O‘zbekiston | 22:45 / 06.05.2022
46075
5 daqiqa o‘qiladi

TIV chet el nashrlarining “ig‘vogar” harakatlarini qoralab chiqdi

Rossiya hukumatiga qarashli “Sputnik” nashrining ikkita saytida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko go‘yoki O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishini aytgani haqida dezinformatsiya tarqatildi. Siyosiy xato bir haftadan buyon tuzatilmagach, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “ayrim chet el nashrlari”ning “ig‘vogar” harakatlariga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab bayonot berdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “ba’zi chet el nashrlari”ning “ig‘vogar harakatlari”ni qoralab bayonot e’lon qildi.

“So‘nggi vaqtlarda hodisalarni yoritishda xolislik va betaraflikka da’vo qiladigan ba’zi chet el nashrlari ayrim xorijiy davlatlar rahbarlarining Ittifoq davlatini kengaytirish va unga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqidagi asossiz fikrlarini tarqatishda davom etmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan do‘stona munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday ig‘vogar harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidlaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligi va suverenitetini ta’minlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham o‘zi tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lida qat’iy davom etadi”, – deyiladi bayonotda.

29 aprel kuni Rossiyaning “Sputnik” axborot agentligi “Lukashenko O‘zbekistonning Ittifoq davlatiga qo‘shilishini bashorat qildi” sarlavhali xabar tarqatdi. Xabardagi jiddiy siyosiy xato oradan bir hafta vaqt o‘tgan bo‘lsa-da hamon tuzatilmay qolmoqda.

Xabar go‘yoki Belarusning “BelTA” agentligidan olingani ko‘rsatilgan, biroq “BelTA” tarqatgan axborotda bunday ma’lumot yo‘q.

Gap shundaki, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 28 aprel kuni Minskda Rossiyaning Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev bilan uchrashgan. Uchrashuvda Lukashenko yana bir marta Ittifoq davlatining kengayishi haqida gapirgan.

“Sizlarning sharofatingiz bilan mana shunday hamkorlik aloqalariga egamiz va yagona Ittifoq davlatini yangi tamoyillar asosida qurishga intilyapmiz, toki hech kim norizo bo‘lmasin, suveren va mustaqil davlatlar – Belarus va Rossiya taraqqiy etsin. Bunday ittifoqqa, ishonchim komilki, sobiq Sovet ittifoqining boshqa respublikalari ham qo‘shiladi”, degan u (video).

Belarus rahbari SSSRning boshqa respublikalari deganda aynan qaysilarini nazarda tutayotganiga bu safar aniqlik kiritmagan, ya’ni aniq bir davlat nomini tilga olmagan. Oradan bir kun o‘tib “Sputnik” agentligi bergan xabarda esa Lukashenko go‘yoki o‘z so‘zida Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston va Armaniston ham Ittifoq davlatiga qo‘shilishini aytgani ta’kidlangan.

Xabarda Lukashenkoning fevral oyida jurnalist Vladimir Solovyov bilan intervyuda aytgan so‘zlari yuqoridagi abzatsda keltirilgan 28 apreldagi so‘zlardan so‘ng aytilgandek ko‘rsatilgan, uch oy oldingi iqtibos so‘zma-so‘z ko‘chirib qo‘yilgan.

Ayni bir xato “Sputnik”ning ham O‘zbekiston, ham Tojikistonga mo‘ljallangan saytlarida birdek takrorlangan, har ikkisida ham hamon to‘g‘rilanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Lukashenkoning fevral oyidagi bayonotiga javoban O‘zbekiston tomoni “maslahatchi”larga o‘z ishlari bilan shug‘ullanishni tavsiya qilgan edi.

Yanvar oyida esa Belarus rahbari Qozog‘istondagi tartibsizliklardan eng avvalo O‘zbekiston o‘ziga xulosa chiqarishi kerakligini iddao qilgach, prezident Shavkat Mirziyoyev tahdidlarga munosib javob qaytarish uchun O‘zbekistonning o‘z salohiyati yetarli ekanini aytgandi.

  • Ma’lumot uchun, aprel oyida Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Jyenevada BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashgan, tomonlar xorijning turli agressiv targ‘ibotlaridan himoyalanish bo‘yicha hamkorlikka kelishib olgan edi.
  • Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'ga bergan intervyusida Rossiya nazoratidagi OAVning O‘zbekiston jamiyatida haddan tashqari katta o‘ringa ega ekanidan xavotir bildirgan edi. U Kreml bir kun kelib o‘zbek mediamakonida katta ta’sirga ega ekanidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Mavzuga oid