Ocharchilik tushunchasi haqida: ommaviy ocharchilik bu ijtimoiy halokat bo‘lib, u oziq-ovqatning uzoq muddat yetishmovchiligi va buning ortidan katta hududlarda ko‘pchilik aholi qirilib ketishidir.

Bugungi vaziyat

2010 yilga qadar ocharchilik muntazam kamayib borgan. Ammo shundan keyin yana teskari jarayon boshlandi va ochlikdan qiynalayotganlar soni osha boshladi. 2020 yilga kelib esa so‘nggi 15 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi – dunyo aholisining o‘ndan biri (9,9 foizi) yoki 811 mln inson to‘yib ovqatlanmaslik azobiga mubtalo bo‘ldi. Bu 2019 yilga nisbatan 161 mln kishiga ko‘proq ko‘rsatkich bo‘lib, ocharchilik ortidan o‘limlar soni ham keskin oshib ketdi.

Ko‘pchilikning xayoliga ocharchilik deganda Afrika qit’asi keladi. Ammo och-nahorlar soni bo‘yicha Osiyo birinchilikda – 418 mln aholi. Keyingi o‘rindagi Afrika qit’asida 282 mln odam elementar oziq-ovqatga zor bo‘lsa, Lotin Amerikasi va Karib havzasi vakillaridan 60 mln nafari to‘yib ovqatlanishni orzu qilib yashaydi.

Bu jarayonlarni muntazam monitoring qilib boruvchi Oxfam tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda 2020 yilda ochlik asoratlaridan o‘lim ko‘rsatkichlari 6 barobarga ortgan va o‘limga olib keluvchi sabablar o‘rtasida COVID-19’dan o‘tib ketgan.

Bu hali absolyut, ya’ni muntazam ochlik haqidagi ma’lumotlar. So‘nggi jiddiy tadqiqotlar olib borilgan 2020 yil yakunlari bo‘yicha Yer shari aholisining 30 foizi, yoki 2,3 mlrd kishi tibbiyot tomonidan tasdiqlangan normalar bo‘yicha ovqatlanish imkoniyatidan mahrum. Ya’ni odamzodning uchdan biri yeguliklar bilan kerakli miqdorda ta’minlanmagan, nisbiy ochlikdan aziyat chekadi.

Koronavirus zabtiga chiqqan va yakuniy tadqiqotlar e’lon qilinmagan 2021 yilda hamda dunyodagi g‘allaning salmoqli qismini yetishtiruvchi Rossiya va Ukrainaning o‘zaro ziddiyati, sanksiyalarga qorishgan 2022 yilda ham bu muammo yanada avj olishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Dahshatli raqamlar

Ocharchilikning eng dahshatli oqibati – bu uning ortidan aholining ommaviy qirilib ketishidir. Insoniyat tarixi satrlari muntazam ochlik bilan yozib borilgan va bu muammo millionlab odamlar yostig‘ini quritgan.

Bugungi kunda to‘qlik ramziga aylangan Yevropa ham bir necha bor jiddiy ocharchilikni boshdan kechirgan. Ulardan dastlabki qayd etilganlari 1030-1032 yillarda Fransiyaga to‘g‘ri keladi. Odatda o‘sha davrda har 8-10 yilda bir marta kamhosil davr kuzatilgan. 1125 yilda hozirgi Germaniya hududida kuzatilgan ocharchilik aholining yarmini qirib yuborgan.