Chorvoqdagi “Piramida” oromgohi xususiylashtirildi
Davlat tender komissiyasi qaroriga asosan, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chorvoq oromgohi” dam olish maskani “Vip Logistics” MChJ QKga 208 mlrd so‘mga sotildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, mazkur ommaviy savdoda 4 nafar talabgordan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali takliflar kelib tushgan bo‘lib, eng yuqori narxni Vip Logistics taklif qilgan.
Qayd etilishicha, Davaktiv oromgoh sotilishi haqida 2021 yil 7 oktyabrda e’lon bergan. Oromgoh xususiylashtirilgani haqida agentlik saytida 2022 yil 5 iyul kuni ma’lum qilingan. Xususiylashtirish shartlari, xususan xaridor o‘z zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olgan-olmagani bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, VIP Logistics kompaniyasi 2011 yilda Toshkentda ro‘yxatga olingan, joriy ustav fondi qariyb 2,7 mln dollarni tashkil etadi. Faoliyat yo‘nalishi – avtomobil transportida yuk tashish.
Kompaniya 93 foiz hissasiga Harvest Industries L.P., 5,1 foiziga Shokirov Jamshid Abdug‘afforovich, 1,9 foiziga Shokirov Abdug‘affor Shokirovich egalik qiladi. Rahbar sifatida Rahmatullayev Dilmurod Zokirovich ko‘rsatilgan.
Buyuk Britaniyaning Kompaniyalarni ro‘yxatga olish palatasi (Companies House) saytidagi ma’lumotga ko‘ra, Harvest Industries 2012 yilda Shotlandiyada ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning katta nazoratiga ega shaxs sifatida O‘zbekiston rezidenti Tohir Ikromov ko‘rsatilgan.
Harvest Industries O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, 2014 yilda ro‘yxatga olingan “Big Bag Production” MChJning 82,4 foiziga egalik qiladi. Shuningdek, bo‘yoq va lak mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan, ayni paytda tugatilgan “Lok Kolor Sintez” MChJ QKning ham ta’sischisi bo‘lgan.
Jamshid Shokirov reyestrda noturar joy binolarini qurishga ixtisoslashgan Rohat Plasteks kompaniyasining 100 foizlik ta’sischisi sifatida qayd etilgan. U, shuningdek, gazni chuqur qayta ishlash orqali vodorod peroksidi ishlab chiqarish, bu mahsulot bo‘yicha import o‘rnini to‘la qoplash maqsadida tashkil etilgan “Uzbekistan Hydrogen Peroxide” MChJ QKning 85 foizi, Navo Teks va Kanteks Invest nomli tekstil kompaniyalarining 50 foiziga egalik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili “Sijjak” va “Beldirsoy” dam olish maskanlari ham sotuvga qo‘yilgan edi.
Mavzuga oid
16:25 / 20.12.2024
Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi gazdan zaharlanib vafot etdi
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
15:44 / 21.11.2024