O‘zbekiston | 08:54 / 19.08.2022
4233
5 daqiqa o‘qiladi

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan hukumat ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Tegishli hujjat loyihasiga ko‘ra, alohida toifadagi ommaviy tadbir — O‘zbekiston hududida Navro‘z, Mustaqillik, Hayit, Rojdestvo, Pasxa, Yangi yil, ijtimoiy siyosiy, ommaviy madaniy, sport va boshqa turdagi respublika miqyosidagi hamda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan, prezident va Vazirlar Mahkamasi qaror, bayon va topshiriqlariga muvofiq tashkil etiladigan ommaviy tadbirlar.

Birinchi toifadagi ommaviy tadbir – 200 va undan ko‘p kishilar ishtirokida alohida toifadagi ommaviy tadbir toifasiga kirmaydigan, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlari hududida o‘tkaziladigan ommaviy tadbir. Ikkinchi toifadagi ommaviy tadbir – alohida toifadagi ommaviy tadbir hamda birinchi toifaga kirmaydigan ommaviy tadbir.

Ommaviy tadbir o‘tkazishga ruxsatnomalarni berish yoki ruxsatnomalar berishni rad etish, amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish, amal qilishini to‘xtatish yoxud ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlash va vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqishga kiritish, ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibiga rioya etilishini nazorat qilish vakolatli organ huzurida tashkil qilinadigan ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Komissiyalar tarkibiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, ommaviy tadbirlar turiga ko‘ra boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari vakillari hamda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obekti ma’muriyati kiradi.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi komissiyalar tarkibiga Milliy gvardiya hududiy bo‘linmalari vakillari kiradi.

Komissiya tarkibi va ish reglamenti vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya yig‘ilishlari zarurat bo‘lganda o‘tkaziladi. Komissiyaga vakolatli organ rahbarining o‘rinbosari raislik qiladi.

Komissiya:

  • ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqadi;
  • ruxsatnoma berish yoki ruxsatnomalar berishni rad etish, amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlaydi va vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqishga kiritadi;
  • ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
  • bevosita joyga chiqqan holda, ommaviy tadbirni o‘tkazish obekti ma’muriyatida va ommaviy tadbir tashkilotchisida uni o‘tkazish uchun talab qilinadigan sharoitlarni tekshiradi, tekshiruvlarni amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tashkil qiladi, zarur xulosalar va ma’lumotlarni taqdim etish uchun manfaatdor tashkilotlar malakali mutaxassislari va ekspertlarini kelishilgan holda jalb qiladi.

O‘z vazifalarini bajarishda komissiya bevosita joyiga borgan holda, ommaviy tadbirni o‘tkazish obekti ma’muriyatida va ommaviy tadbir tashkilotchisida uni o‘tkazish uchun talab qilinadigan sharoitlarni tekshirish, tekshiruvlarni amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tashkil qilish, zarur xulosalar va ma’lumotlarni taqdim etish uchun manfaatdor tashkilotlar malakali mutaxassislari va ekspertlarini belgilangan tartibda jalb qilish huquqiga ega.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda quyidagilar tumanlar (shaharlar) hokimliklari vazifalari hisoblanadi:

  • tegishli hududda joylashgan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ro‘yxatini o‘z saytlarida e’lon qilish;
  • zarurat bilan, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) so‘roviga asosan o‘z xodimlarining komissiya faoliyatida ishtirokini ta’minlash;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar o‘tkazish haqida xabarnomani olgan kunda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish uchun Milliy gvardiya hududiy bo‘linmasiga (ommaviy tadbir birinchi toifadagi obektda o‘tkazilganda) yoki hududiy ichki ishlar organiga (ommaviy tadbir ikkinchi toifadagi obektda o‘tkazilganda) bildirishnoma yuborish.

Tumanlar (shaharlar) hokimliklari qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Mavzuga oid

E`lonlar