Oxirgi vaqtda ommalashayotgan oshqozon kesish operatsiyalari bloger Kokosh va undan avvalroq aktrisa Halima Ibragimova bilan bog‘liq holatlarda ayanchli oqibatlarini ko‘rsatdi. Kun.uz bu amaliyotning xatarlari, psixologik sabablari va oqibatlarini o‘rgandi.

Bugun ortiqcha vazndan xalos bo‘lib, og‘ir operatsiya orqali bo‘lsa-da chiroyli qomatga ega bo‘lish urfga aylandi. Bu esa “ozdirish biznesi”ni keltirib chiqardi. Instagramʼda diyetologiya va kosmetologiya kurslari, ozdiruvchi dorilar biznesi millionlab daromad keltirmoqda. Reklamalarda buning faqat yorqin tarafi ko‘rsatiladi. Uning xatarlari, psixologik sabablari va oqibatlari haqida bilmaymiz. Yaqinda vayner Kokoshning operatsiyadan keyingi holati, undan avvalroq aktrisa Halima Ibragimovaning o‘limi bu haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladi.

Taniqli shaxslar bilan kelib chiqqan bu muammo oddiy odamlar orasida ham bor. Kun.uz shunday operatsiyani boshdan kechirgan ikki nafar ayol bilan bog‘landi.

Dilorom, 32 yoshda.

Operatsiya qildirganiga: 1,5 yil bo‘ldi.

“Umrim mobaynida o‘zimni yomon ko‘rib yashadim. Hamma meni ‘bo‘g‘irsoq’ deb atagan. Turmush qurdim, farzandli bo‘ldim, lekin ko‘nglimda doim o‘sha og‘riq bor edi. Bir kuni Instagram’da bir blogerni ko‘rdim — “oshqozon operatsiyasi”dan keyin qanday o‘zgarganini ko‘rsatgan. Shu zahoti qaror qildim: men ham shunday bo‘lishim kerak!

Operatsiyadan keyin hayotim keskin o‘zgardi. 30 kilogrammga ozdim. Lekin... men o‘zimni hali ham yaxshi ko‘ra olmadim. Qo‘rquv, tushkunlik, ovqatdan qochish — har kuni men bilan birga. Endi tushunyapman — muammo vaznimda emas, o‘zimni qabul qilmaganimda ekan”.

Aziza, 27 yoshda.

Operatsiya qildirganiga: 8 oy bo‘ldi.

“Men reklama kompaniyasida ishlayman. Ishga olishganda birinchi savol shunday bo‘lgan: “ozish niyatingiz bormi?” Shu savoldan keyin o‘zimni juda noqulay his qildim, negadir miyamga shu narsa o‘rnashib oldi. Keyin operatsiyaga pul to‘play boshladim. 2024 yil fevralda operatsiya qildirdim. Ilk oylarda o‘zimni ajoyib his qildim. Ozdim, ideal qomatimga ko‘ylaklar mos kela boshladi. Lekin keyin... jigarim yaxshi ishlamay qoldi. Temir yetishmovchiligi. Shamollashdan boshim chiqmay qoldi. Ishonasizmi, kun davomida qaysi vitaminimni qaysi paytda ichishim kerakligini o‘ylab yuraman. Chunki shuni ichmasam, mazam qochadi. O‘ylab qolaman – erkin yashashimga nima xalal berayotgan edi oldin deb. Har narsaning narxi bor ekan. Meniki — sog‘lig‘im bo‘ldi”.