O‘zbekiston | 19:24 / 23.02.2022
45962
9 daqiqa o‘qiladi

Ehtimoliy urush, sanksiyalar va Putinning imperialistik orzulari - tahlilchilar bilan Ukraina inqirozi atrofida suhbat

Putin uchun urush davlatchilik instrumentimi? Ukraina inqirozi bo‘yicha voqealar rivoji qanday tus olishi mumkin? Kun.uz bugunning dolzarb mavzusida siyosiy va iqtisodiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Otabek Bakirov bilan suhbat tashkil qildi.

— Putin birin-ketin o‘z maqsadlariga erishib kelmoqda. G‘arb haddan tashqari yumshoqlik qilib yubormayaptimi? Nega uni tiyish uchun uning harakatlariga mos javob qaytarilmayapti?

Kamoliddin Rabbimov:

— Bunday deb o‘ylamayman. G‘arb Rossiyaga nisbatan allaqachon jiddiy instrumentlar qo‘llayapti. Masalan, 2014 yilda Qrim anneksiya qilinganidan keyin Rossiyaga nisbatan yillar davomida juda kuchli sanksiyalar qo‘llanildi. Bu Rossiyadagi elitaning ijtimoiy-iqtisodiy kayfiyatiga ham jiddiy ta’sir qildi.

Shuningdek, 2014–2015 yillarga qadar Rossiyaning yillik yalpi ichki mahsuloti taxminan 2 trillion 300 milliondan oshgan bo‘lsa, sanksiyalar natijasida neft narxi tushgach, 1 trillion 400 mlrd dollarga tushib qoldi. Ya’ni, Rossiya YaIMi salkam 1 trln dollarga qisqardi. Bu Rossiyaning umumiy o‘sishiga, ijtimoiy-siyosiy kayfiyatiga jiddiy ta’sir degani.

G‘arbning ma’lum bir instrumentlari bor va ular orqali Rossiyaga jiddiy choralar ko‘rildi va bu o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi.

— Hozirgi voqealar fonida Rossiya iqtisodiyoti katta urushni ko‘tara oladimi?

Kamoliddin Rabbimov:

— Putin DXR va LXRni tan olishdan avvalgi salkam 1 soatlik vajohatli nutqida geosiyosiy dunyoqarash va tasavvurini barchaga ko‘rsatib berdi. Unga ko‘ra, Ukraina degan millat dunyoda mavjud emas, u sun’iy davlat.

Umuman olganda, Vladimir Putin tomonidan: “Possovet davlatlarining ko‘pchiligi katta maydonlarni olib chiqib ketgan, bu davlatlar keyingi 1–1,5 asrda rus davlatchiligining ta’sirida bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lishi kerak”, degan konsepsiya taklif qilindi.

Ya’ni bugungi Putin 2000 yillardagi Putin emas. U o‘zining tasavvuridagi yirik geosiyosiy loyihalar bilan yashamoqda. Uning uchun eng muhim nuqta bu sovet ittifoqi va uning ikkinchi jahon urushida qozongan g‘alabasi.

Shuning uchun ham u har yili g‘alaba paradini alohida e’tibor bilan nishonlaydi, chunki bu sovet davlatchiligining dunyo hokimiyatida turgan yuqori nuqta sifatida ta’riflanadi. Bundan kelib chiqadiki, Putin urushlardan qo‘rqmaydi. Putin urushlarni davlatchilikning eng samarali instrumenti deb biladi.

U shu kungacha ko‘plab urushlar va harbiy operatsiyalarni amalga oshirdi. O‘ylaymanki, Ukrainaga bosim bundan keyin ham davom etaveradi.

— Hozirgi voqealar fonida yirik urush boshlashga Putinning jur’ati yetadimi, rus qo‘shini qayergacha borishi mumkin? Qanday real ssenariylar bor, keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanib ketsa, u qanday yakun topadi?

Kamoliddin Rabbimov:

— Hozir buni hech kim taxmin qila olmaydi. Chunki urush qanday masshtabda bo‘lishini oldindan bilmaymiz. Urush shunday narsaki, unda tomonlar ishtirok etadi. Agar bir tomon boshidan oxirigacha uni nazorat qilganida o‘sha tomonning ssenariysi bilan tugaydi. Lekin bugungi kundagi urushlar yakunini mutlaqo taxmin qilib bo‘lmaydigan urushlar hisoblanadi.

Hozir Rossiyaning ma’lum bir texnik imkoniyatlari bor, lekin G‘arbda ham Rossiyaga ta’sir qilish imkoniyatlari yuqori. Umuman, bugun tomonlar 20-asrdagi kabi yirik jismoniy urushlarga bormaydi, lekin gibrid urushlar va ma’lum harbiy operatsiyalar davom etaveradi.

— Bayden va’da qilgan “sanksiyalar onasi” bormi? Agar u qo‘llansa, Rossiya iqtisodiyoti qay ahvolga tushadi? Bu possovet davlatlarga, xususan O‘zbekistonda qanday oqibatlarga ega bo‘ladi?

Otabek Bakirov:

— Avvalambor, “sanksiyalar onasi” degan tushunchani yaxshi ifodaladingiz, bunda juda keng miqyosni tasavvur qilishimiz kerak. Masalan, kecha AQSh o‘z sanksiyalarining birinchi paketini e’lon qildi. Ammo ularni 2014 yilga nisbatan olsak, 2021 yilda paydo bo‘lgan keskinlikdan so‘ng ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ham G‘arb, xususan, AQSh hali qo‘lidagi barcha ta’sir kuchlarini ishlatmayotgandek.

Buning birinchi sababi biznes va moliyaviy doiralar hech qachon yirik miqyosda yo‘qotishlarga tayyor bo‘lmaydi. Ular o‘z tijoriy maqsadlari yo‘lida doimo kompromisslarga tayyor.

Ikkinchi sabab – siyosiy nuqtayi nazardan keyingi harakatlar uchun qadam qolishi kerak. “Sanksiyalar onasi” qo‘llanilgandan keyin urush uchungina chora qolmasligi kerak. Ya’ni har bir sanksiya paketidan so‘ng keyingi manipulyatsiya yoki o‘zgartirishlar uchun vaziyat saqlanib qolsagina, muzokaralarni davom ettirish mumkin bo‘ladi.

Bu sanksiyalarning O‘zbekistonga ta’siri borasida paradoksli vaziyat bor: sanksiyalar qanchalik kuchli bo‘lsa, (bu 2014 yilda ham ko‘ringan) u Rossiyaning iqtisodiyoti va uning savdo hamkorlariga shunchalik zarar bo‘lyapti. Ya’ni qancha ko‘p sanksiya qo‘llansa, Rossiyani to‘xtatish imkoniyati ham shuncha oshadi.

Lekin O‘zbekistonga Rossiyaning katta zarar ko‘rmasligidan ham manfaat bor, chunki iqtisodiy aloqalar va migrantlar orqali unga ma’lum bog‘liqliklarimiz bor. Ya’ni Rossiya qanchalik katta iqtisodiy zarar ko‘rsa, O‘zbekiston ham shuncha zarar ko‘radi.

Ammo 5–10 yillik holatni tahlil qilsak, sanksiyalar qancha kuchsiz bo‘lsa, bizga nisbatan bosim shunchalik ko‘payib boraveradi. Ya’ni kuchsiz sanksiyalardan biz uzoq muddatda, kuchli sanksiyalardan qisqa muddatda yutqazamiz.

Kechagi sanksiyalar hali bugungi Rossiyaning pozitsiyasini tiyib turishga yetarli emas. Keyingi harakatlar qanday bo‘lishini baholash noma’lum, iqtisodiy urush uzoq muddatda rosmana urushdan ko‘ra ko‘proq ziyon keltiradi.

— Bugungi Rossiya sanksiyalardan qanchalik qo‘rqadi? Sanksiyalar Rossiya elitasidan ko‘ra, millionlab rossiyaliklar va u yerdagi o‘zbek muhojirlarining hayot sifatini yomonlashtiradi. Rossiya elitasiga bosim o‘tkazish uchun iqtisodiy sanksiyalardan boshqa instrumentlar yo‘qmi?

Otabek Bakirov:

— Masalani qo‘rqish-qo‘rqmaslik nuqtayi nazaridan qo‘ymaslik kerak. Rossiya o‘zi qilgan har bir harakat uchun javob berishi kerakligini juda yaxshi biladi. Sanksiya javob berishi kerak bo‘lgan masalalardan bittasi xolos. Lekin u ko‘p xatti-harakatlarni o‘zgartirishga majbur qiladi.

Yana bir narsani inobatga olish kerakki, Rossiyaning agressiv tashqi siyosati faqatgina imperiyachilik, shovinistik xususiyatlar bilan bog‘liq emas, bu ichki siyosatga ham ta’sir vositasidir. Kun tartibida ichki va iqtisodiy masalalarni chetlashtirish, Putinning tanqidchilarini iloji boricha ikkinchi va uchinchi darajali masalaga aylantirish ham bor.

Masalan, hozir Navalniyning sudi bo‘lib o‘tyapti, sud qamoqxonada amalga oshirilyapti. Ammo kun tartibida Navalniyning sudi yo‘q, Ukraina masalasi atrofida keskinlik bo‘lmaganda dunyo OAVlari e’tiborida birinchi raqamli masala – Navalniyning sudi bo‘lardi. O‘sha sud ayni paytda juda adolatsiz va o‘ylab topilgan ayblovlar bilan davom etmoqda.

Bilasizmi, bugungi Rossiya juda og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan ro‘baro‘ kelgan, lekin hozir bu rus va federal OAVning kun tartibida yo‘q. Umuman, kun tartibida iqtisodiy masala yo‘q.

Sanksiyalarni qo‘llash ko‘proq personal tarzda Putin va uning atrofidagi odamlar, Putinni qo‘llaydigan banklarga boshlangani uchun aytishim mumkinki, nihoyat Rossiya va uning elitasiga ta’sir qiladigan sanksiyalar boshlandi. Chunki 2014 yildan hozirgacha qo‘llanib kelingan sanksiyalar oddiy odamlar, kundalik hayoti Rossiyaning ahvoliga bog‘liq bo‘lgan aholi qatlamiga ko‘proq ziyon keltirgandi. Rossiyadagi sanksiyalardan Rossiya ichidagi dunyoqarashni o‘zgartiradigan biror narsa o‘zgargani yo‘q.

Hozirgi sanksiyalar bir vaqtda ham elitaga, ham Rossiyaning oddiy aholisiga, ham mehnat migrantlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov va Madina Ochilova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi –
Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid