Jamiyat | 23:52 / 24.06.2022
35467
2 daqiqa o‘qiladi

Toyloqda sodir bo‘lgan YTHda 2 nafar IIB xodimi va bir fuqaro halok bo‘ldi. Yana 5 nafar fuqaro jarohatlandi

Samarqand viloyati Toyloq tumanida IIB xodimlari bilan sodir bo‘lgan YTH haqida rasmiy ma’lumot berildi. 

Foto: IIV axborot xizmati

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 23 iyun kuni soat 00:30 larda A-377 Samarqand-Ayniy xalqaro avtomobil yo‘lining Toyloq tumani Charog‘bon mahallasi hududidan o‘tuvchi 7-kilometrida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Toyloq tumani IIB HPB profilaktika inspektori leytenant M.Xursandov boshqaruvida bo‘lgan «Nekciya-2» mashinasi yo‘lning Urgut yo‘nalishi tomoniga qayrilayotganda, qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan Toyloq tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan A.P. boshqaruvida bo‘lgan «Malibu» mashinasi bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Oqibatda, «Nekciya-2» mashinasida bo‘lgan M.Xursandov, Toyloq tumani IIB HPB katta profilaktika inspektori mayor R.Razzoqov hamda Toyloq tumanida yashovchi, 1957 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.M. og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

«Nekciya-2» mashinasida bo‘lgan, Toyloq tumanida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan A.I. va 1994 yilda tug‘ilgan N.M. hamda «Malibu» haydovchisi A.P., unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toyloq tumanida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan A.M. va 2004 yilda tug‘ilgan A.R. tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2022 yil 23 iyun kuni Toyloq tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid