– O‘zbekistonda iyulning ikkinchi yarmida elektr energiyasi ta’minotida avvaliga qisqa muddatli uzilishlar kuzatildi. Jazirama avjiga chiqqan kunlari esa joylarda soatlab, sutkalab elektr bo‘lmadi. Aslida anomal issiq yoz fasli uchun yangilik emas, bu – har yili kuzatiladigan holat. Nima uchun kuz-qish mavsumiga tayyorlanilgani kabi yoz mavsumiga ham tayyorlanilmaydi? Nega kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida nimstansiyalar aynan yoz paytida ta’mirlanadi, shu sababli yuk transformatorlari ishchi holatida bo‘lmaydi?
– Kuz-qish mavsumidagi elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortigi bilan yoz mavsumidagi talabning ortishida juda katta farq bor. Energoqurilmalarimiz o‘z ish rejimida tashqi ob-havo sharoitiga uzviy bog‘liq. Kun qancha sovigani sari transformatorlarimiz yoki yangi turdagi issiqlik elektr stansiyalarimiz bug‘-gaz qurilmalarining ishlash mexanizmi yaxshilanadi.
Lekin issiqda transformatorlar, bug‘-gaz qurilmalari, yoki bo‘lmasam havo-elektr uzatish tarmoqlari zo‘riqib ishlaydi. Jazirama 40 darajadan oshganda transformatorlarni sovitish tizimi ko‘p holatlarda dosh berolmaydi va qizib ketishi tufayli himoyadan o‘chadi.

Shu bilan birga, bir narsani aytib o‘tishim kerak, uzoq muddatli o‘chishlar kuzatilgan, ya’ni sutkalab svet bo‘lmagan joylar ko‘p bo‘lgani yo‘q, bu o‘zimizni oqlash emas. Yuzaga kelgan avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etishga harakat qildik.
Kuni kecha o‘zim ham bitta avariyaning tepasida turib, elektr liniyalarini mumkin qadar tezroq ta’mirlab ishga tushirdik.
Muammo nimada? Infratuzilma haqiqatan ham juda eskirib ketgan. Mana, oddiy misol, o‘zim borgan joydagi kabel tarmog‘i ellik yildan ortiq xizmat qilgani ma’lum bo‘ldi. Biz uning uzilgan joyini topib, ta’mirlashimizga u qadar ko‘p vaqt ketgani yo‘q, lekin bir marta zo‘riqib ishlagandan keyin kabel 3-4 joyidan uzilib ketadi. Bittasini topasiz, ta’mirlaysiz. Endi uladim deganingizda, ikkinchi uzilgan joyi chiqadi. Uni topib ta’mirlaysiz, tarmoqqa ulagan vatqingizda keyingi uzilgan qismi aniqlanadi.
Albatta, buning yechimi yagona: kabel tarmoqlarini almashtirishimiz kerak. Bu esa mablag‘ga borib taqaladi. Shu o‘rinda bitta narsani aytib o‘tishimiz kerak, yildan yilga issiqlik elektr stansiyalari, quyosh yoki shamol elektr stansiyalari yoki gidroelektr stansiyalarning yangi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha dasturlarimiz tasdiqlanib boryapti. Bundan tashqari, oldimizda magistral tarmoqlarimizni, ya’ni yuqori kuchlanishli tarmoqlarimizni hamda past kuchlanishli tarmoqlarni rekonstruksiya qilish va modernezatsiya qilish vazifasi turibdi.


















