukrainani qo‘llashini ma’lum qildi. Jonson jurnalistlarga Putin bilan muloqotda unga «tubsizlikdan chekinish»ni maslahat berishini aytgan.
«Ha, Putinga shunday deyman. Chindan biz hammamiz tubsizlik qirg‘og‘idan chekinishimiz kerak. Rossiyaning Ukrainaga har qanaqasiga kirishi dunyo uchun va eng avvalo Rossiyaning o‘zi uchun halokatli bo‘ladi», degan Jonson. Uning fikricha, har qanday bosqin ukrain xalqining keskin qarshiligiga uchraydi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan yana bir marta uchrashishi kutilyapti. Ular o‘tgan oyda Jyenevada uchrashgandi. Rossiya NATOga Ukraina kiritilmasligi bo‘yicha kafolat talabini takrorlagan, AQSh tomoni yana bir bor buni rad etgandi. O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyansga kirishni hech kim biror davlat uchun taqiqlay olmasligini keskin ohangda ta’kidlagandi. Uning aytishicha, Rossiya qanchalik agressiv harakat qilsa, o‘z atrofida shunchalik ko‘p NATO askarlarini ko‘raveradi.
Shu bilan birga, Stoltenberg Rossiya bostirib kirgan taqdirda ham Ukrainaga NATO askarlari yuborilmasligini aytgan, chunki Ukraina NATO a’zosi emas. «Biz Ukrainaga qo‘shin yubormoqchi emasmiz, lekin ularga yordam beramiz. NATO a’zosi bo‘lish va Ukraina kabi alyansning qadrdon hamkori bo‘lish farqli narsalar», degan u.
Mashg‘ulotlar davom etmoqda
Ayni damda «Qat’iy sheriklik» nomi ostida harbiy mashg‘ulotlarni o‘kazish uchun Belarusda bo‘lib turgan rossiyalik harbiylar mamlakatda qo‘mondonlik nazorat tizimini tashkil etib bo‘lishdi. Keyingi mashg‘ulotlar 10-20 fevral kunlari o‘tkaziladi va ularda asosiy urg‘u «tashqi agressiya»ga qaratiladi.
G‘arb razvedkasi Rossiya bosqinni aynan Belarus hududidan amalga oshirishi mumkinligini istisno qilmayapti. Rasmiy Moskva esa mashg‘ulotlar hech kimga xalaqit bermasligini aytmoqda. Rossiyaning to‘rtta harbiy dengiz flotida ham mashg‘ulotlar davom etmoqda. Dushanba kuni tunda Rossiya mudofaa vazirligi Shimoliy flot harbiylari Norvegiya dengizida suvosti kemasini topish mashg‘ulotida ishtirok etgani tasvirlangan video e’lon qilgandi. Qora dengizdagi mashg‘ulotlar esa yakunlanib, 20 dan ortiq kemalar bazaga qaytgan.
Pavel Aksenov, VVS muxbiri:
O‘tgan dam olish kunlari Ukrainaning Borispol aeroportida NATOning bir nechta transport samolyoti qo‘ndi. 30 yanvar kuni Varshavadan Polsha harbiy havo kuchlarining S-295 M samolyoti keldi. Uning bortida nima bo‘lgani aniq emas. Bu uchoq o‘rtacha 7 tonnagacha yuk ko‘tara oladi. Polsha Ukrainanaga harbiy yordam yuborish haqida o‘ylamoqda, lekin Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikovning aytishicha, Polshadan hech narsa kelmagan.
30 yanvar kuni Kanadadan CC-177 Globemaster III transport samolyoti ham kelgan. Oldinroq Kanada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishi, Unifer harbiy mashg‘uloti doirasida harbiylari sonini 400 nafargacha oshirishni ma’lum qilgandi. Shuningdek, Kanada Ukrainaga uchmaydigan qurollar yuborishini ham e’lon qilgan.
Yakshanba kuni kechasi Ukrainaga Britaniyaning Airbus A400M harbiy transport samolyoti qo‘ngan. U Britaniyaning Oksfordshir harbiy bazasidan uchgan. Bir kun oldin boshqa bir harbiy samolyot Kiyevga AQShdan harbiy yuk olib kelgan. Bunday yuklar yanvar oyining o‘zida besh marta yuborilgan.
O‘tgan hafta yakunida AQSh harbiy-dengiz kuchlari hamkorlikda foydalanadigan Ispaniyadagi «Rota» harbiy dengiz bazasiga «Sisler» og‘ir yuk tashuvchi strategik transport kemasi kelgan. 63 ming tonna yuk ko‘tara oladigan kema birdaniga 900 ta harbiy texnikani, xususan, tanklarni tashishi mumkin. Kema Yevropaga qanday yuk bilan kelgani aniq emas.
Rossiya va Ukrainaning harbiy qudrati taqqosi:

Mavzuga oid
19:31 / 14.06.2026
Buyuk Britaniya Rossiya «yashirin floti» tankerini qo‘lga oldi
18:44 / 14.06.2026
Ukraina dronlari Rossiyaning kamida 14 regioniga hujum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026