Jahon | 20:46 / 26.05.2022
18059
23 daqiqa o‘qiladi

«Birinchi tuzatishga amal qil!»: AQSh bosh qomusiga qanday tuzatishlar kiritilgan?

Filadelfiyadagi Konstitutsiya konventi. Konstitutsiyaning imzolanishi

O‘zbek siyosatining eng so‘zamol vakillaridan bo‘lmish Akmal Saidov «dunyoda konstitutsion islohotlar sharpasi kezib yurgani» haqidagi iborasi bilan yana katta sahnaga chiqdi. Ikki marta prezidentlikka nomzod bo‘lgan Saidov Konstitutsion islohot komissiyasi raisi bo‘ldi. Uning fikricha, konstitutsiya dogma kabi qotib qolmasligi, kelajakdagi harakatlar uchun yo‘nalish berishi kerak.

Saidov hatto AQSh konstitutsiyasi ham o‘zgartirilganini ta’kidladi. Xo‘sh, AQSh konstitutsiyasiga qanday tuzatishlar kiritilgan? Nega davlatchiligi «kechagina paydo bo‘lgan» AQSh konstitutsiyasiga etalon sifatida qaraladi?

1776 yilda ingliz mustamlakasidan ozod bo‘lgan AQSh 11 yil o‘tib o‘z konstitutsiyasiga ega bo‘ladi. «Ulkan suvlikning narigi tomonida joylashgan yangi yer»da paydo bo‘lgan Amerika tabiiyki davlatchilik «kechagina paydo bo‘lgan» o‘lka hisoblanadi. Ammo zamonaviy dunyoda bu davlat shunchalik rivojlanib ketdiki, undagi qonunchilik, unga rioya qilish etalonga aylanib qoldi. Shu sabab Akmal Saidov O‘zbekiston konstitutsiyasi islohotga muhtojligini gapirar ekan, hatto AQShda ham bosh qomusni o‘zgartirishganini misol qilib keltirdi.

1787 yilda qabul qilingan AQSh konstitutsiyasi juda ixcham ko‘rinishda deyish mumkin. U 7 ta modda va 27 ta tuzatishdan iborat. Moddalar avval yozilgan, keyinchalik kiritilgan tuzatishlar esa alohida kiritilgan. Konstitutsiyada kiritilgan har bir tuzatish bir bandga ajratilib, uning qachon qabul qilingani qayd etib qo‘yilgan.

AQShgacha ham konstitutsiya unsurlariga ega qomuslar bo‘lgan, masalan, 16 asrda Litva knyazligida. Lekin zamonaviy dunyo davlatchiligida AQSh konstitutsiyasiga birinchi konstitutsiya deb qaraladi. 1787 yil 17 sentabrda Filadelfiyada qabul qilingan AQSh konstitutsiyasi o‘sha vaqtda mamlakatga asos solgan 13 shtat ratifikatsiyasidan keyin kuchga kirgan.

Hozirgacha AQSh konstitutsiyasiga 27 ta tuzatish kiritilgan. Dastlabki tuzatish konstitutsiya qabul qilinganidan 2 yil o‘tib taklif qilingan va 1971 yilga borib kuchga kirgan. Birinchi o‘zgartirish paketidan 10 ta tuzatish o‘rin olgan. XVIII asrda yana bir tuzatish kiritiladi va u sud bilan bog‘liq. 11-tuzatish rasman «Shtatlarning sud immuniteti» deb ataladi unda shunday yozilgan: «Shtatlarda yashovchi kimgadir qarshi berilgan ariza federal sudlar tomonidan emas, o‘sha shtatdagi sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak».

XIX asrda AQSh konstitutsiyasiga jami 4 marta tuzatish kiritiladi. Xususan, saylovda ovoz berish jarayoniga o‘zgartirish kiritilib, AQShdagi bugungi murakkab saylov tizimi yuzaga keladi. 1865 yilda esa AQShda rasman qullikka barham berilgani mamlakat konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yiladi. Keyingi ikki o‘zgarish bilan AQSh fuqarolarining tenglik huquqi ta’minlanadi, qizil tanlilar va qora tanli sobiq qullarga ham saylash huquqi beriladi.

Eng ko‘p o‘zgarish XX asrda amalga oshiriladi. O‘tgan asr mobaynida AQSh konstitutsiyasiga 12 ta tuzatish kiritiladi. Xususan, daromad solig‘i, ayollarning saylov huquqi, prezident va Kongressning saylanish muddatlari, bir kishi ikki martadan ortiq prezident bo‘la olmasligi, 18 yoshdan saylash huquqi va senatorlarga beriladigan qo‘shimcha huquqlari XX asrdagi tuzatishlar asosida AQSh konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yiladi.

Quyida AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan barcha o‘zgarishlar sanab o‘tiladi.

1-TUZATISh. So‘z erkinligi, e’tiqod erkinligi, matbuot erkinligi, majlis erkinligi, petitsiya berish erkinligi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

AQShda konstitutsiyaning har bir moddasiga amal qilish siyosiy madaniyatga aylangan, ammo mamlakat bosh qomusiga kiritilgan birinchi tuzatish amerikaliklar uchun ayniqsa qadrli hisoblanadi. Unga ko‘ra, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, e’tiqod erkinligi, majlis o‘tkazish va petitsiya (norozilik) yig‘ish erkinligi qat’iy belgilab qo‘yiladi. Bu huquqlarning ta’minlanishini amerikaliklar shunchaki «Birinchi tuzatishga amal qil» deb talab qilishadi.

Birinchi tuzatishda Kongress hech qachon e’tiqod erkinligi, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, majlis yoki petitsiya yig‘ish erkinligini cheklovchi qonun chiqarmasligi belgilab qo‘yilgan.

2-TUZATISh. Qurol saqlash va uni olib yurish huquqi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

«Yaxshi tashkil etilgan politsiya mustaqil davlat xavfsizligi uchun muhim bo‘lgani kabi fuqarolarning qurol olib yurishi va uni saqlash huquqi buzilmasligi kerak», deyiladi ikkinchi tuzatishda.

Amerikaliklar orasida eng ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘ladigan tuzatish mana shu deyish mumkin. Mamlakatda erkin qurol olib yurish, saqlash, sotib olish o‘z navbatida qurol-yarog‘ kontrabandasini ham kuchaytirgan. Shu sabab AQShda ota-onasidan arazlagan o‘smir yigit yoki atrofdagilar e’tiboridan chetda qolgan qariya odamlar to‘planadigan joyga borib, ko‘ziga ko‘ringan odamni otib tashlashi yangilik emas. 24 may kuni Texasda mana shunday beboshlik 21 kishi o‘limiga sabab bo‘ldi. Ulardan 19 nafari 9-10 yoshli bolalar edi.

3-TUZATISh. Harbiylar shaxsiy uylarga egasining roziligisiz kirishi taqiqlanadi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

Bu tuzatishda qisqagina qilib shunday deb yozilgan: «Hech bir askar tinch zamonda ham, harbiy holatda ham shaxsiy uylarga egasining roziligisiz kirishi mumkin emas; harbiy holatda istisno tariqasida bunga ruxsat berilishi mumkin, lekin tartibga soluvchi qonun asosida».

4-TUZATISh. O‘zboshimchalik bilan tintuv olib borish va hibsga olish taqiqlanadi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

Bu tuzatishda kimningdir uyida tintuv o‘tkazish uchun asossiz order berish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, orderda tintuv o‘tkaziladigan manzil, bu uchun keltirilgan asos, agar mavjud bo‘lsa, tintuv obekti aniq ko‘rsatilishi shart.

5-TUZATISh. Jinoiy protsessual jarayonga jalb etilganlar uchun kafolatlar. Bitta huquqbuzarlik uchun takroran javobgarlikka tortish taqiqlanadi; o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik huquqi taqdim etiladi; rekvizitsiya jarayonida kafolatlar beriladi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

Sudlanuvchilar huquqlarini ta’minlash uchun kiritilgan beshinchi tuzatishga ko‘ra, davlat hech kimning mulkini tovonsiz tortib olishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, bu tuzatish bir jinoyat uchun qayta javobgarlikni taqiqlaydi. Ya’ni fuqaro sudda oqlanadigan bo‘lsa, o‘sha ilgari surilgan ayblov bilan boshqa hech qachon ayblanmaydi.

6-TUZATISh. Ayblanuvchilar huquqlari va hakamlar hay’atining sud muhokamasi huquqi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

Bu tuzatishga ko‘ra, har qanday ayblanuvchi o‘sha okrug yoki shtatda ochiq va tezda sud qilinish huquqiga ega. Ayblanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblov bilan tanishib chiqishi, ishga guvohlar jalb etishi va o‘z himoyasi uchun advokat xizmatidan foydalanish mumkin.

7-TUZATISh. Fuqarolik ishlarini sudda ko‘rib chiqish huquqi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

Bu tuzatishda 20 dollardan ko‘proq qiymatdagi mulk tortishuvda bo‘lgan har qanday fuqarolik ishlari sudda ko‘rilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.

8-TUZATISh. Haddan tashqari katta miqdordagi garov va jarimalarni, shafqatsiz va g‘ayrioddiy jazolarni taqiqlash.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

9-TUZATISh. Konstitutsiyada mustahkamlangan huquqlar boshqa huquqlarga soya soladi, deb talqin etilmasligi kerak.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

To‘qqizinchi tuzatishga ko‘ra, konstitutsiyada mustahkamlangan huquqlar insonlar orasidagi boshqa huquqlarga daxl qilmaydi yoki ularni rad etmaydi. Ya’ni boshqa qonun hujjatlarida belgilangan barcha huquqlar konstitutsiyada qayd etilmagan bo‘lmasa-da, amalda bo‘ladi.

10-TUZATISh. Konstitutsiyada davlat hal qilishi belgilanmagan masalalar shtatlar ixtiyoriga qoldiriladi.

1791 yil, 15 dekabrda kuchga kirgan.

Ushbu tuzatish bilan shtatlarga boshqa hududlardan o‘zgacha tarzda rivojlanish uchun ulkan imkoniyat beradi. AQShda shtatlarning huquqlari o‘ninchi tuzatish bilan emas, federal hukumat bilan kafolatlangani aytiladi. Bu tuzatishda shtatlarga qandaydir huquq berilishi haqida gap bormagan bo‘lsa-da, ularning huquqlari qaysidir bosqichda chegaralanmasligiga ham ishora qiladi. Aynan shu sabab AQShning turli shtatlarida turlicha tartiblar, qonunlar cheklovlar va erkinliklar bo‘lishi odatiy holat. AQSh davlatchiligining eng asosiy omillaridan biri federallik hisoblanadi va o‘ninchi tuzatish mana shu yo‘nalishda shtatlarga katta imkoniyat, mustaqillik beradi.

11-TUZATISh. Shtat sudlari immuniteti: biror shtatda yashovchi fuqaroga qarshi berilgan da’vo arizasi federal sudlarda emas, o‘sha shtat sudida ko‘rib chiqiladi.

AQSh konstitutsiyasiga XVIII asrda kiritilgan oxirgi o‘zgartirish bo‘lmish 11-tuzatish 1795 yil 7 fevralda kuchga kirgan. Bu tuzatishda nazarda tutilgan talab shuki, shtatlarda qonunchilikdagi farqlar inobatga olingan holda sud ishlari shtatlarning o‘zida ko‘rib chiqilishi kerak. Bu tuzatish shtatlar hududiy yaxlitligini ta’minlash kafolatlangan konstitutsion huquqning amaldagi ijrosi hamdir. Ya’ni shtatlarni boshqa shtat fuqarolari tomonidan beriladigan da’vo arizalaridan himoya qiladi.

12-TUZATISh. Prezident saylovlarida ovoz berish tartibini o‘zgartirish. 1804 yil 15 iyundan kuchga kirgan.

XIX asrdagi AQSh konstitutsiyasiga ilk tuzatish 1804 yilda kiritiladi. 12-tuzatishga qadar AQShda vakillar faqat prezidentga ovoz bergan. Saylovda ikkinchi o‘rinni olgan nomzod esa vitse-prezident bo‘lgan. O‘z navbatida, bir shtatdan ikki nomzodga ovoz berish bo‘yicha taqiq o‘z kuchida qolgan. Hozir prezidentlikka nomzodlar vitse-prezident lavozimini o‘zlari taklif qilishmoqda.

12-tuzatish kiritilishiga 1800 yildagi prezidentlik saylovlarida yuzaga kelgan mojaro sabab bo‘ladi. Aynan o‘sha saylovda konstitutsiyadagi saylov bo‘yicha kamchiliklar ko‘rinib qoladi. Tomas Jyefferson va Jon Adams bir xil ovoz olib, g‘olibni Vakillar palatasi aniqlab berishi kerak bo‘ladi. Oxir-oqibat manfaatlar to‘qnashuvi sabab saylov haqqoniy o‘tganiga shubha kuchayadi. Shu sabab tezda konstitutsiyada bu borada tuzatish kiritish harakati boshlanadi.

Aynan AQShdagi murakkab saylov tizimi sabab 2016 yilgi saylovlarda Donald Tramp demokratlar vakili Hillari Klintonni mag‘lub etadi. Klintonga Trampdan ko‘ra 3 million ko‘proq odam ovoz beradi, lekin vakillar ovozlari soni hal qiluvchi bo‘lgani uchun Tramp yutib ketadi. Saylovchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga ham, o‘z shtatlarida belgilangan vakillarga ham ovoz beradi. Vakillarga berilgan ovozlar saylov natijasini hal qiladi. Vakillar shtat aholisi soniga qarab belgilanadi. Masalan, eng ko‘p vakillar Kaliforniyada.

13-TUZATISh. Quldorlik bekor qilinishi.

1865 yil 6 dekabrda kuchga kirgan.

13-tuzatish nafaqat AQShdagi, balki dunyodagi hayot tarzini o‘zgartirib yuboradi. Unga ko‘ra, AQShda quldorlik taqiqlanadi va qullar ozod qilinishi belgilab qo‘yiladi. AQShda millionlab qullar ozod etiladi, qul olib kelib sotishga chek qo‘yiladi. Shundan so‘ng, Markaziy va Janubiy Amerikada ko‘plab davlatlar quldorlikni bekor qila boshlaydi. Shu tariqa, Afrikadan odamlarni qul qilib olib ketish deyarli yo‘qolib ketadi.

13-tuzatish mualliflaridan biri 1861-1865 yillarda AQSh prezidenti bo‘lgan ilk respublikachi Avraam Linkoln edi. Bu tuzatishga qaramay, AQShda quldorlikni bekor qilish jarayoni oson kechmaydi. O‘sha paytda ko‘plab qullarga ega bo‘lgan janublik mulkdorlarning aksariyati bu tartibga qarshi chiqadi. Ular orasida shtat gubernatorlari, shtatlardagi Vakillar palatasi a’zolari va boshqa yuqori martabali mansabdorlar ham bo‘lgan. Quldorlik bekor qilinadigan bo‘lsa, janubiy shtatlar AQSh tarkibidan chiqib o‘z konfederatsiyasini tuzishini ma’lum qiladi va o‘rtada urush boshlanadi. Besh yilga yaqin vaqt davom etgan urushda quldorlikka qarshi bo‘lgan Shimolning qo‘li baland keladi va AQShda quldorlik barham topadi.

14-TUZATISh. AQSh fuqarolarining tengligi kafolatlanib, shtatlar uchun bu tenglikka daxl qiluvchi qonun qabul qilinishi taqiqlanadi; biror shtatdagi saylovlar vaqtida ma’lum bir toifa fuqarolarning huquqlari cheklansa, o‘sha shtatning Vakillar palatasidagi o‘rni qisqartiriladi; AQShga qarshi qo‘zg‘olonlarda qatnashgan insonlar shtatlar ma’muriyatida ishlashi taqiqlanadi; fuqarolarga AQShga dushmanlik kayfiyatida bo‘lgani yoki qullarini ozod qilgani bilan bog‘liq yo‘qotishlarni qoplab berish taqiqlanadi.

1868 yil 9 iyulda kuchga kirgan.

Ushbu tuzatishda AQShda tug‘ilgan yoki fuqarolik olgan barcha teng huquqli ekani belgilangan. Shtatlarga ma’lum toifa fuqarolarni kamsitish taqiqlangan.

15-TUZATISh. Qora tanli sobiq qullar va qizil tanlilarga faol saylash huquqi taqdim etiladi.

1870 yil, 3 fevralda kuchga kirgan.

15-tuzatishga qadar AQShda qora tanli sobiq qullar va qizil tanlilar saylash huquqiga ega bo‘lmagan. «Saylov huquqi Qo‘shma Shtatlar yoki biror shtat tomonidan fuqaroning irqi va tanasining rangiga qarab cheklanishi kerak emas», deb aniq yozib qo‘yilgan XIX asrda AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan oxirgi tuzatishda.

16-TUZATISh. Mamlakatning barcha hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri federal budjetga borib tushadigan daromad solig‘i joriy etiladi.

1913 yil 3 fevralda kuchga kirgan.

Avvalgi asrda irqiy xilma-xillik, qulchilik kabi insonlarni kamsitgan qarashlarni cheklovchi tuzatishlar kiritilgan bo‘lsa, XX asrdagi tuzatishlar soliq islohoti bilan boshlanadi. 16-tuzatishga qadar shtatlar yig‘ilgan barcha soliqlarni o‘zida qoldirib, federal budjetga soliq topshirmagan. Yangi tartibdan keyin esa daromad soliqlari markazlashgan tartibda yig‘ib olina boshlagan.

17-TUZATISh. Senat a’zolarini to‘g‘ridan to‘g‘ri saylashni joriy qilish.

1913 yil 8 aprelda kuchga kirgan.

Bu tuzatishga qadar senatorlarni saylovchilar emas, balki shtatlarning qonun chiqaruvchi organi saylagan. 17-tuzatishda har bir shtatdan Senatga mahalliy fuqarolar tomonidan ikki nafar senator 6 yilga saylanishi, har bir senator bitta ovozga ega bo‘lishi, shtatlarning Senatdagi o‘rni vakant bo‘lib qolsa, mahalliy boshqaruv organi navbatdan tashqari saylov tashkil etishi belgilab qo‘yilgan.

18-TUZATISh. Alkogol ichimliklar ishlab chiqarishni taqiqlovchi «quruq qonun» qabul qilingan (keyinchalik 21-tuzatish bilan bekor qilingan).

1920 yil 17 yanvardan kuchga kirgan.

«Quruq qonun»ga ko‘ra, AQSh hududida spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish, tashish va sotish taqiqlanadi. O‘sha paytda AQShda turli siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar talabi bilan ushbu tuzatish joriy qilinadi. Ammo ularni iste’mol qilish taqiqlanmagan. Bu tuzatish keyinchalik 21-tuzatish bilan bekor qilingan.

19-TUZATISh. Ayollarga faol saylash huquqi berish joriy qilinadi.

1920 yil 18 avgustda kuchga kirgan.

Bu tuzatish gender tengligini ta’minlash yo‘lidagi katta qadam bo‘ladi. Demokratik tamoyillarga asoslangan AQShda 19-tuzatishga qadar ayollar saylash huquqiga ega bo‘lmagan.

20-TUZATISh. Prezident va Kongressning faoliyat muddati tugash sanalari belgilangan.

1933 yil 23 yanvarda kuchga kirgan.

Bungacha prezidentlik muddatlari, hech bir amerikalik ikki martadan ortiq mamlakat prezidenti bo‘la olmasligi belgilab qo‘yilgandi. 20-tuzatishga qadar AQSh prezidentlari vakolat muddati tugagan yilning 4 martigacha prezident sifatida faoliyat olib borgan va Oq uyda yashagan. Shuningdek, yangi saylangan prezident ham shu sanada qasamyod qilgan. 1933 yil 23 yanvardan kuchga kirgan 20-tuzatish bilan ana shu muddat 4 martdan 20 yanvarga ko‘chiriladi. O‘shandan buyon muddati tugayotgan prezident 20 yanvar sanasida Oq uyni bo‘shatadi, hatto aniq vaqt ham belgilab qo‘yilgan – soat 14:00da.

20-tuzatishda saylangan prezident qasamyod qilguncha o‘z faoliyatini davom ettira olmaydigan holatda bo‘lsa, uning o‘rnini saylangan vitse-prezident egallashi, agar u ham layoqatsiz bo‘lib qolsa, vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi Kongress tomonidan belgilanishi qayd etilgan. Odatda bu Kongressning eng yoshi katta vakili bo‘ladi.

21-TUZATISh. 18-tuzatish bekor qilinadi; o‘z navbatida shtatlar doirasida spirtli ichimliklar aylanmasiga cheklovlar joriy etiladi.

1933 yil 5 dekabrdan kuchga kirgan.

AQSh davlatchiligi tarixida konstitutsiyaga kiritilgan tuzatish faqat bir marta bekor qilingan. Bundan kelib chiqadiki, keyinchalik ham AQSh konstitutsiyasidagi biror tuzatish faqat boshqa bir tuzatish bilan bekor qilinadi. O‘sha vaqtda turli shtatlardagi qonunchilik allaqachon bir-biridan farq qila boshlagani sabab boshqa shtatga yoki AQSh tasarrufidagi hududga spirtli ichimliklarni olib borish taqiqlangan. Bu boradagi tartibni shtatlarning ichki qonunchiligi nazorat qila boshlagan.

22-TUZATISh. Bir kishi ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishi taqiqlanadi.

1951 yil 27 fevralda kuchga kirgan.

Ushbu tuzatishga qadar ham AQShda bir kishi faqat ikki muddat prezidentlik qilishi borasida tartib bo‘lgan, ammo u konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilmagan. AQShning ilk prezidenti Jorj Vashingtonga u ikki muddat prezidentlik qilganidan so‘ng uchinchi muddatga ham o‘z nomzodini qo‘yish taklif qilingan, ammo Vashington buni rad etib, o‘zidan keyingi prezidentlarga ham ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilmaslikni tavsiya qiladi. Vashington bir kishi mamlakatni uzoq vaqt boshqarishi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini aytgan.

Shu tariqa, Vashingtonning tavsiyasi yozilmagan qoidaga aylanadi va AQSh prezidenti bo‘lgan shaxslar unga og‘ishmay amal qilib keladi. Faqat bir prezident, 1933-1945 yillarda AQShni boshqargan Franklin Ruzvelt mamlakatni ikki muddatdan ortiq boshqargan. 1929-1932 yillarda yuz bergan iqtisodiy va moliyaviy inqirozdan mamlakatni muvaffaqiyatli olib chiqqani uchun Ruzveltga o‘z nomzodini ikki muddatdan ortiq prezidentlikka qo‘yishga ruxsat beriladi. U jami to‘rt marta AQSh prezidenti etib saylanadi va to‘rtinchi muddatining boshida vafot etadi.

O‘sha vaqtda vitse-prezident bo‘lgan Harri Trumen Ruzvelt o‘rniga prezident bo‘ladi va 1947 yilda bir shaxsning mamlakatni uzoq boshqarishi demokratiyaga zidligini aytib, ikki muddat qoidasini qonun bilan mustahkamlab qo‘yishni taklif qiladi. Shundan so‘ng, AQSh konstitutsiyada ikki muddat qoidasi belgilab qo‘yiladi.

Mustaqil Amerikani Ruzveltgacha 31 nafar, undan keyin esa 13 nafar prezident boshqardi, ammo ularning birortasi mamlakatni uzoqroq boshqarish uchun Jorj Vashingtondan qolgan norasmiy qoidani buzmagan yoki prezidentlik muddatini uzaytirishga urinmay ikki muddat prezidentlik qilgach, o‘z o‘rnini navbatdagi prezidentga bo‘shatib beravergan. AQSh davlatchiligidagi bu o‘zgarmas qoida keyinchalik dunyo bo‘ylab tarqaladi.

Ushbu tuzatish 4 yil davomida muhokama qilingach, kuchga kirgan.

23-TUZATISh. Prezidentlik saylovlarida Vashington shahri Kolumbiya okrugidan alohida qilinib, boshqa shtatlarda bo‘lgandek miqdorda vakillar bo‘lishi va ularning soni aholisi eng kam shtatdagidan kam bo‘lmasligi belgilanadi.

1961 yil 29 martdan kuchga kiradi.

Ushbu tuzatish bilan AQSh poytaxti Vashington shahri saylovlarda qonunan boshqa shtatlar bilan tenglashtiriladi.

24-TUZATISh. Soliq to‘lamaganlik uchun saylash huquqidan mahrum qilishni cheklash.

1964 yil 23 yanvarda kuchga kiradi.

Ushbu tuzatishda AQSh fuqarolarining saylash huquqiga soliq to‘lamagani daxl qilmasligi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra hech bir shtat AQSh fuqarosiga soliq to‘lamagani uchun saylash huquqini taqiqlay olmaydi. Bu tuzatishga qadar shtatlarda fuqarolardan soliqni undirish maqsadida soliq to‘lamaganlar saylovga qo‘yilmagan. AQShda saylovlarga juda jiddiy e’tibor beriladi va shu sabab saylash huquqidan mahrum qilish ko‘pchilik uchun kamsitishdek tuyulgan.

25-TUZATISh. Amaldagi prezidentning vakolatlari muddatidan oldin tugatilganda uning vakolatlarini vitse-prezidentga o‘tkazish, o‘z navbatida vakantga aylangan vitse-prezident lavozimini to‘ldirish tartibi belgilanadi.

1967 yil 23 fevralda kuchga kirgan.

Bu tuzatishga ko‘ra, prezident vafot etsa, uning o‘rnini vitse-prezident egallaydi. Bo‘sh qolgan vitse-prezident lavozimiga prezident o‘z nomzodini taklif qiladi. Kongressning ikki palatasi tasdig‘idan o‘tsa, vitse-prezident lavozimga kirishadi.

26-TUZATISh. Butun AQSh hududida saylovda ovoz berish huquqi 18 yoshdan boshlanishi belgilab qo‘yildi.

1971 yil 1 iyulda kuchga kirgan.

27-TUZATISh. Senatorlar va vakillarning ish haqlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun Vakillar palatasi qayta saylangandan so‘ng kuchga kiradi.

Bu AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan hozircha eng oxirgi tuzatish hisoblanadi. 1789 yil 25 sentabrda taklif qilingan tuzatish 1992 yil 5 mayda kuchga kiradi. Ya’ni tuzatish 203 yil o‘tib tasdiqlanadi. AQSh konstitutsiyasiga kiritiladigan tuzatishlar barcha shtatlar ratifikatsiya qilgachgina kuchga kiradi. 27-tuzatishni Missuri va Alabama shtatlari 1992 yil 5 mayda ratifikatsiya qiladi va shu tariqa 1789 yilda taklif qilingan tuzatish 1992 yilda kuchga kiradi.

Bu tuzatishga ko‘ra, senatorlar yoki vakillar o‘z maoshlarini oshirish uchun qandaydir qonun qabul qila olmaydi. Agar bu borada qonun ishlab chiqib, tasdiqlansa ham, faqat Vakillar palatasi a’zolari qayta saylangach kuchga kiradi. Ya’ni qonunchilar amalda o‘zidan keyin keladigan odamlarninggina maoshini qonun bilan ko‘tarishi mumkin.

Mavzuga oid