Shu paytgacha amaldorlarning yig‘ilishlarda boshqalarni haqorat qilgani, so‘kingani aks etgan audio va videolar internetda ko‘p marta tarqalgan. Lekin To‘ra Bobolov bilan ro‘y bergan holat avvalgilaridan farqli, chunki u prokuratura faoliyatiga aralashib, jazo muqarrarligi ta’minlanishiga qarshi chiqqanki, bu – vakolatlar chegarasidan chiqishni anglatadi hamda viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishiga oid xavotirlarni kuchaytiradi.

O‘zi nima gap?

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov selektor yig‘ilishlaridan birida Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqoratlagan. Suhbat jarayonidan anglash mumkinki, hokim prokurorga tumandagi tadbirkorni chaqirib bezovta qilayotganini aytgan. Bunga javoban Ramazonov: “Davlatning pulini yegani uchun chaqirganman”, deb e’tiroz bildirgan.

Boshqalarning o‘ziga qarshi chiqishiga odatlanmagan hokim tuman prokurorining e’tirozidan so‘ng tutoqib ketib, og‘zidan bodi kirib shodi chiqqan. Bobolovning qanday haqoratlarni ishlatganiga batafsil to‘xtalib o‘tirmaymiz, chunki tafsilotlar bungacha yoritilgan.

Bosh prokuratura audioyozuvlarning haqqoniyligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Hokim jazo muqarrarligi ta’minlanishiga qarshimi?

Aslida hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlar va boshqa tarmoq rahbarlarini haqorat qilishi yangilik emas. Shu paytgacha davlat tashkilotlari rahbarlari, xususan, hokimlarning yig‘ilishlarda boshqalarni haqorat qilgani, so‘kingani aks etgan audio va videolar internetda ko‘p tarqalgan.

Biroq To‘ra Bobolov bilan ro‘y bergan holat avvalgilaridan farqli. Boisi u prokuratura organi faoliyatiga aralashib, jazo muqarrarligini ta’minlanishiga qarshi chiqqanki, bu vakolatlar chegarasidan chiqishni anglatadi hamda viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishiga rahna soluvchi xavotirlarni kuchaytiradi.

Bu safargi audio nimasi bilan xavfli? Gap shundaki, To‘ra Bobolov jon kuydirib himoya qilgan shaxs sud tomonidan korrupsiyaviy jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan bo‘lib, u Angor tumani Bandlik markazining direktori bo‘lib ishlagan vaqtda 30 dan ortiq kambag‘alning nomiga soxta hujjatlar bilan subsidiya ajratgan, biroq bu pullarni egalariga bermasdan jinoiy sheriklari bilan “yeb yuborgan”. Manbalarga ko‘ra, Bobolov tuman prokurori bilan tortishuvida ana shu shaxslar haqida gapirgan.