Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqorat qilgani aks etgan audioyozuv haqida xabar bergan edik. Kun.uz ixtiyoriga Bobolov himoya qilgani aytilayotgan angorlik sobiq amaldorning jinoiy qilmishlariga oid sud hukmi kelib tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 11 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori bo‘lib ishlagan Aziz Yo‘ldoshevga oid jinoyat ishi ko‘rilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Yo‘ldoshev direktorlik vaqtida mansab vakolatini suiiste’mol qilib, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. U “Angor City Tomorqa Xizmat” MChJ rahbari Ardasher Bayirov va “Angor Issiqxona Qurish” MChJ rahbari Azamat Sattorov bilan jinoiy til biriktirgan.
Bandlik markazi boshlig‘i “O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan, tumandagi ishsiz, kam ta’minlangan va kambag‘al oilalarga subsidiya va grantlar asosida issiqxona qurib berishi kerak bo‘lgan. Biroq u 30 dan ortiq kambag‘al va muhtoj odamlar nomidan soxta hujjatlar tayyorlab, fuqarolarning xabardorligisiz yuqoridagi MChJlar rahbarlari bilan uch tomonlama shartnomalar imzolaydi.
Kambag‘allarga qayishishi kerak bo‘lgan rahbar jami 210 388 572 so‘mlik qurilish ishlari bajarilmaganini bilgani holda rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritadi. Natijada subsidiya mablag‘larini MChJ va xususiy korxona hisobraqamiga o‘tkazib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish va rastarata qilish yo‘li bilan talon-toroj qiladi.
“Angor City Tomorqa Xizmat” MChJ rahbari Bayirov 111 004 872 so‘mlik ishlarni qo‘shib yozib, o‘zganing mulkini o‘zlashtiradi. “Angor Issiqxona Qurilish” MChJ rahbari Sattorov esa 99 383 700 so‘mlik qurilish ishlarini bajarmasdan, hisobraqamini to‘ldirib oladi.
Bu ishda o‘ttizdan ortiq jabrlanganlar guvohlik bergan.









